1. Falsafa, uning jamiyat hayotidagi o‘rni va maqsadi.
2. Falsafaning predmeti, ilmiy muammolari va vazifalari.
3. Dunyoqarash tushunchasi. Dunyoqarashning tarixiy tiplari.
“Falsafa” tushunchasining asoslari bayon qilingan aksariyat darsliklarda ushbu atama qadimgi yunon tilidagi «filosofiya» so‘zidan olingani va u «donishmandlikni sevish» («filo» — sevaman, «sofiya» — donolik) degan ma’noni anglatishi ta’kidlanadi.
Shu ma’noda, falsafa barcha fanlar rivojlanishiga asos bo‘ladigan va ulardan oziqlanadigan, ayni paytda ularning rivojlanish yo‘llarini belgilab beradigan umuminsoniy va universal ilm sohasidir. U qadim zamonlardayoq «barcha ilmlarning otasi» deb ta’riflangan. Uning hayotiyligi xalq tabiatiga, turmush va tafakkur tarziga nechog‘liq mos ekani, jamiyat manfaatlari va ezgu intilishlarini qay darajada aks ettira olishiga bog‘liq.
“Falsafa” atamasi «filosofiya» so‘zining Sharq ijtimoiy tafakkuridagi shaklidir. Sharqning atoqli faylasufi, mashhur mutafakkir Abu Nasr Farobiy filosofiya so‘zini «Hikmatni qadrlash» deb talqin etgan. Falsafa Sharq xalqlari ijtimoiy tafakkurida «donishmandlikni sevish» degan mazmun bilan birga, olam sirlarini bilish, hayot va insonni qadrlash, umr mazmuni haqidagi qarash va hikmatlarni e’zozlash ma’nosida ishlatilgan.
Hayot qonuniyatlarini yaxshi biladigan, umrning o‘tkinchi ekani, abadiyat insonga emas, olamga xosligini yaxshi anglab yetgan, o‘zi va o‘zgalar qadrini to‘g‘ri tushunadigan kishi hech qachon «Men — donishmandman» deya ochiq e’tirof etmaydi. Ayniqsa, Sharq xalqlari hayotida bu xol yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ammo, Farobiy ta’kidlaganidek, hikmatni qadrlash, olam va odam hamda hayotning qadriga etish — boshqa gap. Shu ma’noda, bizda qadim zamonlarda faylasuf deganda, ko‘pdan-ko‘p ilm sohalarini egallagan, ustoz va muallim sifatida shuhrat qozongan alloma va mutafakkir kishilar tushunilgan.
«Filosofiya» atamasini dastlab, matematika fani orqali barchamizga yaxshi ma’lum bo‘lgan, alloma Pifagor ishlatgan. Yevropa madaniyatiga esa, u yunon faylasufi Aflotun asarlari orqali kirib kelgan. Asrlar davomida filosofiyaga nisbatan xilma-xil qarashlar shakllangan, uning jamiyat, inson va fanlar tizimidagi o‘rniga nisbatan turlicha munosabat va yondashuvlar dunyoga kelgan, bu atamaning mohiyat-mazmuni ham o‘zgarib borgan. Shu tariqa, u avvalo, qadimgi Yunonistonda alohida bilim sohasiga, to‘g‘rirog‘i, «fanlarning otasi», ya’ni asosiy fanga aylangan.
Qadimgi Yunonistonda fanlarning barchasini, ular qanday ilmiy masalalar bilan shug‘ullanishidan qat’i nazar, filosofiya deb ataganlar. U ham ijtimoiy borliq, ham tabiat to‘g‘risidagi ilm hisoblanar edi. Shu ma’noda, dastlabki filosofiya olam va unda insonning tutgan o‘rni haqidagi qarashlar tizimi bo‘lib, dunyoni ilmiy bilish zaruratidan vujudga kelgan edi. Uning eng asosiy qadriyati erkinlik tushunchasi ekanini, ana shu erkin hayot to‘g‘risidagi qarashlar buyuk madaniy yuksalishga asos bo‘lganini aksariyat olimlar alohida ta’kidlaydilar.
