Falsafa fanining tadqiqot sohasi va predmeti. Dunyoqarash tushunchasi, uning mohiyati va tarixiy shakllari. Falsafa fanining bahs mavzulari va muammolari


Tarixiy bilish metodologiyasi muammolari



Yüklə 0,7 Mb.
səhifə113/228
tarix24.06.2023
ölçüsü0,7 Mb.
#134762
1   ...   109   110   111   112   113   114   115   116   ...   228
FALSAFA MA\'RUZA MATNI

Tarixiy bilish metodologiyasi muammolari. Tarix falsafasining rivojlanishi jarayonida tarixiy bilishga bir qator metodologik yondoshuvlar vujudga keldi. Ularning ichida monistik va plyuralistik; chiziqli va davriy; formatsion va sivilizatsion konsepsiyalar kabi dixotomik qarashlarni keltirish mumkin. Monistik yondoshuv doirasiga marksistik ta'limot va postindustrial jamiyat nazariyalarini kiritish mumkin. Marksistik ta'limot ijtimoiy rivojlanishning ustivor omili, deb ishlab chiqarish usulini tan oladi va shu tamoyil asosida insoniyat tarixi rivojini muqarrar, birining o‘rnini boshqasi egallaydigan besh asosiy formatsiyalar (ibtidoiy jamoa tuzumi, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va kommunizm)ga ajratadi.
Ikkinchi ta'limot – postindustrial jamiyat konsepsiyasi texnikani insoniyat tarixining asosiy omili, deb hisoblaydi va jamiyat tarixini birining o‘rnini keyingisi egallaydigan 3 ta bosqichga bo‘ladi. Bular: an'anaviy (sanoatlashgungacha), sanoatlashgan va postsanoatlashgan (informatsion) jamiyatlar.
Plyuralistik yondoshuv insoniyat tarixining birligini inkor etib, o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan yoki kam bog‘liq bo‘lgan ko‘plab o‘zaro teng qadrli tarixiy tuzilmalar – sivilizatsiyalarning mavjudligini tan oladi, shu asosda insoniyat tarixi rivojlanishining yagona taraqqiyot jarayoni ekanligini inkor etadi.
Chiziqli (yoki progressistik - taraqqiyotparvarlik) yondoshuv namoyondalari tarixiy taraqqiyot g‘oyasini jahon tarixiy rivoji dinamikasining asosini tashkil etuvchi umumiy qonun sifatida qabul qiladilar. Bunda muayyan mezonlarga binoan insonning barcha tabiiy imkoniyatlari ro‘yobga chiqadigan hamda barcha ehtiyojlari qondirilishi mumkin bo‘lgan mukammal jamiyatga yetishishning bosqichlari va davrlari belgilanadi. Bunday maqsadlar sifatida sotsialistik, kommunistik va boshqa utopiyalar ko‘rsatiladi.
Chiziqli rivojlanish konsepsiyasiga muqobil bo‘lgan davriy (siklik) paradigma namoyondalari insoniyat tarixining yagona tarixiy yoki abadiy maqsadga qarab rivojlanishni inkor etadilar. Ularning fikricha, tarix aylanma shaklda harakat qilib, oxir oqibat o‘zining boshlang‘ich holatiga qaytadi. Ushbu nazariyalar qatoriga madaniy-tarixiy yoki sivilizatsion yondoshuv ham kiradi. Unga binoan, insoniyat tarixi – har biri o‘ziga xos shakllanish, rivojlanish va inqiroz bosqichlariga ega bo‘lgan, o‘zaro kam aloqador yoki umuman bog‘liq bo‘lmagan lokal sivilizatsiyalardan tashkil topadi.
