Falsafa fanining tadqiqot sohasi va predmeti. Dunyoqarash tushunchasi, uning mohiyati va tarixiy shakllari. Falsafa fanining bahs mavzulari va muammolari



Yüklə 0,7 Mb.
səhifə133/228
tarix24.06.2023
ölçüsü0,7 Mb.
#134762
1   ...   129   130   131   132   133   134   135   136   ...   228
FALSAFA MA\'RUZA MATNI

Etika va sotsiologiya. Etikaning sotsiologiya bilan aloqasi o‘ziga xos. Bu ikkala fan inson faoliyatini boshqarishning ijtimoiy murvatlaridan bo‘lmish axloqni o‘rganadi. Lekin Etikaning miqyosi bu borada keng. Ma’lumki, sotsiologiya insonlarning ommaviy xatti-harakati va ularning qonuniyatlarini faqat muayyan ijtimoiy tuzum doirasidagina tadqiq etadi. Etika esa, o‘z mohiyatiga ko‘ra, lozim bo‘lganda, muayyan ijtimoiy tuzum yoki davr doirasidan chiqib, inson axloqining yuksak yutug‘i sifatida kelgusi davrlar uchun ham tarixiy va axloqiy ahamiyat kasb etgan shaxsiy, istisnoli xatti-harakatlarni hamda ularning sababiy asoslarini o‘rganadi.
Etika va siyosatshunoslik. Etikaning siyosatshunoslik bilan aloqasi, ayniqsa, o‘ziga xos va murakkab. Chunki siyosiy kurash qarama-qarshi axloqiy qoidalar va talablar kurashini taqozo etadi. Shaxsiy intilishlar bilan davlat va jamiyat manfaatlarining mosligi, maqsadlar va vositalarning pok yoki nopokligi muammolari o‘rtaga chiqadi. Lekin, aslida siyosat qay darajada axloqiylik kasb etsa, shunchalik u oqilona bo‘ladi. Bu hozirgi kunda Etika ham, siyosatshunoslik ham jiddiy tadqiq etadigan eng muhim umumiy muammolardan biridir.
Etika va ekologiya. Keyingi paytlarda Etikaning ekologiya bilan aloqasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Tarixan Etika ko‘proq insonning o‘zi, o‘zgalar va jamiyat oldidagi majburiyatlarini tahlil etish bilan shug‘ullangan, uning tabiatga bo‘lgan munosabati diqqat markazidan chetda qolib kelgan. Lekin keyingi davrlarda, ayniqsa, XX va XXI asrda tabiatga nisbatan tor manfaatparastlik doirasidagi yondashuvlar oqibatida paydo bo‘lgan ekologik buhron manzarani o‘zgartirdi. Endilikda global ekologik muammolar ko‘proq odamlarning ijtimoiy-axloqiy nuqtai nazarlariga bog‘liq ekani ma’lum bo‘lib qoldi.


