Pravoslavie yo’nalishining aqidaviy ta’limotlari. Pravoslavie aqidalaridan iborat ta’limotlar jahon sobor yig’ilishlari tomonidan qabul qilingan e’tiqod ramzlaridir.
1-aqida: bir tanada uch qiyofada namoyon bo’ladigan ota, o’g’il xudolarga, muqaddas ruhga iymon keltirib, ular dunyoni ikkita qilib yaratgani, barcha narsalarni yo’qdan bor qilgani va olamning egasi, boshqarib turadigan yagona hokimi mutloq deb ishonish, Muqaddas ruh - ota xudodan paydo bo’lgan deb tasavvur qilinadi. Isoning oyoq qo’lidan mixlanib o’ldirilishi va tirik holda osmonga chiqib ketganligi, u yana Er yuziga qaytib kelishi, adolatli jamiyat o’rnatishga ishonish.
2-aqida: cherkov gunohdan pokligi, aqidalarning o’zgarmasligini e’tirof etish aqidasi. Bu aqidaga ko’ra cherkovni dastlab Iso barpo etgan, so’ngra u o’zidan keyin o’rniga avliyo Pyotrni qoldirganligi uchun cherkovlar gunohdan holi-forig’ hisoblanadi. Pravoslavie yo’nalishidagi ruhoniylar va xudojo’y taqvodorlar diniy aqidalar xudoning inoyati bilan bandalarini to’g’ri yo’lga boshlovchi «muqaddas haqiqatlar» bo’lganligi uchun ular hech o’zgarmaydi, abadul-abad turadi, ularni ozaytirish ham, ko’paytirish ham mumkin emas, deb hisoblaydilar.
3-aqida: Isoning onasi Bibi Maryamga, avliyolar va cherkov deb e’lon qilgan ruhoniylarga sig’inish aqidasi ham kuchli ta’limot hisoblanadi.
Pravoslavie marosimlari. Xuddi katolik yo’nalishidagi kabi pravoslavieda ham marosimlarga katta ahamiyat beriladi. Pravoslavie marosimlarining ko’pi cherkovda o’tadi. Katolik cherkovlarida ibodatlar paytida dindorlar bemalol stullarda o’tiradilar, pravoslavie cherkovlarida esa dindorlar tikka turadilar. Katolik cherkovlarida organ musiqasi sadolari ostida ibodat qilinadi Pravoslav cherkovlarida ibodat paytida musiqaviy kuylar chalish odat emas. Pravoslavie va Katolik cherkovlarining ichki tomonini bezatishda ham farqlari bor. Masalan, pravoslavie cherkovlarida, ibodat uylarida butlar juda ko’p. Bibi Maryam Iso, avliyolarning ko’pdan-ko’p haykallari ham mavjud. Pravoslavie cherkovlari va ibodat uylari nim qorong’i, shamlar bilangina yoritilgan holda, sirli sharpalar, mungli munojot madhiya emas, balki marsiya ohanglari eshitilgan holda marosimlar o’tadiki, bunday holat pravoslav ruhoniylarining fikriga ko’ra, dindorning e’tiqod ruhiyatini kuchaytiradi. Agar yop-yorug’ elektrlar yonib turgan holda ibodat qilinsa, dindorlar ibodatda chalg’ishi mumkin, deb hisoblaydilar.
Pravoslav bayramlari ham juda ko’p bo’lib, ularning umumiy soni bir yildagi 365 kunning har biriga bir nechta bayrami to’g’ri keladi. Pravoslav bayramlari ulug’lash ob’ektiga qarab Iso, Bibi Maryam va avliyolar sharafiga o’tkaziladigan bayramlarga, tantanavorligi jihatidan - ulug’, o’rta va kichik bayramlarga va o’tkazish vaqti jihatidan -surilmaydigan, oyning ayni bir xil chislolariga to’g’ri keladigan bayramlarga, hamda suriladigan, ya’ni pasxa kunlariga qarab, kalendar kunlari bo’yicha almashib turadigan bayramlarga bo’linadi. Ulug’ bayramlar ro’yxati pasxadan boshlanadi, undan keyin o’n ikki bayram turadi.
988 yilning yozida Kiev knyazi Vladimir Vizantiya davlatidan pravoslavie mazhabiga qabul qilishni so’radi va Konstantinopol patriarxligiga qabul qilindi. Rossiya xristianlikni shu tariqa qabul qildi. Vizantiyadan Rossiyaga kelgan messioner pravoslav ruhoniylar Kiev ko’chalarida oliy tabaqaga mansub kishilarni Dnepr daryosida cho’qintirdilar. Lekin oddiy odamlar yangi dinga kirishni xohlamasdan cho’qinishdan bosh tortganlari ham bor edi, ular majburan cho’qindilar. Shundan keyin Moskva, Novgorod, Tver, Pskov, Vladimir, Nijniy Novgorod knyazliklari ham birin-ketin cho’qintirilib yangi dinni qabul qilganlar.
Pravoslavie mazhabida hozirgi paytda yagona markaz yo’q. Hozir 15 avtokefal, ya’ni biri-biridan mustaqil bo’lgan pravoslav cherkovlari bor. Bular Konstantinopol (Turkiya), Aleksandriya (Misr), Antioxiy (Suriya), Quddus, Rus, Kipr, Gruziya, Serbiya, Ruminiya, Bolgariya, Ellada, Albaniya, Polsha, Chexiya, Amerika avtokefal cherkovlaridir.
