Qadimgi Yunonda, xususan, Geraklit ta'limotida an'anaviy shaklda tarixning davriy paradigmasi birinchi bor o‘z ifodasini topdi. Unga ko‘ra tarix aylanma shaklda harakat qilib, doimo o‘zining dastlabki holatiga qaytadi.
O‘rta asrlarda tarixga diniy, teologik qarash hukmron edi. Tarixiy jarayonning ibtidosi sifatida olamning Xudo tomonidan yaratilishi g‘oyasi qabul qilinib, tarixni harakatga keltiruvchi asosiy kuch ilohiy abadiy vujud hisoblangan.
Ma'rifatparvarlik davridan boshlab tarix dinamikasining sababini tashkil etuvchi asosiy qonun sifatida taraqqiyot g‘oyasidan faol foydalana boshlandi. Fransuz ma'rifatparvarlari Didro, Volter, Dalamber va boshqalar taraqqiyot yo‘nalishining namoyondalari edi.
Jan Antuan Kondorse (1743-1794) bu ta'limotni har tomonlama ishlab chiqishga harakat qildi. Uning fikricha, inson qobiliyatlar rivojining chegarasi yo‘q, shuning uchun «tarix hyech qachon orqaga qaytmaydi», lekin turli bosqichlarda taraqqiyot turli xil tezlikka ega bo‘lishi mumkin8.
XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida tarix falsafasi aksariyat hollarda rivojlanish tarixi edi. Uning eng yuqori cho‘qqisini Xegelning rivojlanish nazariyasi tashkil etdi. Unga ko‘ra, tarix yagona qonuniy jarayon, undagi har bir davr qaytarilmas va o‘ziga xos bo‘lib, insoniyat umumiy rivojining qonuniy bosqichidan iborat. Tarixiy jarayon shuningdek, Mutlaq g‘oya, Tafakkurni o‘zidan-o‘zi cheksiz rivojlanishining natijasidir. Xegel butun jahon tarixiy taraqqiyotida muayyan tarixiy xalqlar «ruhining» hukmronlik davrlari mavjudligi haqida fikr yuritib, uni quyidagi 4ta bosqichga ajratgan – sharq, yunon, rim va german davrlari. Xegel sharq madaniyatini jahon tarixiy taraqiyotining eng qadimiy shakli ekanligini e'tirof etish bilan birga, german madaniyati uning eng so‘nggi va yuksak bosqichi degan g‘oyani ilgari surgan.
XIX asrning 40-yillarida jamiyat va uning rivojlanish tarixiga materialistik qarash shakllangan bo‘lib, uning asoschilari K. Marks va F. Engels uni tarixiy materializm, deb nomlashgan. Bunda tarixning rivojlanishiga tabiiy-tarixiy, qonuniy jarayon sifatida qaralib, uning asosini obyektiv sharoitlar, jamiyat moddiy hayoti ehtiyojlari tashkil etadi, ular asosiy sinflarning manfaatlarida o‘z aksini topadi va antogonistik jamiyatda sinfiy kurash orqali namoyon bo‘ladi. Xegel va Marks tarix falsafasining umumiy xususiyati shundaki, ular tarixga inson ongi va irodasidan tamomila mustaqil mavjud, faqat olg‘a qarab rivojlanuvchi qonuniy jarayon sifatida qaraganlar.
XX asrning ikkinchi yarmidan tarix falsafasining an'anaviy muammolari muayyan ijtimoiy fanlar tasarrufiga o‘ta boshladi. Shu munosabat bilan pozitivizm tarix falsafasining intihosi va uning sotsiologiya bilan almashganini e'lon qildi. Ayni shu davrda Shpengler, Toynbi, P. Sorokin va boshqalarning ijodlarida tarix rivojiga davriy yondoshuvning yangi variantlari ham paydo bo‘la boshladi.
Dostları ilə paylaş: |