Ushbu fanning shakllanishini faqatgina qadimgi Yunoniston va Rim bilan bog‘lash ham bu borada yetarli tasavvur bermaydi. Chunki ushbu hududning dastlabki faylasufi Fales ko‘p yillar Osiyoda bilim olib qaytganidan so‘ng falsafiy fikrlarni alohida ilm sohasi sifatida talqin eta boshlagani ma’lum. Alloma Beruniyning “Hindiston” asarida hindlarning dastlabki qarashlari qadimgi yunonlarniki bilan o‘xshash edi, degan fikri ham bejiz aytilmagan, albatta. Bu o‘z navbatida, falsafiy dunyoqarashning qadimgi shakllari barcha xalqlar tarixiga tegishli umumiy hodisa ekanini isbotlaydi.
Aslida esa, Qadimgi Yunoniston va Rimda eramizdan avvalgi VII-III asrlarda ushbu fan endigina shakllanib kelayotgan nazariy fikrning ifodasi, olamni yaxlit va bir butun holda tushunish mujassamiga aylangan edi. Ushbu fan dastlab saroy ilmi sifatida shakllangan va asosan mulozimlarning tafakkur tarzini ifodalagan. Bu fan bilan ko‘proq aslzodalar shug‘ullangan, uning asosan ular uchun tushunarli bo‘lgan muayyan tushunchalari va atamalari, o‘ziga xos fikrlash uslublari va bayon qilish tili ham shakllangan.
Falsafiy bilimlar rivoji uzluksiz jarayon bo‘lib, u insoniyatning tafakkur bobida ilgari erishgan yutuqlarni tanqidiy baholashni taqozo etadi. Biroq bu — ularni tamoman rad etish, ko‘r-ko‘rona tanqid qilish lozim degani emas, balki ularga xos barcha xato va kamchiliklarni anglab, yaxshi va ijobiy jihatlaridan foydalanish demakdir. Ana shunday tanqidiy yondashuv va vorislik falsafaning muhim xususiyatlaridan biridir.
Bu fanning oldiga qo‘yilgan vazifalarga va uning hayotdagi o‘rniga qarab, ijtimoiy taraqqiyotning turli davrlarida unga bo‘lgan munosabat ham o‘zgarib borgan. Bu munosabatlar dastlabki fanlar paydo bo‘lib va ularning ba’zilari falsafadan ajralib, alohida mustaqil fan sohasiga aylana boshlagan davrlardayoq shakllana boshlagan.
Falsafaning ijtimoiy ong tizimida tutgan o‘rni, jamiyat va shaxs hayotidagi ahamiyati nimadan iborat, degan masala hamma davrlarda ham dolzarb bo‘lgan. Ayniqsa, tarixiy taraqqiyotning tub burilish davrlarida falsafaning asl mohiyatini bilish, uning usul va g‘oyalari kuchidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etgan.
Kishilik jamiyati hech qachon bir tekis va silliq rivojlanmagan. Taraqqiyot ortidan inqirozlar, yutuqlar ketidan mag‘lubiyatlar, farovonliklar izidan zavolga yuz tutishlar ta’qib etgan. Muayyan jamiyat iqtisodiy-siyosiy, axloqiy-diniy, badiiy-estetik taraqqiyot borasida inqirozga duch kelar ekan, undan chiqib ketish uchun ilg‘or falsafiy ta’limotlarga ehtiyoj sezadi.
Shuning uchun ham buyuk falsafiy ta’limotlarni, bir tomondan, madaniy-intellektual rivojlanish samarasi, ikkinchi tomondan, tub ijtimoiy o‘zgarishlar taqozosi deyish mumkin. Muayyan tarixiy burilish davrida «Falsafa nima o‘zi?» degan masala dolzarb ahamiyat kasb etishi ham shundan. Ana shunday davrlarda kishilar falsafaning mohiyati, uning maqsad va vazifalarini yangicha idrok etganlar.
Qadimgi Yunoniston va Rim davridan buyon o‘tgan ikki ming yildan ziyodroq vaqt mobaynida «Falsafa endi yo‘q bo‘ldi, uni o‘rganishning hech bir zarurati qolmadi» qabilidagi gaplar ko‘p bo‘lgan. Lekin zamonlar o‘tishi bilan odamzod baribir falsafaga ehtiyoj sezgan va u insonning ma’naviy kamolotida beqiyos ahamiyat kasb etishiga qayta-qayta ishonch hosil qilgan.