Hozirgi davrga kelib, formatsion va sivilizatsion yondoshuvlar dixotomiyasi doirasidagi bahs-munozara keskin tus olmoqda. Ayniqsa, postsotsialistik makonda bir necha o‘n yilliklar davomida hukmron bo‘lib kelgan formatsion, marksistik yondoshuvning qiyinchiliklar bilan bartaraf etilishi yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Avvalgi paragraflarda qayd etilganidek, formatsion nazariya K.Marks nomi, u ishlab chiqqan jamiyat haqidagi ta'limot bilan bog‘liq. Umuman olganda, Marks o‘z davridagi global tasavvurlarga, xususan, Xegelning umumiy qonuniyatlar hamda yagona yo‘nalishga ega bo‘lgan jahon tarixi haqidagi g‘oyalarga ergashgan edi. Bu tasavvurlar tarixga materialistik yondoshuv asosida qayta ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra insoniyat tarixi tabiiy, o‘z ichki qonuniyatlariga ega bo‘lgan, ya'ni kishilar ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda sodir bo‘ladigan formatsiyalarning almashinish jarayonidan iborat. Formatsiya deganda qandaydir empirik jamiyat (ingliz, fransuz yoki boshqa) geopolistik hamjamiyat (Sharq, G‘arb) emas, balki jamiyat ijtimoiy tuzilmasining negizini tashkil etuvchi umumiyat tushuniladi. Ya'ni, formatsiya – jamiyatning muayyan tarixiy tipidir. Har bir formatsiyaning asosini o‘ziga xos ishlab chiqarish usuli tashkil etib, uning strukturasida ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish qurollari, ularning rivojlanish darajasi va xarakteri muhim ahamiyat kasb etadi. Ular ijtimoiy hayotning boshqa sohalari bilan bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqarish munosabatlari siyosiy, huquqiy ustqurmaga, shuningdek, ijtimoiy ongning boshqa shakllariga nisbatan asos, bazis rolini o‘ynaydi.
Formatsion ta'limotga ko‘ra, jamiyat quyi shakldan yuqori shakllarga, ibtidoiy jamoa tuzumidan quldorlik jamiyati orqali feodalizmga, undan kapitalizmga hamda eng oliy maqsad, insoniyatning «oltin» asri kommunizmga qarab harakat qiladi. Bir formatsiyadan ikkinchisiga o‘tish yangi ishlab chiqarish kuchlari va eskirib qolgan ishlab chiqarish munosabatlari o‘rtasidagi ziddiyatlar hamda ixtiloflar natijasida yuzaga keladigan ijtimoiy inqilob orqali sodir bo‘ladi.
XIX asrning oxiri – XX asr o‘rtalariga kelib, formatsion ta'limot nafaqat ijtimoiy nazariya bo‘libgina qolmay, balki kuchli e'tiqodga tayangan mafkuraviy ta'limot darajasiga ko‘tarildi. Rossiyada 1917 yil Oktyabr inqilobi va ayniqsa, 1945 yildan so‘ng, «real sotsializm» deb atalmish mamlakatlarning rasmiy mafkurasiga aylandi. Ayni paytda marksizmning tanqidi G‘arbning bu mamlakatlarga qarshi yo‘naltirilgan mafkuraviy kurashining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoldi. Sotsialistik tizim inqirozga yuz tutgandan so‘ng formatsion ta'limot tanqidi ayniqsa postsotsialistik makonda yanada kengroq va keskinroq tus oldi. U bir qator xususiyatlarga ko‘ra tanqid qilinadi. Xususan, u o‘ziga xos G‘arbiy yevropa tarixini butun jahon tarixiga ko‘chirish asosida ishlab chiqilganligi; ijtimoiy-iqtisodiy omilning rolini mutlaqlashtirgan holda, boshqa omillar, ayniqsa, jamiyatning ma'naviy sohasi ahamiyatini qashshoqlashtirib, uni faqat antogonistik sinflar manfaatlari in'ikosi sifatidagina qaralgani; tarixiy bilishda uni asossiz ravishda yagona evristik konsepsiya rolini bajaradi, degan xulosalari shular jumlasidandir. Hozirgi zamon tarixini, kapitalizm rivoji istiqbollarini anglashda, formatsion ta'limot xulosalarining haqiqatga mos kelmasligi, «real sotsializm» mamlakatlarida amalga oshirilgan keng qamrovli sotsialistik tajribaning muvaffaqiyatsiz intihosi makrsistcha tarixiy konsepsiyaning tanqidida hal etuvchi argument bo‘ldi.
