Qadimgi sharqda falsafiy fikrlarning paydo bo‘lishi va rivoji.Falsafiy qarashlarning paydo bo‘lishi qadimiy Sharq xalqlari taffakuriga borib taqaladi. Qadimgi Sharq xalqlarining tarixi va madaniyati, ularning afsonaviy, diniy, axloqiy, siyosiy, huquqiy, badiiy-estetik, falsafiy tasavvurlari, bilimlari antiq davr mualliflari asarlarida, arxiologik manbalarda, xalq og‘zaki ijodiyoti namunalari: afsonalar, dostonlar va rivoyatlarda aks etgan.
Dastlabki falsafiy tasavvur va qarashlar Sharqning eng qadimgi mamlakatlaridan bo‘lgan Bobilda er. av. IV ming yillikning boshlarida paydo bo‘ldi. Buni biz «Gelgamish haqida doston»da, Urik shahri hukmdori Gelgamishning obihayot qidirib, boshidan kechirgan sarguzashtlari, chekkan azob-uqibatlari, tuproq, suv, havo, issiqlik va sovuqlikning inson turmushining abadiy manbai ekanligi, odamlar tabiiy qonunlar asosida yashashlari zarurligi, kishilarning hayot va o‘lim sirlarini bilishga azaldan intilib kelishlari haqida bilib olamiz.
Bobilda tabiat hodisalarining mazmunini anglab yetish, turmushda foydalanish zarurati, mahsulot va narsalarning miqdorini aniqlash, og‘irligi va uzunligini o‘lchash, ishchi kuchlarning samarasini belgilash, binolar hajmini topish, dalalarning yer sathini hisoblab chiqish zarurati dastlabki arifmetik va geometrik bilimlarning paydo bo‘lishini taqozo etadi. Bu taqvimning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bobilliklar quyosh soati, uning 12 bo‘lakka bo‘linishini azaldan bilishgan. Bobilda matematika, geometriya, astronomiya, tibbiyot, tarix, geografiya, filologiya, musiqa, tasviriy san’at, astrologiya kabi bilim sohalari asta-sekin kurtak yoza boshlagan.
Qadimgi Misrda ham ilk madaniy yodgorliklar er.av. IV ming yillikning boshlarida vujudga kelgan.
Qadimgi misrliklar suvni odamga oziq-ovqat yetishtiruvchi ulug‘ ne’mat, deb bilganlar. Suv ularga tabiatning, hayotning asosi bo‘lib ko‘ringan. Ular Nil daryosini ilohiy bir mo‘jiza deb, tabiatdagi o‘simlik va daraxtlarga talpinganlar. Qadimgi misrliklar astronomiya sohasida ba’zi bilimlarga ega bo‘lib, sayyoralarni yulduzlardan ajrata bilganlar, alohida yulduzlar xaritasi va har xil taqvimlar tuzganlar.
Tibbiyot juda rivojlangan, misrliklar kasalliklarning juda ko‘p turlaridan xabardor bo‘lishib, tashhis qo‘yish sohasida katta tajribalarni qo‘lga kiritganlar. Ayniqsa, qurilish, arxitektura, san’atning ko‘p turlari, hisob-kitob, o‘lcham va chizmachilik, matematik va astronomik bilimlarga egaligi jihatdan boshqalardan tubdan farq qilishgan. Tom ma’noda ular geometriya va astronomiyaga oid bilimlarning ilk yaratuvchilari bo‘lishgan. Misr ehromlari-piramidalar buning yaqqol dalilidir.