Ixtiyor erkinligi va axloqiy tanlov
Axloq - oliy mavjudotga ato etilgan oliy ne’mat. Ya’ni axloqning kelib chiqishi ilohiy manbadandir. Ana shu ilohiy asosni asrab-avaylab, taraqqiy toptirish har bir insonning asosiy vazifasi, burchi. Shu bois o‘z-o‘zini va, iloji bo‘lsa, o‘zgalarni axloqiy tarbiyalash barcha muqaddas kitoblarda savob sanaladi.
Ixtiyor erkinligi eng avvalo ixtiyorning uch bosqichda voqe bo‘lishi bilan bog‘liq. Birinchi bosqich - ichidan faqat bittasini tanlab olish va harakatga aylantirish mumkin bo‘lgan alohida xohish - istaklarning tug‘ilishidan iborat. Ikkinchi bosqichda mazkur xohishlarning o‘z aro bir – birini tutib turishi, teng holatga keltirishi yuz beradi va bu-tanlov oraqali bir qarorda to‘xtash imkonini yaratadi. Uchinchi bosqich tanlangan xohishning o‘ziga mos jismoniy harakatga o‘tishi bilan belgilanadi.
Erkinlikka kelsak, shuni aytish kerakki, muayyan ixtiyorga berilgan erkinlik faqat tanlovning boshlanishida va tanlov jarayonidagina mavjud bo‘ladi. Tanlov jarayoni tugashi bilan, ya’ni ikki narsadan birini tanlaganingiz zahoti ixtiyoringiz uchun berilgan erkinlikning vakolati tugaydi: siz ixtiyor qilib bo‘ldingiz, bundan buyog‘iga erkin emassiz, endi tanlagan narsangizga mos harakatni boshlashingiz kerak. Demak, ixtiyor erkinligi tanlanayotgan ikki narsa oralig‘idagi fikrlash mobaynidagina voqe bo‘ladigan hodisadir.
Tanlovning o‘zi esa ikki xil xohish o‘rtasidagi kurashdan iborat. Bu kurashda faqat bitta hohish - qaysinisi kuchli bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi: ham unisining, ham bunisining baravar tanlanishi mumkin emas. Ruhshunoslik nuqtai nazaridan tanlov hissiyotga asoslangan, qanday sabab orqali vujudga kelishi ahamiyatsiz bo‘lgan ruhiy omil. Etikadagi tanlov esa qadriyat bilan bog‘liq, aqlga asoslangan katigoriya. Birinchisi - bor narsa, ikkinchisi - bo‘lishi kerak deb hisoblangan narsa; birinchisi -mavjud omilni, ikkinchisi - idealni, me’yorni anglatadi. Shunday qilib, insondagi ixtiyor erkinligi zaruriyat talabi bilan oqilona, aqlga bo‘ysundirilgan ravishda, ideal va me’yorlarga mos tarzda cheklanadi.
Axloq haqida gap borganda, albatta uning muayyan tuzilmasi, unga asos bo‘lgan omillar, unsurlar to‘g‘risida to‘xtalmaslik mumkin emas. Axloq tuzilmasini, odatda, uch omil-asosdan iborat deb hisoblaydilar. Bular - axloqiy ong, axloqiy hissiyot va axloqiy xatti-harakatlar.