Pravoslavieda ahloqiy ta’limotga ham alohida ahamiyat berilgan. Yaqin kishilaringni sev, yomonlik qilma, yaxshilik qil, o’ldirma, o’g’irlik qilma kabi pand-nasihatlar o’ta talabchanlik bilan ta’kidalanadi.
Protestant yo’nalishi. XVI-asrdan boshlab Evropa mamlakatlari shaharlarida burjuaziya sinfi shakllandi, ular shahar hunarmandlari, o’rta darajadagi savdogarlar, ziyolilarga bosh bo’lib kapitalistik usulda moddiy boyliklar ishlab chiqarib, bozor munosabatlariga o’ta boshladilar. Tabiiy va gumanitar fanlarning rivojlantirmay, burjua demokratiyasini o’rnatmay, vijdon erkinligini joriy etmasdan turib kapitalizm tuzumini o’rnatib bo’lmas edi. Kapitalizm o’ziga asosiy raqib bo’lgan feodalizmni, cherkov va xristianlikning qarshiligini engibgina rivojlanishi mumkin edi. Xususan, katolitsizm cherkovlari, Rim papasi o’rta asrlar tuzumi feodalizmning tayanchi, monarxiyaning tayanchlari bo’lib, bunga qarshi reformatsiya harakati kuchayib bordi. Antifeodal va antikatoloitsizm harakatlari Germaniyada avj ola boshlab, bu harakat boshida nemis byurgerlari, ya’ni burjuaziyasi turdi.
Germaniyadagi Vittenberg shahrida monax Martin Lyuter katolik cherkovini isloh qilishni, Rim papasi qaromog’idan Germaniyadgi cherkovlarga ajratib mustaqil bo’lishni targ’ib qildi. 1517 yilda Martin Lyuter cherkov eshigiga o’zining 95 ta tezisni yopishtirib qo’ydi. Bu tezislarda, jumladan katolik poplarining indulgentsiya sotishini, Germaniyadagi cherkovni Rim papasi qaramog’idan ozod etishni talab qildi. Lyuterning bu talablarini butun Germaniyada xayrixohlik bilan kutib olindi. Mamlakatda katolik cherkovining zulmiga va zo’ravonligiga qarshi ommaviy harakat avj oldi, tez orada bu harakat xalq ommasining feodal tuzumga qarshi inqilobiy kurashga aylandi, dehqonlar urushi boshlanib ketdi. Bundan qo’rqib ketgan hokimiyat egalari bo’lgan knyazlar, dvoryanlar va ruhoniylar armiya bilan, fanatik dehqonlar bilan birlashib dehqonlar harakatini bostirdi. Germaniyada feodalizm saqlanib qoldi.
“Protestantlar” degan nom 1529 yilda “Protestantsiya” deb atalgan hujjatga, ya’ni ruhoniy va dunyoviy feodal-larning umumgerman s’ezdi lyuteranchilikning tarqalishini cheklash haqida qabul qilingan qaroriga qarshi tuzilgan protestga imzo quygan nemis knyazlariga berilgan edi. Protestant knyazlar 1555 yilda Rim bilan bitim tuzishga muvaffaq bo’ldilar, bu bitimga ko’ra, har bir knyaz o’z fuqarolari uchun istagan dinni: Lyuteranchilikni yoki katolitsizmni tanlab olish huquqiga ega bo’lgan ega bo’lgan edi. Natijada “mamlakatda kim hukmron bo’lsa, shuning dini hukmron bo’ladi”, degan qoida belgilanadi. Augsburg diniy olami deb nom olgan bu bitim protestantsizmning Germaniya bo’ylab keng yoyilib ketishiga olib keldi. Keyinchalik Lyuter tarafdorlarini ham, boshqa islohchi oqimlarning izdoshlarini ham protestantlar deb atay boshladilar.
XVI asrning o’rtalariga kelib katolik dinini isloh qilish harakatida qatnashgan Shveytsariya, Angliya, Shvetsiya, Daniya va Norvegiya mamlakatlari ham katolitsizmdan chiqdi. So’ngra xuddi shunday ish Belgiya, Gollandiya va Frantsiyada ham ro’y berdi. Bu ishlar Chexiya, Vengriya va Polshada amalga oshdi. XVII asrdan boshlab u shimoliy Amerikaga va Evropa davlatlarining boshqa mamlakatlariga kira boshladi.
Feodalizmni muqaddaslashtiruvchi katoliklar cherkoviga qarshi kurash boshlagan burjuaziya cherkovni butunlay tugatmay, uni «tuzatish», isloh qilishni, o’z sinfiy manfaatlariga muvofiqlashtirishni maqsad qilib qo’ydi.
Protestantsizm xudoning borligi, uning uch qiyofada namoyon bo’lishi, jonning o’lmasligi, jannat va do’zax (katolitsizmdagi a’rofdan tashqari) haqidagi, vahiy va boshqalar to’g’risidagi umumxristian tasavvurlarni e’tirof etadi.