Glossariy: Bank o‘tkazmalari – bu hisob-kitobli bank operatsiyasi bo‘lib, telegraf, pochta orqali yoki o‘zgacha usulda bir bankdan boshqa bankka to‘lov topshiriqnomasini o‘tkazishdir. Bunday topshiriqnomalar – bank buyruqlari, bank-korrespondentlariga yo‘naltirilgan va benefisiarlarga aniq pul summasi to‘lovi haqidagi taqdim etilgan cheklar va boshqa to‘lov hujjatlaridir.
SWIFT tizimi – butunjahon banklararo telekomunikatsiya uyushmasi. Bu bankkka 200 dan ortiq tijoriy banklar a’zo bo‘lgan, shulardan 30 dan ortig‘i Rossiyadan. Har bitta to‘lov topshiriqnomasi qayd etilgan order bilan tuziladi. Uning kopiyasi o‘z hisobidan manfaatdor tomonga ko‘chirma asosida yuboriladi.
Inkasso– bu bank tomonidan to‘lovlarni, akseptlarni qabul qilish va to‘lovlarga yoki akseptlarga qarshi shuningdek, boshqa shartlarga ko‘ra hujjatlarni yetkazishga asoslangan, hujjatlar bilan qabul qilingan yo‘riqnomalarga ko‘ra amalga oshiriladigan xisob-kitob turi.
“Akkreditiv” - bank operatsiyasi bo‘lib, unga binoan bank mijozning ko‘rsatmasiga muvofiq, agar mablag‘ni oluvchi akkreditivda nazarda tutilgan hujjat va boshqa shartlarni bajarganligi taqdim etilgan bo‘lsa, uchinchi shaxsga to‘lovni bajarish majburiyatini oladi.
2–MAVZU. AShYОVIY VA NOMULKIY HUQUQLARNI KOLLIZION MASALALARI. Reja:
Ashyoviy huquqlarga nisbatan qo‘llanadigan umumiy qoidalar.
Ashyoviy huquqning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi.
Ashyoviy huquqlarni himoya qilish.
Ashyoviy huquqlarga nisbatan qo‘llanadigan umumiy qoidalar Xalqaro xususiy huquqda ashyoviy huquqlarni tartibga solish muhim o‘rin tutadi. Bizga ma’lumki, ashyo atamasi bir xil ma’noda tushunilmaydi. Ashyo yoki uning muayyan majmuasi mol-mulkni o‘z ichiga qamrab oladi. Huquq normasi bilan tartibga solinadigan mulkiy munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda ashyo, mol-mulk atamalaridan shunga muvofiq tarzda ashyoviy yoki mulkiy huquq ma’nolarida foydalaniladi. Shu sababli nafaqat milliy huquqda, balki xalqaro xususiy huquqda ham ashyoviy huquqqa yondashuv masalasi eng muhim masala hisoblanadi[1]. Ashyoviy huquqni qonun bilan cheklangan muayyan mulkiy huquq deb tushunish mumkin. Mulk shartnoma bilan chegaralanishi mumkin emas. Demak, ashyoviy huquq shartnoma bilan belgilanmasdan, balki qonunda ko‘rsatilishi lozim[2]. Eng muhimi ashyoviy yoki mulkiy huquq ma’nosida tushunishdan qat’i nazar, biz o‘rganayotgan mavzu doirasida ularga nisbatan qaysi mamlakat huquqini qo‘llashning mohiyatini tushunib olish huquqni qo‘llash amaliyoti jihatidan ham muhim ahamiyatga ega. Muayyan holat bo‘yicha u yoki bu davlat huquqining to‘g‘ri qo‘llanilishi o‘z, navbatida, qonun ustuvorligini ta’minlashning ham muhim omili hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksining 165-moddasida mulk huquqi bilan bir qatorda quyidagilar ham ashyoviy huquqlar hisoblanadi. Xo‘jalik yuritish huquqi va operativ boshqarish huquqi; meros qilib qoldiriladigan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi; yer uchastkasiga doimiy egalik qilish va undan foydalanish huquqi; servitutlar shular jumlasidandir.
Mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa shaxsga o‘tishi, agar qonun hujjatlarida o‘zga tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bu mol-mulkka nisbatan o‘zga ashyoviy huquqlarning bekor bo‘lishi uchun asos bo‘lmaydi.
Ashyoviy huquq har bir rivojlangan davlat fuqarolik qonunchiligining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi[3]. Ko‘plab davlatlarning qonun hujjatlarida ko‘chmas va ko‘char mulklarga nisbatan mulk huquqi farqlanadi. Ushbu davlatlarning qonunchiligiga ko‘ra doktrinasi va sud amaliyotida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqi, mulkning joylashgan mamlakat qonuni bilan belgilanishi tamoyili amal qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu qonunlarda ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulkiy huquq mazmuni va ularga nisbatan mulk huquqining o‘tish shakllari va shartlari belgilangan. Eng avvalo, bunday tamoyil ko‘chmas mulklarning alohida toifalaridan hisoblangan yer uchastkasiga nisbatan belgilanib, maxsus reestr va kitoblarda yerga bo‘lgan mulk huquqini qat’i qayddan o‘tkazishni amalga oshirilishidan dalolat beradi.
