Diniy dunyoqarash odamlarning g‘ayritabiiy narsalar (xudolar, «oliy aql», qandaydir absolyut va sh.k.)ga bo‘lgan e’tiqodiga asoslanuvchi tegishli xulq-atvori va o‘ziga xos harakatlaridir. Agar mifologiyada an’anaga, rivoyat qiluvchining, ya’ni oqsoqolning obro‘siga e’tiqod kuchli bo‘lsa, dinda g‘ayritabiiy narsalarga e’tiqod birinchi o‘rinda turadi, oliy kuchlar nomidan rivoyat qiluvchi ruhoniylar obro‘si esa ikkinchi darajali rol o‘ynaydi. Falsafiy dunyoqarash.Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib asosan mif va din
ta’sirida odamlar dunyoqarashi nafaqat kengaydi, balki ancha murakkablashdi. U mavxum nazariy
fikrlash qobiliyati va (to‘plangan bilimlar ko‘rinishida) real asoslarga ega bo‘lishi natijasida o‘z
rivojlanishining butunlay yangi darajasiga ko‘tarildi. Bunga, hech shubhasiz, mehnat taqsimotiga
olib kelgan rivojlangan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, ma’lum miqdorda ortiqcha mavjudlik
vositalari, bo‘sh vaqtning paydo bo‘lishi ham imkoniyat yaratdi. Bularning barchasi muayyan
shaxslar doirasiga intellektual faoliyat bilan professional darajada shug‘ullanish imkonini berdi.
Shunday qilib, taxminan 2500 ming yil muqaddam dunyoqarashning uchinchi shakli –
falsafa paydo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoit Yevropa va Osiyoda deyarli bir vaqtda yuzaga
keldi. Dunyoqarashning avvalgi shakllari – mif va dindan farqli o‘laroq, falsafa dunyoni e’tiqod va tuyg‘ularga tayanib emas, balki aql va bilimlarga tayangan holda tushuntiradi.
Falsafa Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va qadimgi Yunonistonda taxminan bir vaqtda
avvalo dunyoni oqilona anglash usuli sifatida vujudga keldi. Bu vaqtga kelib mif va din o‘zlarining
tayyor va uzil-kesil javoblari bilan insonning bilimga nisbatan tinimsiz kuchayib borayotgan
qiziqishini qondira olmadi. Shuningdek ular sezilarli darajada o‘sgan va murakkablashgan tajriba
va bilimlarni umumlashtirish, tizimga solish va avlodlarga qoldirish vazifasining ham uddasidan
chiqolmay qoldi.