16.7. Tashkilotlardagi nizolarni boshqarish Farmatsevtika tashkilotlaridagi nizolarning obyektiv sabablarini bir nechta turga bo‘lish mumkin:
· tashkilot tuzulmasining hal qilinadigan vazifalarga va „tashqi muhit“ talablariga nomuvofiqligi bilan bog‘liq bo‘lgan tuzulmaviy-tashkiliy;
· tuzulmaviy elementlar bilan alohida ijrochilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqaning oqilona tashkil etilmaganligi oqibatidagi funksional-tashkiliy; · mutaxassislarning shaxsiy xislatlarini egallagan lavozimi talablariga nomuvofiqligi sababli hosil bo‘ladigan, shaxsiyat-tashkiliy; · rahbar yohud qo‘l ostidagi xodimlar tomonidan sodir etilgan xatolarning oqibati hisoblanadigan, vaziyatli-boshqaruv. Rahbar harakatlaridagi nizoni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xatolar ichidan xizmat etikasini (qo‘pollik, hurmatsizlik, takabburlik, qo‘l ostidagi xodimlarning huquqlarini cheklab qo‘yish, xizmat mansabini suiste’mol qilish va boshqalar) hamda mehnat qonunchiligini buzish, qo‘l ostidagi xodimlarga va ularning qilgan ishlariga adolatsiz baho berish kabi xatolar ko‘proq ajratib ko‘rsatiladi.
Nizo — ikki yoki undan ortiq kishilarning qarama-qarshi qarashlari, nuqtayi nazarlari, manfaatlari, maqsadlarining to‘qnashuvi.
Nizoli vaziyat — bu nizoning asl sababini o‘z ichiga oluvchi to‘planib qolgan kelishmovchiliklar.
To‘qnashuv — bu nizoga sabab bo‘luvchi voqealarning bir-biriga to‘g‘ri kelib qolishi.
Nizo — bu ijtimoiy hodisa bo‘lganligi sababli, uni tahlil qilish uchun, avvalo ayrim shaxslar o‘zaro munosabatlarining xususiyatlarini va tashkilotning barqarorligini ta’minlovchi aloqalar buzilishining oqibatlarini e’tiborga oluvchi shaxsiyatli yondoshuvdan foydalaniladi. Nizoni birgalikdagi faoliyatda aloqalar va munosabatlar namoyon bo‘lishini hisobga oluvchi nuqtayi nazardan ham tahlil qilish mumkin.
Nizolarni o‘rganib chiqishda tuzulmaviy va tizimiy-vaziyatli tahlil, modellashtirish uslublaridan, sotsiometriya, ijtimoiy tadqiqotlar va boshqalar qo‘llaniladi.
Turli alomatlardan foydalangan holda nizolarni strukturizatsiya qilish (16.8- jadval) ularga dastlabki tavsifni berish imkonini beradi.