Fransua Mari (Arue) Volter (1694-1778) fransuz ma'rifatchilarining atoqli namoyandasi falsafa tarixi bo‘yicha otashin publitsist, Nyuton fizikasi va mexanikasi hamda Angliyadagi konstitutsiyaviy tartib va muassasalarning targ‘ibotchisi, cherkov, iezuitlar, inkvizitsiya tajovuzlaridan shaxs erkinligining himoyachisi sifatida o‘rin oldi. Uning «Kandid», «Orlean qizi» asarlari, «Falsafiy lug‘at», «Ensiklopediya»dagi maqolalari butun yevropada keng tarqaldi.
Jan Jak Russo (1712-1778) yevropa inqilobiy mafkurasining vujudga kelishiga mashhur «Ijtimoiy shartnoma» asari bilan ulkan ta'sir ko‘rsatdi. Erkinlik hamda huquqlarning so‘zsiz tengligiga asoslangan fuqarolik jamiyatining nazariy asosi hisoblangan bu asar Buyuk fransuz inqilobi davrida yakobinchilar uchun o‘ziga xos dasturilamal bo‘lib xizmat qildi.
Sharl Lui Monteske (1689-1755) geografik determinizm asoschilaridan biri jamiyatda tartib va axloqni saqlash uchun zarur bo‘lgan dinning funksional roli konsepsiyasini rivojlantirdi.
XVIII asrning ikkinchi yarmida ma'rifatchilik harakati keng demokratik qamrov kasb ketdi. Fransiyada bosh muharriri va tashkilotchisi D.Didro bo‘lgan «Ensiklopediya» nashri atrofida jipslashgan ilg‘or mutafakkirlar, olimlar va yozuvchilardan iborat «faylasuflar partiyasi» paydo bo‘lgani to‘g‘risida so‘z yuritila boshladi. Bu «faylasuflar partiyasi»da Didro bilan bir qatorda Gelvetsiy va Golbax, shuningdek Lametri yetakchi rol o‘ynadi. Ular materializmning faylasuflar va falsafiy maktablarning keyingi avlodlariga kuchli ta'sir ko‘rsatgan ancha rivojlangan shaklini yaratdilar.
Jyulen Ofre de Lametri(1709-1751) o‘z davrida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan «Inson – mashina» asarining muallifi. Moddiy dunyo «o‘z holicha mavjud» ekanligiga, uning boshi ham, oxiri ham yo‘qligiga ishonchi komil bo‘lgan. Lametri materializmi Epikurning atomistik materializmi, Spinozaning materialistik ta'limoti va Lokk sensualizmi ta'sirida vujudga kelgan. Lametri jonni aql faoliyati funksiyasi va ko‘rinishi deb hisoblagan hamda Dekartning umrboqiy nomoddiy jon haqidagi g‘oyasi asossiz ekanligini isbotlashga harakat qilgan.