Falsafiy dunyoqarashning tamoyillari va funksiyalari. Falsafiy dunyoqarashning tamoyillari va funksiyalari. Dunyoqarash tizimiga xos nisbatan mustaqil yo‘nalishlarning har birini falsafiy mulohazaning oydinlashgan (konkretlashgan) shakli sifatida qarash mumkin. Falsafiy dunyoqarash insonning olam, odam va borliqqa munosabatini ifodalovchi bilimlar tizimidir. Moddiy yoki ma’naviy jihatlari nechog‘lik mutlaqlashtirilishiga qarab, uning tarkibida materialistik va idealistik dunyoqarash yo‘nalishlari mavjudligini ko‘ramiz.
Falsafiy dunyoqarash tarkibida quyidagi umumiy tamoyillar namoyon bo‘ladi:
- turli dunyoqarash shakllarining o‘zaro aloqadorligi kuchaymoqda;
- muayyan dunyoqarash shakllanish va rivojlanish jarayonida insonga munosabatning ahamiyati ortib bormoqda;
- milliy dunyoqarash umuminsoniy dunyoqarash shakli va uning tarkibiy qismi sifatida yuzaga kelgan.
Bu umumiy tamoyillari istalgan konkret dunyoqarash shakli uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, uning quyidagi tamoyillari ham bor: ilmiylik, tarixiylik, mantiqiylik, universallik, maqsadlilik, g‘oyaviylik, nazariya va amaliyot birligi.
Falsafiy dunyoqarash – ilmiydir: narsa-hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanish, aloqadorlik va munosabatlarni kundalik ong darajasida emas, balki nazariy ong darajasida ham ifodalaydi hamda ob’ektiv olamdagi narsa-hodisalarning konkret munosabatlarini aks ettiradi.
– tarixiylik tamoyili jamiyat o‘tmishi dunyoqarashlar tarixidan iboratligi va uzluksiz rivojlanishini ifodalaydi.
– mantiqiy izchilligihar qanday dunyoqarash shakli va darajasining mantiqiy birikmalar orqali ifodalanishi bilan izohlanadi. Aks holda, dunyoqarashning tashqi olamni xolis, ilmiy, aniq-ravshan va izchil aks ettirishiga putur yetadi.
– universalligiboshqa dunyoqarash shakllarining mazmunini tashkil qilishi bilan sifatlanadi, ya’ni har qanday dunyoqarash shakli o‘ziga xos falsafiy xususiyatga ega.
– maqsadga mavofiq, inson manfaatlariga mos keladi. Chunki, inson muayyan maqsad, orzu-umidlar bilan yashaydi, ularni o‘z dunyoqarashida aks ettiradi.
– g‘oyaviylik tamoyiliuning asosida muayyan g‘oya yotgani bilan ifodalanadi. Bugungi o‘zbek milliy falsafiy dunyoqarashi milliy mustaqillik, o‘zlikni anglash, millatimiz kelajagini belgilaydigan istiqlol g‘oyasiga tayanishi bilan xarakterlidir. Shu g‘oyani e’tiqodga aylantirish va uning amalga oshishi uchun xizmat qiladi.
– nazariya va amaliyot birligi dunyoqarashning nazariya sifatida mavjudligi ijtimoiy amaliyot tajribalarini ijodiy umumlashtirib, istiqbol rejalarini belgilashda qo‘l kelishi bilan izohlanadi.
Yuqorida zikr etilgan tamoyillar, Falsafiy dunyoqarashning vazifalari(funksiyalari)ni belgilab beradi. Bu vazifalar jamiyatning umumbashariy ruhdagi maqsad-muddaolari, manfaatlaridan kelib chiqadi hamda boshqa dunyoqarash shakllari uchun uslubiy ahamiyat kasb etadi.
Dunyoqarash, avvalo insoniy munosabatlar ifodasi nuqtai nazaridan, u insonning borliqqa munosabati, bahosi tarzida ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, inson, o‘z ehtiyoj va manfaatlaridan kelib chiqib, narsa-hodisalarni: yaxshi-yomon, foydali-zararli, savob-gunoh, oriyat-benomuslik kabi qarama-qarshi mezonlarga ajratadi. Bu falsafiy dunyoqarashning baholash vazifasini anglatadi. Inson narsa-hodisalarga baho berar ekan, o‘zi tayanadigan omillarga (ideallariga) moslashtiradi. Orzu-havaslarga erishishning usul, vosita, amaliy yo‘nalishlari belgilanadi.
Dunyoqarash inson faoliyatini axloqiy me’yor, diniy qadriyat, xuquqiy hujjat va siyosiy mexanizmlar kabi usul-vositalar orqali boshqarish vazifasini ham ado etadi. Insonni ezgulikka yo‘naltirish uchun axloq uning aql-zakovatiga; din – iymon-e’tiqodiga; huquq – qonunlarga, jazo idoralariga; siyosat-davlat funksiyalariga tayanadi va o‘ziga xos ta’sir yo‘nalishlariga ega bo‘ladi.
Falsafiy dunyoqarashning inson faoliyatini nazorat qilishvazifasi ham bor. Bunda dunyoqarashning jamoatchilik fikri tarzidagi ko‘rinishi nazarda tutiladi. Masalan, o‘zbek xalqining tarixiy rivojlanishi va ma’naviy hayot tarzida mahalla ijtimoiy nazoratning muhim instituti tarzida faoliyat ko‘rsatib kelgan. O‘zbek mahallalarida bag‘rikenglik, mehr-oqibat, hamdardlik kabi noyob fazilatlar kamol topadi. Shu bois Islom Karimov uni «O‘zini o‘zi boshqarish maktabi... demokratiya darsxonasi», deb ta’riflaydi[1].
Falsafiy dunyoqarashning birlashtirish(kommunikativ) vazifasi turli dunyoqarash yo‘nalishlarini milliy va umuminsoniy g‘oyalar atrofida uyg‘unlashtirishi bilan xarakterlanadi. Turli manfaatlarni ko‘zlagan dunyoqarashlar o‘rtasida muayyan ziddiyatlar ro‘y berishi tabiiy. Bunday sharoitda falsafiy dunyoqarash ularni murosaga keltirishga xizmat qiladi. Ijtimoiy-tarixiy tajribani umumlashtirish, jamiyat istiqbolini ko‘rsatish imkoniyati tufayli xalqni muayyan g‘oya atrofida birlashtiradi. Masalan, mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurash davrida ozodlik falsafasi dunyoqarashning tarkibiy qismi sifatida millatning turli tabaqalarini, e’tiqodi, iqtisodiy ahvoli va siyosiy mavqeidan qat’i nazar, birlashtirgan va umumiy kurashga safarbar qilgan. Falsafiy dunyoqarashning tarbiyaviy vazifasini yuqorida zikr etilgan boshqa vazifalarning asosi sifatida qarash kerak. Bu – kishilarda keng va teran fikrlash qobiliyatini vujudga keltirish asosida bag‘rikenglik, murosa, har qanday ziddiyatlarni madaniy yo‘l bilan hal qilish, kelajakka umid va ishonch ruhini shakllantirishdan iborat.
Yuqorida bayon qilingan vazifalardan tashqari falsafa ijtimoiy-aksiologik, madaniy-tarbiyaviy, bayon etish, axborot berish, evristik, koordinatsiya kiluvchi, integratsiyalovchi va mantiqiy-gnoseologik singari qator metodomantiqiy funksiyalarni bajarishga qodir. Biroq falsafaning uslubiy imkoniyatlari bundanda keng va chuqurroqdir.
[1] Karimov I. Donishmand xalqimizning mustahkam irodasiga ishonaman. «Fidokor» gazetasi, 2000 yil 8 iyun.