Etikaning boshqa ijtimoiy fanlar bilan aloqadorligi Etika va estetika. Etika boshqa ijtimoiy va falsafiy fanlar bilan o‘zaro aloqadorlikda rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning estetika bilan aloqasi qadimiy va o‘ziga xos.
Avvalo, insonning har bir xatti-harakati va niyati ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli bo‘ladi, ya’ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik (ichki go‘zallik), ham nafosat (tashqi go‘zallik) xususiyatlarini mujassam qiladi.
Etika va dinshunoslik. Etikaning dinshunoslik bilan aloqasi shundaki, har ikkala fan ham bir xil muammo - axloqiy mezon muammosini hal etishga qaratilgan. Chunki umumjahoniy dinlar vujudga kelguniga qadar mavjud bo‘lgan ma’lum urf-odatlar va qadriyatlar muayyan diniy qonun-qoidalarga, muqaddas diniy kitoblarga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ayni paytda, dinlar ham axloqqa ana shunday ta’sir o‘tkazganlar.
Etika va huquqshunoslik. Etikaning huquqshunoslik bilan aloqasi uzoq tarixga ega. Ma’lumki, juda ko‘p hollarda axloq me’yorlari bilan huquq me’yorlari mohiyatan va mazmunan bir xil bo‘ladi. Shunga ko‘ra, axloqni jamoatchilik asosidagi huquq, huquqni esa qonuniylashtirilgan axloq deb atash mumkin.
Etika va pedagogika. Etika pedagogika bilan ham chambarchas aloqada. Pedagogikadagi shaxsni shakllantirish, tarbiyalash, ta’lim berish jarayonlarini pand-nasihatlarsiz, odobnoma darslarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois Etika o‘zining nazariy va, ayniqsa, amaliy jihatlari bilan pedagogikaning asosi hisoblanadi.
Etika va ruhshunoslik. Qadimdayoq Etikaning ruhshunoslik bilan aloqasi alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Zotan, bu ikkala fan kishilar xatti-harakati, fe’l-atvori va mayl-istaklarini o‘rganadi. Lekin bu o‘rganish ikki xil nuqtai nazardan olib boriladi: ruhshunoslik u yoki bu xatti-harakat, fe’l-atvor, sababiy asoslarning ruhiy tabiati va shakllanish shart-sharoitlarini ochib beradi, Etika esa ruhshunoslik tadqiq etgan hodisalarning axloqiy ahamiyatini tushuntiradi.