Formatsion yondoshuvdan farq qilib, sivilizatsion yondoshuv yagona, yaxlit tizimga tushirilgan ta'limot sifatida shakllangan emas. «Sivilizatsiya» tushuchasi (lot. civilize – fuqarolarga, davlatga xos) ilk bor XVIII asrda yevropalik ma'rifatparvarlarning asarlarida qo‘llana boshladi. U jiddiy evolyusiyaga yuz tutib, hozirgi paytgacha bir qancha ma'nolarda qo‘llaniladi9. Dastlabki davrlarda u tabiat olami tuzilishidan farqli ravishda umuman insoniyatni, uning ijtimoiy tuzilishini anglatgan va birlik shaklda ishlatilgan. Keyinchalik u yovvoyilik va johillikdan keyin keluvchi ijtimoiy rivojlanish bosqichini bildirgan. Co‘ngra u qadriyaviy xususiyat kasb etib, madaniyat tushunchasiga, ayniqsa, individual va ijtimoiy xulq-atvor normativlariga singib ketgan ma'naviy madaniyat, ya'ni kishilar, xalqlarning mentalligi ma'nosiga yaqinlashib qoldi. Amerikalik olimlar A.Kreber va K.Klakxan 1952 yilda «madaniyat» terminining 164 ta ta'rifini e'lon qildilar va ko‘p hollarda uni «sivilizatsiya» termini bilan bir qatorda qo‘llanilganligini qayd etdilar10. «Sivilizatsiya» va «madaniyat» tushunchalari ko‘pincha sinonimlar sifatida ishlatib kelindi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan sivilizatsiya tushunchasini butun bir xalqlar va mamlakatlarning rivojlangan holatiga, «oliy darajadagi madaniy tuzilmalar»ga tatbiqan, ko‘plik shaklida qo‘llanila boshlandi. 1861 yilda Zalsburgda insoniyat sivilizatsion rivojining rang-barangli nazariyasini, tarixga madaniy-tarixiy yoki sivilizatsion yondoshuvni shakllantira boshlagan madaniy-tarixiy maktab paydo bo‘ldi. N.Ya. Danilevskiy (1822-1865), O.Shpengler (1880-1936), A.Toynbi (1889-1975), P.A.Sorokin (1889-1968) va boshqalar ushbu maktabning mashhur namoyondalari edi. Ularning har biri «sivilizatsiya» terminiga o‘z talqinlarini berganlar: Danilevskiy – «madaniy-tarixiy tiplar», Shpengler – «etuk madaniyatlar», Toynbi – «Lokal sivilizatsiyalar», Sorokin – «Madaniy supersistemalar» g‘oyalarini ilgari surishgan. Ularning ichida eng ommaviylashgani «lokal sivilizatsiyalar» termini bo‘ldi.
Umuman olganda, madaniy-tarixiy yo‘nalish namoyondalari sivilizatsiyani odatda etnik chegaralar bilan mos tushmaydigan, etnoslararo xarakterga ega bo‘lgan madaniyat tiplari tarzida tushunganlar. Lekin etnoslararo sivilizatsiyalar muayyan madaniy markazlarning kuchli ta'siri ostida vujudga keladi. Xususan, Qadimgi Sharqqa nisbatan yaqin sharq, hind va uzoqsharq sivilizatsiyalari, yevropaga nisbatan esa – antik sivilizatsiya haqida fikr yuritilib, ular mos ravishda Qadimgi Mesopotamiya, Shimoliy Hind, Xitoy va Gretsiya ta'sirida paydo bo‘lgan.

Yüklə 0,7 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   109   110   111   112   113   114   115   116   ...   228




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin