Qadimgi Yunoniston va Rim falsafasi. Qadimiy Sharqda paydo bo‘lgan diniy-falsafiy ta’limotlar ta’siri hamda Yunonistonda yuksak rivojlangan quldordik jamiyatining tarixiy, iqtisodiy siyosiy va madaniy-ma’naviy shart-sharoitlari asosida vujudga keldi. Er.av. VIII-VI asrlarda Kichik Osiyo, O‘rta yer dengizi qirg‘oqlaridagi shaharlar bilan yaqin Sharq, Kavkaz hamda G‘arb mamlakatlari xalqlari o‘rtasida savdo, iqtisodiy, madaniy munosabatlar juda ham avj oldi. Bu hududlarda qulchilik munosabatlari rivojlanishi natijasida, quldorlik jamiyati Yunonistonda, ayniqsa, Milet va Efes shaharlarida jadallik bilan taraqqiy etdi.
Milet shahri falsafiy maktab vakillari o‘z qarashlarini tabiiy-ilmiy tushunchalar bilan ifodalaydilar. Bu davrlarda falsafa va boshqa bilim sohalari ham bir-birlaridan ajralmagan holda bir butun shaklda «falsafa» nomi bilan atalar edi. Miletlik Fales, Anaksimanr va Anaksimen ilk yunon faylasuflaridir. Ularning qarashlari kosmologizm, ya’ni astronomik bilimlarga oid. Yunonistonda «yetti donishmandning biri», deb shuhrat qozongan, milet maktabining asoschisi Fales (er.av. 624-547y.) Bobilliklarning astronomik tassavvurlarini rivojlantirib, qadimgi yunon astronomiyasiga asos soldi. Oldindan quyosh tutilishini aytishga doir o‘zining hisoblash usulini ishlab chiqadi. Fales olamning asosini suv tashkil qiladi, hamma narsa suvdan paydo bo‘ladi va hamma narsa suv shakliga aylanadi, deydi. Chunki uning ko‘z oldida suvning hayvonot, nabotot va insoniyat hayotida hal qiluvchi o‘rni, dengizning kemalar, savdo-sotiq ishlari; daryolarning dehqonchilikdagi muhim ahamiyatini mushohada etar, ayniqsa, yomg‘irning ekin-tikin ishlari uchun hayotbahsh hislatlari uni hayratga solar edi.
Anaksimandr (er.av.610-546 y) quyosh soatini ixtiro qilib, gnomon nomli asbob yasaydi va ko‘k-osmon gumbazi sferasi doirasi modelini tuzadi. U birinchi bo‘lib Yunonistonning geografik xaritasini chizadi. Anaksimandr olamda ko‘p dunyolar bor, deb taxmin qiladi. Uningcha, olamdagi hamma konkret narsa va buyumlarning negizini cheksiz «apeyron» tashkil qiladi. «Apeyron» nomuayyan, konkret bo‘lmagan, umumiy moddadir.
Falesning do‘sti, ioniyalik Anaksimen (er.av.588-525y.) fikricha, borliqning asosida havo yotadi. Tabiatdagi hamma tabiiy hodisalar havoning quyuqlanishi yoki suyuqlanishidan hosil bo‘ladi. Havoning suyuqlanishi uni olovga; quyuqlanishi uni shamolga: bulutga keyin esa suvga, yerga, oqibatda toshga aylantiradi.