Sivilizatsion yondoshuvda sivilizatsion ayniyat (identichnost) mezonlari, ya'ni madaniyatning u yoki bu tipini qanday belgilar asosida aniqlanishi masalasi nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Shunga bog‘liq holda ularning soni, klassifikatsiyasi va o‘zaro aloqadorligi muammosi turlicha hal etiladi. Masalan, O.Shpengler sivilizatsiya shakllanishida dinning belgilovchi ahamiyat kasb etishini ko‘rsatib, 8 ta buyuk madaniyatlar yoki sivilizatsiyalar nomini keltiradi. Bular: misr, bobil, hind, xitoy, appolon (Yunon-rim), arab (afsunkor), Meksika, g‘arb (faust) madaniyatlari yoki sivilizatsiyalaridir11.
A.Toynbi sivilizatsion ayniylikning mezoni sifatida, din, tarix, til, an'ana va madaniyatni qabul qiladi hamda shu asosda 5 ta «jonli» sivilizatsiyalarni ajratadi – g‘arb xristianligi orqali birlashagn g‘arb jamiyati; janubi-sharqiy yevropani Rossiya bilan birlashtirgan pravoslav-xristian jamiyati, Shimoliy Afrikadan tortib Buyuk Xitoy devori hududigacha bo‘lgan – islom jamiyati, tropik-subkontinental Hindistondagi – hind jamiyati, Janubiy-Sharqiy Osiyoning subtropik va mo‘tadil hududlarida shakllangan – Uzoq Sharq jamiyati12.
N.Danilevskiy 10 ta sivilizatsiyani yoki uning iborasi bilan aytganda, madaniy-tarixiy tiplarni farqlaydi. Bular: misr, ossuriya-bobil-finikiya-xaldey (qadimgi somiy), xitoy, hind, eron, yahudiy, yunon, rim, arab (yangi somiy), yevropa (romano-german)13 sivilizatsiyalaridir.
Sivilizatsion konsepsiya tarafdorlari rivojlanishning davriyligi nuqtai nazaridan turib, sivilizatsiyaning vujudga kelish, gullab-yashnash va halokati bosqichlarini ajratadilar. Uni o‘simliklar, jonivorlar va inson hayoti davrlari bilan qiyoslab, sivilizatsiyalar «tug‘iladi, rivojlanishning turli bosqichlaridan o‘tadi, qariydi, so‘nadi, halok bo‘ladi», deb hisoblashadi. Umuman olganda, tarix, ularning fikricha, jahon tarixi miqyosida muayyan tarzda o‘zaro aloqada bo‘lgan, rivojlanib boruvchi lokal sivilizatsiyalar majmuini tashkil etadi, jahon sivilizatsiyasi esa, turli sivilizatsiyalarning o‘zaro ta'siri natijasidir.
Shunday qilib, sivilizatsiya – tarixning madaniy-tarixiy konsepsiyasi nuqtai nazaridan, - sotsiomadaniy asosga ko‘ra bir-biridan farq qiluvchi mamlakat va xalqlarning yirik hamda uzoq davom etadigan mustaqil umumiyati bo‘lib, ularning o‘ziga xosligi tabiiy, oxir-oqibat hayotning obyektiv sharoitlari, shuningdek, ishlab chiqarish usuliga bog‘liq bo‘ladi. Bu umumiyatlar vujudga kelish, shakllanish, inqiroz va barham topish bosqichlarini bosib o‘tdilar.
Formatsion va sivilizatsion yondoshuvlar bir-birlaridan farq qiladi. Ammo bir-birlarini to‘liq inkor etmaydilar, ular bir-birini o‘zaro to‘ldiradi14. Agar formatsion yondoshuv – tarixning ijtimoiy-iqtisodiy kesimi bo‘lib, tarixni moddiy ishlab chiqarish usuli asosida tahlil etsa, sivilizatsion yondoshuv madaniyat omiliga, madaniyatga, asosan, xulq-atvor xarakteriga – an'analarga, urf-odatlarga, turmush tarziga, mentallikka e'tibor qaratadi.
Formatsion yondoshuv jamiyatni vertikal kesmasi bo‘yicha rivojlanishini quyi bosqichdan yuqoriga qarab murakkablashib borishini ko‘rsatsa, sivilizatsion yondoshuv jamiyatni gorizontal yo‘nalishdagi rivojini tarixiy makondagi tarixiy tuzilmalar, sivilizatsiyalar, unda yashovchi, ong va irodaga, muayyan qadriyatlarga ega bo‘lgan kishilarning o‘ziga xos madaniyatlari, turmush tarzlarining tahlilidan iborat.
Formatsion nazariya yangilanishi mumkin va zarur, shu jumladan sivilizatsion yondoshuv elementlari asosida ham. O‘z navbatida sivilizatsion yondashuv ham, insoniyat tarixining yaxlit manzarasini aks ettiruvchi formatsion nazariyaning oqilona elementlari hisobiga yangilanishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |