Dunyoqarash tushunchasi, uning tuzilishi va tarixiy shakllari.
Dunyoqarash tushunchasi, uning tuzilishi va tarixiy shakllari. Dunyoda hayot, o‘lim, tug‘ilish, oxirat to‘g‘risida o‘ylab, mulohaza yuritib ko‘rmaydigan birorta ham inson bo‘lmasa kerak. Falsafa, biz yashab turgan hayot ma’nosini tushunishga yordam beradi hamda o‘z ruhimizni bardam-baquvvat tutib, uni mustahkamlashga ko‘maklashadi. Isoniyat yaratilgandan boshlab insonning ancha rivojlangan dunyoqarashi shakllangani haqida va umuman to‘plangan bilimlar, amaliy ko‘nikmalar, vujudga kelgan qadriyatlar, o‘zi va o‘zini qurshagan dunyo haqidagi tasavvurlar majmui sifatidagi odamlar dunyoqarashi to‘g‘risida ishonch bilan so‘z yuritish mumkin.
Dunyoqarash deb – insonning o‘zini qurshagan borliqqa va o‘z-o‘ziga nisbatan yondashuvlar tizimi, shuningdek uning mazkur yondashuvlar bilan belgilangan hayotiy ideallari, e’tiqodlari,, bilish va faoliyat tamoyillari, qadriyat va mo‘ljallaridir. Dunyoqarashga sub’ektning yoshi, jismoniy va ruhiy holati, fe’l-atvori xususiyatlari, odatlari va e’tiqodlari, shuningdek milliy madaniyat tipi, etnos xususiyatlari va ijtimoiy-madaniy omillar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Dunyo haqidagi tasavvurda ob’ektiv va sub’ektiv tomonlarni ajratish ham o‘rinli bo‘ladi.
Dunyoqarashning tuzilishi - dunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat.
Dunyoni sezish– bu o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok etishdir. Bunda tuyg‘ular, kayfiyat dunyoni go‘yoki ranglarga bo‘yaydi, uning obrazini sub’ektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorug‘ bo‘lib tuyulishi mumkin bo‘lgan nur, sog‘lom odam uchun normal bo‘ladi; daltonik ranglar gammasini, ko‘rish qobiliyati normal bo‘lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi.
Dunyoni idrok etish – bu atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishdir. Dunyoni idrok etish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi, ya’ni borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq noto‘g‘ri tasavvur qilinadi yoki illyuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga o‘xshash fantaziyalar paydo bo‘ladi.