Bu jihatdan quyidagi rivoyat juda ibratlidir. Miloddan oldingi birinchi asrda yashab o‘tgan buyuk faylasuf Lukretsiyning shogirdlaridan biri unga qarab, «ustoz, fanning boshqa sohalariga oid ilmlar juda ko‘payib ketdi. Endi falsafani o‘rganishning hojati bormikan?» debdi. Shunda ulug‘ faylasuf bamaylixotir gap boshlab, «Falsafani Suqrot, Aflotun, Arastu kabi buyuk allomalar yaratgan. Lekin endilikda insoniyatning ana shunday buyuk mutafakkirlari yaratgan bu fanni o‘rganmaslik har qaysi nodonning ham qo‘lidan keladigan ish bo‘lib qoldi», degan ekan.
Falsafa kishilarga olam to‘g‘risida yaxlit tasavvur beradi, boshqa fanlar esa, uning ayrim jihatlarini o‘rganadi. Masalan, biologiya o‘simlik va hayvonot dunyosini, turlarining kelib chiqishi, o‘zgarishi va takomillashib borishi kabi masalalarni o‘rganadi. Bu sohaga oid fanlar ushbu yo‘nalishdagi jarayonlarning ba’zi xususiyat va jihatlarini chuqurroq tadqiq etishga harakat qiladi. Binobarin, biolog har qanday rivojlanish jarayoni bilan emas, balki faqat jonli tanadagi rivojlanish jarayoni bilan qiziqadi. Umuman, rivojlanish jarayonining o‘zi nima, uning mohiyati qanday? Masalaning aynan shu taxlitda qo‘yilishi ilmiy muammolarni falsafiy masalaga aylantiradi. Ya’ni, shu tariqa muayyan mavzu oddiy ilm sohasidagi yo‘nalishdan falsafiy muammo tusini oladi.
Endi Faylasuf kim, degan savolga javob beraylik. “Filosof” so‘zini ham yuqorida aytganimizdek ilk bor buyuk matematik va mutafakkir Pifagor qo‘llagan. Bu tushunchaning ma’nosini u Olimpiya o‘yinlari misolida quyidagicha tushuntirib bergan: anjumanga keladigan bir gurux kishilar bellashish, kuch sinashish, ya’ni o‘zi va o‘zligini namoyon etish uchun, ikkinchi bir guruh – savdo-sotiq qilish, boyligini ko‘paytirish uchun, uchinchisi esa, o‘yindan ma’naviy oziq olish, haqiqatni bilish va aniqlashni maqsad qilib oladi. Ana shu uchinchi guruhga mansub kishilar, Pifagor talqiniga ko‘ra, faylasuflar edi.
Bu, bir qarashda, oddiy va jo‘n misolga o‘xshaydi. Ammo uning ma’nosi nihoyatda teran. Chunki, inson umri ham shunday. «Dunyo teatrga o‘xshaydi, unga kelgan har bir kishi saxnaga chiqadi va o‘z rolini o‘ynab dunyoni tark etadi», degan fikr bejiz aytilmagan. Kimdir bu dunyoga uning sir-asrorlari to‘g‘risida bosh ham qotirmasdan kelib ketadi, umrini yeish-ichish, uy-ro‘zg‘or tashvishlari bilan o‘tkazadi. Boshqasi – nafs balosiga berilib, mol-mulkka ruju qo‘yadi. Uchinchisi esa, olam hikmatlarini o‘rganadi, umrini xayrli va savob ishlarga sarflaydi, boshqalar uchun ibrat bo‘larli hayot kechiradi.
Qadimgi davrlarda har tomonlama chuqur bilim va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, inson ma’naviyatini boyitish va haqiqatni bilishga intiluvchi kishilarni faylasuf deb ataganlar. Fozil va komil insonlargina falsafa bilan shuqullanganlar. Aslida, o‘sha davrlarda falsafani o‘rganish deyilganda, ilmning asoslarini egallash ko‘zda tutilgan. Grek mutafakkiri Geraklit (eramizdan avvalgi 520-460 yillarda yashagan) shogirdlariga murojaat qilib, «Do‘stim, sen hali yoshsan, umringni bekor o‘tkazmay desang, falsafani o‘rgan», deganda aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan.
Boshqa bir buyuk grek faylasufi Epikur (eramizdan avvalgi 470-399 yillarda yashagan) bu haqiqatni quydagicha ifoda etgan: «o‘z-o‘zingni yerga urish, tubanlashish nodonlikdan boshqa narsa emas, o‘zligingdan yuqori turish esa – faylasuflikdir»
Xuddi shuningdek, Sharqda ham Konfutsiy va Moniy, Xorazmiy va Forobiy, imom Buxoriy va imom Termiziy, Beruniy va ibn Sino, Naqshband va Navoiy kabi donishmand bobolarimiz o‘z hayotiy kuzatishlari va tajribalarini umumlashtirish, insonga xos xato va kamchiliklardan saboq chiqarish, bashariyat tomonidan to‘plangan bilim va tajribalarni o‘zlashtirish orqali faylasuf darajasiga ko‘tarilganlar.
Umuman olganda, bilimdon kishilarning barchasini ham donishmand yoki mutafakkir deb bo‘lmaydi. Haqiqiy faylasuflar hayotda nihoyatda kam bo‘ladi. Ular o‘z davri va millatining farzandi sifatida insoniyat tarixiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Xudoning o‘zi aql-zakovat, iste’dod, kuch-quvvat ato etgan, yorqin tafakkurga ega bo‘lgan bunday buyuk shaxslar umumbashariy taraqqiyot miqyosida tanilgan, teran insoniy g‘oyalar, ma’naviy boyliklarning qadr-qimmatini chuqur anglaydigan donishmand odamlar bo‘lgan.
Kezi kelganda shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirgi davrda bizda falsafa ixtisosligi bo‘yicha ma’lumot olgan mutaxassisni faylasuf deyish odat tusiga kirib qoldi. Aslida, faylasuf so‘zi ana shu tarzda ishlatilganida ushbu sohaning zamonaviy mutaxassisi, uning asoslarini egallagan, mazkur yo‘nalishda tadqiqot olib boradigan yoki ilmiy darajaga ega bo‘lgan kishilar tushuniladi, xolos.
Falsafaning umumbashariy fan ekani, uning bahs mavzulari va asosiy muammolarini belgilab beradi. Shu ma’noda odam va olam, ularning ibtidosi va intihosi, hayoti va o‘zaro munosabatlari, inson tafakkuri, tabiat va jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari falsafa uchun azaliy muammolardir. Shu bilan birga, muayyan davrda tuqiladigan va hal etiladigan o‘tkinchi muammolar ham bo‘ladi. Ular abadiy muammolar darajasiga ko‘tarilmasa-da, o‘z davrining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqani uchun, muhim ahamiyat kasb etadi.
Falsafa yangi g‘oyalarning tug‘ilishiga imkon beradi. Hayot, ijtimoiy tajriba bilan uzviy bog‘liq holda rivojlanadi. U tarixiy davr bilan mustahkam aloqadorlikda taraqqiy etadi. Har bir tarixiy davr, uning oldiga yangi masala va muammolarni qo‘yadi. Falsafiy muammolar bevosita hayot zaruratidan tug‘iladi. Aynan ular orqali falsafada davrning taraqqiyot tamoyillari va o‘ziga xos xususiyatlari aks etadi. Masalan, hozirgi zamonda yurtimiz falsafasi uchun istiqlol davriga xos qonuniyatlar va xususiyatlarning falsafiy asoslarini izohlash zarurati shu bilan belgilanadi.
Falsafiy ta’limotlarda jamiyat hayotining barcha sohalari tarixiy jarayonga xos tamoyillar, ijtimoiy guruhlarning manfaat va kayfiyatlari, tafakkur usullari o‘z aksini topadi. Shuning uchun ham muayyan ijtimoiy kuch, sinf, guruh, partiya va oqimlar o‘z maqsad-muddaolari va g‘oyalarini ilmiy asoslashda falsafadan foydalanadi. Falsafadagi ustuvor qarash va qoidalar davr mahsuli bo‘lgani uchun, zamonning taraqqiyot tamoyillari va muammolari unda o‘z ifodasini topadi