4.5. Erkin iqtisodiy hududlarda imtiyozlar turlari (tashqi savdo, soliq, moliyaviy, ma‟muriy imtiyozlar) Hozirgi kunda, fan va texnika taraqqiyoti ta‟sirida xalqaro mehnat taqsimoti va
ixtisoslashuvining chuqurlashib borishi XX asrning so„nggi choragida jahon xo„jalik
tizimining rivojlanishida globallashuv va xalqaro integratsiya jarayonlarining
jadallashuviga olib keldi. Buning natijasida milliy iqtisodiyotlarning jahon bozoriga
bog„liqligi kuchaydi va tashqi iqtisodiy faoliyat iqtisodiy o„sish va ishlab chiqarish
samaradorligini oshirishning eng asosiy shartlaridan biriga aylandi. Mana shunday
sharoitda har bir mamlakat o„zining iqtisodiy salohiyati va nisbiy afzalliklariga
tayanib eksport salohiyatini oshirib borishga va shu orqali jahon xo„jalik tizimida
o„ziga xos va munosib o„rin egallashga harakat qiladi.
Jahon xo„jalik tizimi rivojlanishidagi bunday yangi tendensiyalar xalqaro
iqtisodiy munosabatlarning turli shakllarini vujudga kelishiga va taraqqiy topishiga
olib keldi.
Ilmiy nashrlarda va xalqaro iqtisodiy tashkilotlar hisobotlarda turli xil
imtiyozlar va yengilliklar taqdim etilgan zonalarni tavsiflashda “Erkin iqtisodiy
zonalar” atamasidan foydalaniladi. Ko„plab mamlakatlarda qo„llaniladigan maxsus
iqtisodiy qoidalar, dastaklar, maxsus mamuriy qonunlar ushbu hududlarni muayyan
huquqiy va xo„jalik tartibidan ozod qilmaydi, balki, uni yyengillashtiradi,
tadbirkorlikni rag„batlantiruvchi imtiyozlarni taqdim etadi.
Jahon amaliyotiga ko„ra, turli mamlakatlarning o„z hududida EIHlarni tuzishda
mahalliy va chet el kapitaliga bojxona, soliq va boshqa moliyaviy hamda ma‟muriy
imtiyozlar taqdim etadi. Ma‟lum turdagi hududga ma‟lum turdagi imtiyoz va
rag„batlar beriladi. Bu imtiyoz va rag„batlarni berishdan maqsad qandaydir aniq
masalani hal etish (masalan, ishlab chiqarish infrastrukturasini ayrim turlarini jadal
suratlar bilan tashkil etish) yoki ayrim turdagi faoliyatni rag„batlantirish (masalan,
eksport ishlab chiqarishini yaratish, bank, informatsion xizmatlarni ko„rsatish va
boshqalar), yohud EIHga investorlarning ma‟lum turini jalb etish (masalan, kichik
yoki yirik kompaniyalar) dan iborat.
Turli xildagi erkin iqtisodiy hududlarning umumiy xarakterga ega bo„lgan
tomoni, qulay investitsion muhitni yaratishidadir. U o„z ichiga bojxona, moliyaviy,
soliq imtiyozlarini oladi. EIH shu yoki boshqa mamlakatdagi faoliyat yuritayotgan
tadbirkorlar uchun qabul qilingan umumiy rejimga nisbatan afzalliklarga ega. Har xil
mamlakat hududidagi imtiyozlar va stimullar bir-biridan farq qiladi, ammo ular
mohiyatan bir- biriga o„xshash.
Erkin iqtisodiy hududni tashkil qilish natijasida paydo bo„lgan tajriba shuni
ko„rsatadiki, ularning har biri uchun o„ziga mos keluvchi imtiyozlar va stimullar
mavjud. Iqtisodiy adabiyotlarda imtiyozlarni to„rtta asosiy guruhga bo„lib
ko„rsatishadi (4.4-rasm).