Etikaning asosiy kategoriyalari


Etikada inson xatti-harakatining ikki qutbi - axloqiylik bilan axloqsizlik holatlari tahlil va tadqiq etiladi. Axloqiylik - fazilatlarda, axloqsizlik esa illatlarda namoyon bo‘ladi. Bu ikki qutb - tushuncha kun-tun, oq-qora singari bir-birini inkor va ayni paytda, taqozo etgani holda mavjuddir. Zero, fazilat, Arastudan tortib Ibn Sinogacha bo‘lgan qadimgi faylasuflar ta’kidlaganlaridek, ikki illat oralig‘ida ro‘y beradi. Boshqacha qilib aytganda, fazilat ikki manfiylik o‘rtalig‘ida yuzaga keladigan musbat hodisadir. Chunonchi, adolat - zulm bilan mazlumlikning, saxiylik - isrofgarchilik bilan baxillikning, iffat - qizg‘anchiqlik bilan rujuning o‘rtalig‘i sifatida voqe bo‘ladi.
Fazilat va illat shunday yirik hamda qamrovli atamalarki, ularning har biri o‘z ichiga bir necha emas, o‘nlab emas, balki yuzlab tushunchalarni oladi. Shu jihatdan Etika barcha falsafiy fanlar ichida tushunchalarining ko‘pligi va xilma-xilligi bilan alohida ajralib turadi. Ularni avvalgi ilmiy-uslubiy adabiyotlarda, xususan, lug‘atlarda Etika mezoniy tushunchalari yoxud kategoriyalari, axloqiy mezoniy tushunchalar, axloqiy tamoyillar, axloqiy me’yorlar, axloqiy munosabatlar, axloqiy hissiyotlar singari guruhlarga bo‘lib taqdim etilgan. Bunday «maydalashtirish», bizningcha, shart emas. Chunki u, birinchidan, tizimni murakkablashtiradi, ikkinchidan, muayyanlikdan yiroqlashtiradi, uchinchidan, tushunchalar bilan hissiyotlarni, me’yorlar bilan tamoyillarni farqlashda chalkashliklarga olib keladi, ularni rasmona idrok qilishda qiyinchiliklar tug‘diradi. Zero, fan mazmunini taqdim etishdagi har qanday murakkablashtirishlar, chalkashliklar, tabiiyki, tushunmovchilikni keltirib chiqaradi. Natijada mazmun mo‘ljallangan «o‘z egasiga» risoladagidek yetib bormaydi.
Shu sababli Etika fanida qo‘llaniladigan barcha tushunchalarni uch guruhga bo‘lishni maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz. Bularning birinchisi - axloqiy bilish bilan real hayot o‘rtasidagi eng muhim aloqa va munosabatlarni in’ikos ettiruvchi, axloq ilmining mezonini ifodalovchi tushunchalardir; ularni biz Etikaning mezoniy tushunchalari yoxud kategoriyalari sifatida olib qaraymiz. Nisbatan qamrovli ikkinchi guruh tushunchalarini - axloqiy tamoyillar, uchinchi guruhni esa axloqiy me’yorlar deb taqdim etamiz. Birinchi guruh tushunchalari umumlashtiruvchilik, mushtaraklik xususiyatiga ega, ular faqat nazariyaga taalluqli. Ikkinchi va uchinchi guruh tushunchalari esa amaliy axloqqa tegishli bo‘lib, nisbatan muayyan, tor qamrovga ega; ular birinchi guruh uchun «moddiy asos» vazifasini o‘taydilar.
Darhaqiqat, «yurak va aql», «hissiyot va ong» bahsida G‘arb, ayniqsa, XX asrda, so‘zsiz, birinchilikni aqlga, ongga beradi. Yuqoridagi kabi fikrlar istisnoli hollardir. Shu bois Etika nuqtai nazaridan muhabbat haqida gap ketsa, uni hissiyot deb yana buning ustiga, ta’riflash qiyin bo‘lgan tuyg‘u, deb ataydilar va uni tushuncha tarzida olib qarashdan cho‘chiydilar. Vaholanki, muhabbat aynan axloqiy hissiyot va Etikaning bosh mezoniy tushunchasidir.
Muhabbat va nafrat. Muhabbat bosh mezoniy tushuncha sifatida deyarli barcha asosiy tushunchalarda va tamoyillarda o‘z «hissa»siga ega. Shu jihatdan atoqli tasavvufshunos Najmiddin Komilov: «Juda ko‘p irfoniy tushuncha-istilohlarning sharhi muhabbatga borib taqaladi», - der ekan, ayni haqiqatni aytadi.26 Na ezgulikni, na yaxshilikni, na vatanparvarlikni, na insonparvarlikni muhabbatsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘tgan boblarning ba’zilarida biz bu tushunchaning mohiyati, turlari haqidagi Ilohiy Og‘ustin, Imom G‘azzoliy, Erix Fromm singari mutafakkirlar fikrlarini keltirgan edik. Qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkinki, muhabbat - insoniy mohiyatning erkin tarzda namoyon bo‘lishidir, u zo‘ravonlik yoki zo‘rma-zo‘rakilik bilan chiqisha olmaydigan hodisa. U me’yorlar, an’analar, qonunlarga bo‘ysunmaydi, lekin yuksak axloqiylik ifodasi tarzida insonga ulkan mas’uliyat yuklaydi, uni jasoratga chorlaydi, u - insonni tash-qi va transsendental olam bilan bog‘laydigan, uni yolg‘izlikdan olib chiqadigan buyuk kuch.
