Xulosa chiqarish deb, bir va undan ortiq chin mulohazalardan ma’lum qoidalar yordamida yangi bilimlarni keltirib chiqarishdan iborat bo‘lgan tafakkur shakliga aytiladi.
Xulosa chiqarish jarayoni asoslar, xulosa va asoslardan xulosaga o‘tishdan tashkil topadi. To‘g‘ri xulosa chiqarish uchun, avvalambor, asoslar chin mulohazalar bo‘lishi, o‘zaro mantiqan bog‘lanishi kerak.
Masalan, «Aristotel – mantiq fanining asoschisi» va «Platon yunon faylasufidir» degan ikki chin mulohazadan xulosa chiqarib bo‘lmaydi. CHunki bu mulohazalar o‘rtasida mantiqiy aloqadorlik yo‘q.
Xulosa asoslari va xulosa ham o‘zaro mantiqan bog‘langan bo‘lishi shart. Bunday aloqadorlikning zarurligi xulosa chiqarish qoidalarida qayd qilingan bo‘ladi. Bu qoidalar buzilsa, to‘g‘ri xulosa chiqmaydi. Masalan, «Talaba A – a’lochi» degan mulohazadan «Talaba A – odobli», deb xulosa chiqarib bo‘lmaydi.
Deduktiv xulosa chiqarish. Deduktiv xulosa chiqarishning muhim xususiyati unda umumiy bilimdan juz’iy bilimga o‘tishning mantiqan zaruriy xususiyatga egaligidir. Uning turlaridan biri bevosita xulosa chiqarishdir. Faqat birgina mulohazaga asoslangan holda yangi bilimlarning hosil qilinishi bevosita xulosa chiqarish, deb ataladi.
Sillogizmning figuralari va moduslari. Oddiy qat’iy sillogizmning strukturasida o‘rta terminning joylashishiga qarab sillogizmning to‘rtta figurasi farq qilinadi. I figurada o‘rta termin katta asosning sub’ekti, kichik asosning predikati bo‘lib keladi.
II figurada o‘rta termin katta va kichik asoslarning predikati bo‘lib keladi.
III figurada o‘rta termin har ikki asosning sub’ekti bo‘lib keladi.
IV figurada o‘rta termin katta asosning predikati, kichik asosning sub’ekti bo‘lib keladi.
Sillogizm asoslari oddiy qat’iy hukmlar (A, E, I, 0)dan iborat. Bu hukmlarning ikki asos va xulosada o‘ziga xos tartibda (to‘plamda) kelishi modus deb ataladi. «Modus» – shakl degan ma’noni anglatadi. Sillogizm figuralarining o‘ziga xos moduslari mavjud. Har bir figuraning to‘g‘ri moduslarini aniqlashda, to‘g‘ri xulosa chiqarishda sillogizmning umumiy qoidalari bilan birga har bir figuraning maxsus qoidalariga ham amal qilinadi. Figuralarning maxsus qoidalari sillogizm terminlarining o‘ziga xos bog‘lanishi asosida aniqlanadi.