Dunyoni estetik his qilishga mifologik, diniy, ilmiy va falsafiy yondashuvlar Inson tabiatan bo`sh vaqtga intilib yashaydi. Chunki bo`sh vaqt mobaynida u jisman va
ruhan dam olish, kundalik mehnat, qorin to`ydirish tashvishidan forig` bo`lish imkoniga ega.
Bo`sh vaqt insonda o`yin hissi uyg`onishining asosiy omilidir. San`atning vujudga kelishida
o`yinning ahamiyati katta ekanligi hammaga ma`lum. Demak, estetik anglash va estetik
faoliyatning tadrijiy rivojida mehnat bilan birga bo`sh vaqt ham asosiy omil hisoblanadi. Ichki
osoyishtalikni, mehnat va bo`sh vaqtga asoslangan muayyan tartibni jamiyatda qonun darajasiga
ko`tarish esa, davlat paydo bo`lganda ro`y berishi mumkin. Davlatning o`z vazifasini qanchalik
adolatli va mukammal bajarishi, shunchalik jamiyat farovonligiga olib keladi. Farovon jamiyat
esa, o`z a`zolarining bo`sh vaqtini ta`minlay oladi va pirovard natijada, estetik anglash hamda
estetik faoliyat taraqqiyoti uchun yetarli imkoniyat yaratib beradi. Shunday qilib, davlatchilik
tizimi paydo bo`lishi bilan insonning badiiy-estetik taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Ana shu
davr ibtidosini biz Mesopotamiya-Qo`sh daryo mintaqasida, xususan, Somir davlatida ko`rishimiz
mumkin.
Eng qadimgi diniy tasavvurlarning vujudga kelishida mifologiyaning be`qoyos ahamiyatini
kuzatishimiz mumkin. Bunday qarashlani bizgacha to`liq yoki qisman yetib kelgan miflarda
uchratishimiz mumkin. Jumladan eng qadimgi diniy tasavvur shakllari bo`lmish qadimgi somir
xalqlarida estetik tafakkurning kelib chiqishi mifologiyaga borib taqaladi. Ma`lumki, qadimgi
odam oldida turgan turli xil masalalardan biri estetik tabiatga ega bo`lish muammosi edi. Bu
muammoni o`ziga xos tarzda hal etish uchun u dastlabki usul – mifologiyadan foydalandi. Shu
bois asotirlarni inson yaratgan ilk nafosat konsepsiyasi, falsafiy umumlashma deb atash mumkin;
faqat u nazariy emas, balki badiiy, timsoliy shaklda ifodalangan. Zotan, asotirlardagi badiiy
inglashda inson o`zi haqida, o`zining real borliq go`zalligi bilan bog`liqligi haqida fikr yurtitishga
ilk bor intilad. Bunga dunyoning harakatlanishi, olamning asosini tashkil etuvchi substansiya, unda
insonning o`rni, tabiat qonunlari masalalari mifologik qarashlarning markazida turganligini
ko`rishimiz mumkin.
Mifologik tasavvurlarning kengayib va rivojlanib borishi diniy tasavvur va e`tiqodlarning
shakllanishi uchun fundamental asos vazifasini bajarib bergan. Ma`lumki, har bir diniy e`tiqod
da`vatsiz, targ`ibot-tashviqotsiz keng omma orasiga kirib bora olmaydi. Faqat muqaddas kitoblar
va ibodatxonalar orqaligina ko`zlangan maqsadga erishish qiyin. Shu bois da`vatning yanada
kengroq ta`sir maydoniga ega boshqa ma`naviy hodisalar ko`magida olib borilishi tabiiy zarurat
sifatida yuzaga chiqdi. Natijada asosiy vositalardan biri sifatida din san`atni tanladi. Zero, san`at
barcha ifoda shakllari ichida universalligi bilan ajralib turadi: u birvarakayiga rang-baranglik,
mukammallik va jonlilik xususiyatlariga ega.