Muhabbatning obyekti doimo go‘zallik, manfaatsiz go‘zallik. U - Allohmi, Vatanmi, yormi - muhabbat egasiga undan-da go‘zalroq narsa yo‘q. Ayni paytda bir obyektni sevgan kishi boshqa obyektlarni ham sevishi tabiiy. Deylik, yorga bo‘lgan haqiqiy muhabbat Vatanga, insoniyatga muhabbatni inkor etmaydi, aksincha, barqaror qiladi. Zero, «o‘z-o‘zicha», «yakka», «xudbin» muhabbatning bo‘lishi mumkin emas. Inson o‘zi o‘zgaga aylanganida, o‘zgani o‘ziga aylantira olganida haqiqiy muhabbat egasi hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, muhabbat - oliy tuyg‘u, shu ma’noda u oliy tushuncha. Lekin uni tuban, quyi narsa-hodisalarga nisbatan ham qo‘llash hollari uchrab turadi. Chunonchi, Fromm singari g‘arblik mutafakkirlar, ba’zi rus faylasuflari muhabbat tushunchasini o‘likka (nekrofil), mol-dunyoga, pulga nisbatan qo‘llaydilar. Ularga nisbatan «o‘chlik», «ruju», «hirs» singari tushunchalarni qo‘llash ma’qul emasmikan?
Muhabbat ham, Etikadagi ko‘pgina tushunchalardek, «juftlik» xususiyatiga ega, uning ziddi - nafrat. Nafrat tushunchasi, albatta, muhabbat singari keng qamrovli emas. U aksil muhabbat tarzida namoyon bo‘ladi, obyektdan chetlashishni, undan begonalashishni taqozo etadi. Hazar, jirkanch hissi nafratning kundalik turmushdagi tor, «mayda» ko‘rinishidir. Nafratning ularga nisbatan «yirikligi» uning ijtimoiy hodisa sifatida mavjudligidir.
Ayni paytda, nafrat g‘azabdan keskin farq qiladi. U, g‘azabga o‘xshab, o‘z obyektini yo‘qotishga intilmaydi, undan faqat yuz buradi. Uni muhabbat egasida o‘z muhabbati obyektiga nisbatan tashqi bir kuchning noinsoniy, adolatsiz, noinsoflarcha munosabati tufayli o‘sha kuchga qarshi qo‘zg‘aladigan hissiyot deyish mumkin. U davomiylik tabiatiga ega, g‘azab kabi o‘tkinchi hodisa emas. Agar g‘azabning asosida inson fe’lining salbiy holati - oniy badjahllilik yotsa, nafrat uchun chuqur o‘ylab qabul qilingan uzil-kesil qaror yotadi. Ko‘rinishdan nafrat kishida yoqimsiz taassurot uyg‘otsa-da, ko‘p hollarda u illat emas, axloqiy fazilat sifatida insonning vijdonliligidan, botiniy jasoratidan dalolatdir.
Shu o‘rinda buyuk fransuz yozuvchisi Emil Zolyaning «Nima menda nafrat uyg‘otadi» degan estetikaga doir kitobiga yozgan so‘zboshisidan olingan quyidagi fikrni keltirish maqsadga muvofiq.
«Nafrat - muqaddas. Nafrat bu - kuchli va qudratli yuraklarning noroziligi, bu - o‘rtamiyonalik va pastkashliklardan qahrlanadigan odamlarning jangovar jirkanchi. Nafratlanmoq - sevmoq degani, o‘zida otashin va mardona qalbni his qilmoq, nimaiki sharmandalik va nodonlik bo‘lsa, o‘shanga nisbatan chuqur hazar tuyg‘usini tuymoq degani.
Nafrat yengillik beradi, nafrat adolat o‘rnatadi, nafrat yuksaltiradi»27
Nafratdan tashqari yana rashk tushunchasi borki, u - ijtimoiy hodisa emas, ko‘p hollarda jinsiy muhabbat bilan yonma-yon keladi. Ma’lumki, muhabbat egasi o‘z sevgisini va sevgilisini qizg‘anib, asrab qolishga harakat qiladi. Ana shu qizg‘anish hissi me’yoridan oshib ketganda rashkka aylanadi. Rashk esa, uni qanchalik ta’rif-tavsif qilmaylik, me’yorning buzilishi, illat. Chunki uning mohiyati xudbinlikka borib taqaladi: muhabbat egasi muhabbat lazzatiga noil bo‘lgani holda uning iztirobidan qochishga intiladi; o‘zi chekishi lozim bo‘lgan iztirobni o‘z muhabbat obyektiga o‘tkazishga harakat qiladi. Natijada ba’zan iztirobni yo‘qotishga intilish muhabbat obyektining o‘zini yo‘q qilishga, fojiaga olib keladi.

Yüklə 0,7 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   129   130   131   132   133   134   135   136   ...   228




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin