Pragmatizm AQShda keng tarqaldi. «Pragmatizm» foydali faoliyatga undovchi, «foydaga» erishish yo‘l va usullari haqida mulohaza yurituvchi ta’limotdir. Bunda «foyda» tushunchasi «tajriba», «haqiqat» tushunchalari bilan aynanlashtiriladi.
Ta’limotning yirik namoyandalari Ch.Pirs, U.Djems, J.Dyui ta’limotida olamning o‘zgaruvchanligi, tajriba turli tasodif va kutilmagan vaziyatlarni o‘zida jamlagan, ongimizdan tezkor qarorlarni qabul qilishni talab etuvchi hodisalar majmui sifatida ifodasini topdi. Inson bexato faoliyat ko‘rsatishi uchun uning xatti-harakatlarini boshqarib turuvchi vosita intellektdir. J. Dyui fikricha, intellekt insonni o‘rab turgan olamdan nusxa oladi, hamda unga muhitga moslashishga yordam beradi. Pragmatizm falsafasining maqsadi insonga olamda o‘z o‘rnini topishda yordam berish. Dyui tajriba natijasining «foydali» tomoniga e’tiborini qaratdi. Djems fikricha, haqiqat foydali bo‘lgan narsa yoki hodisadir.
Pragmatizm AQShdagi ishbilarmon, menedjer, siyosatchi va davlat arboblari orasida keng tarqaldi. Amerikaliklar J. Dyuini «Amerikaning Arastusi» deya hurmat bilan tilga oladilar.
XX asrda shakllangan ijtimoiy taraqqiyotning plyuralistik modeli – «lokal madaniyatlar» hamda «sivilizatsiyalarning xilma-xilligi» konsepsiyalari ko‘ra, jamiyat tarixi – o‘ziga xos madaniyatlarning xilma-xilligidan iborat. Tabiat qanday xilma-xillik birligi bo‘lsa, jamiyat ham shunday rang-baranglikning uyg‘unligidir. Jamiyatda har bir narsaning o‘z o‘rni bor.