Ko‘char mulklarga nisbatan mulk huquqi holati birmuncha murakkab hisoblanadi. Bunga, odatda, qimmatbaho qog‘ozlar, transport vositalari, shaxsiy buyumlar va hokazolarni talab qilib olish huquqi kiradi. Turli davlatlarda bu toifadagi mulklarga nisbatan ashyo joylashgan mamlakat qonunini qo‘llash tamoyilining ahamiyati garchi ko‘char mulklar holatiga asosan qayd etilgan tamoyil muhim o‘rin tutsada, har xil hal etilgan.
Eng avvalo, umumtan olingan qoidaga asosan, agar qaysi bir davlatda, ashyo ushbu davlatning qonuniga ko‘ra muayyan shaxsga qonuniy asosda mulk huquqi o‘tgan bo‘lsa, ashyoning joylashgan joyi o‘zgargan taqdirda ham ushbu ashyoga nisbatan mulk huquqi uning egasida saqlanadi. Boshqacha aytganda, chet elda olingan ashyoga nisbatan mulk huquqi tan olinadi.
Shuningdek, mulk huquqining miqdori ashyo joylashgan mamlakat qonuni bilan belgilanadi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, ashyoning bir mamlakat hududidan boshqa davlatga o‘tishi bilan mutanosib ravishda mulk huquqi mazmuni ham o‘zgaradi. Shu sababli ushbu davlatlarda ashyo o‘tgunga qadar egasiga qanday mulkiy huquqlar tegishli ekanligi ahamiyatga ega emas. Chet el fuqarosining o‘z davlatidagi ashyolariga nisbatan mulk huquqi tan olinadi, ammo bu huquq mazmuni uning fuqaroligi belgilangan qonun bilan emas, balki ashyo joylashgan mamlakat qonuni bilan belgilanadi. Xalqaro xususiy huquq doktrinasiga ko‘ra, agar ashyo u turgan davlatda sotib olingan bo‘lmasa ham mulk huquqining o‘tishiga nisbatan qanday qonun bilan tartibga solinishi haqida turli xil nuqtayi nazarlar bor. Ayrim davlatlarda ashyo turgan mamlakat qonuni qo‘llanilishi haqidagi qoidalar amal qilsa, boshqa holatda esa mulkdorning shaxsiy qonuni bilan tartibga solinishiga ustuvorlik beriladi. Uzoq yillar mobaynida Buyuk Britaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlarida ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqiga mulkdorning shaxsiy qonuni qo‘llanishi tamoyili hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib keldi. Fransiya huquqiga asosan bir qator hollarda ko‘char mulklarga nisbatan mulk huquqida ashyo joylashgan yer qonunini qo‘llash nazarda tutilsa-da, meros huquqida esa mulk huquqining meros tariqasida o‘tishida meros qoldiruvchining shaxsiy qonuni bilan belgilanishi ham ifoda etilgan.
Shuni e’tirof etish kerakki, shaxsiy qonun tamoyili umumiy qoidadan istisno sifatida qo‘llaniladi. Bu tamoyil faqatgina ayrim davlatlarning qonun hujjatlarida saqlanib qolgan (Argentina, Braziliya).
Ashyo joylashgan mamlakat qonunini qo‘llashni kengaytirishning mohiyati, eng avvalo, fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining manfaatlariga to‘la mos kelishi bilan tavsiflanadi. Qoidaga ko‘ra lex rei sitae tamoyili qanday ashyolar mulk huquqining obekti hisoblanishiga mulkdorning huquq va majburiyatlar miqdori va mazmuni va mulk huquqining vujudga kelishi, o‘tishi va bekor bo‘lishini nazarda tutadi.
Mulk huquqidan kelib chiqadigan munosabatlarning kollizion masalalari alohida xalqaro kelishuvlar bilan ham tartibga solinadi.
1958-yildagi Gaagada qabul qilingan tovarlarning xalqaro oldi-sotdisiga nisbatan qo‘llaniladigan huquq to‘g‘risidagi konvensiya mulk huquqining o‘tishi bilan bog‘liq bir qator masalalar lex rei sitae tamoyiliga asoslanmasdan, balki ashyoviy statutga, ya’ni tashqi savdo oldi-sotdi bitimiga taraflar tomonidan qo‘llaniladigan huquqqa bo‘ysunishligiga ko‘ra hal etiladi. Ashyoviy huquq o‘ziga xos alomatlari bilan majburiyat huquqidan farq qiladi[4]. Ashyoviy huquq subekti o‘z xohishi bilan ashyoviy huquqning yangi turlarini yaratish huquqiga ega bo‘lmaydi. Majburiyat huquqi ishtirokchilari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan yoki nazarda tutilmagan bo‘lsada, lekin ular talablariga zid bo‘lmagan bitimlarni tuzish huquqiga ega. Ashyoviy huquq mutlaq huquq turlaridan bo‘lib hisoblanganligi tufayli ham majburiyat huquqidan farq qiladi. Shunga bog‘liq ravishda va fuqarolik huquqi tizimiga ko‘ra mulkiy munosabatlarni tartibga soladigan normalar, birinchidan, ashyoviy huquqqa, ikkinchidan, majburiyat huquqiga bo‘linadi. Bizga ma’lumki, ashyoviy huquq (ing. Law of property, interest) obekti bo‘lgan ashyo subektiv fuqarolik huquqi bo‘lib hisoblanadi. Anglo-Amerika huquq tizimida ashyoviy huquqning huquqiy tabiati mazmuni jihatdan sodda konstruksiya “Ownership” o‘z ichiga mulk huquqini “property” va o‘zga ashyolarga nisbatan huquqni qamrab oladi. So‘nggisi mulkka nisbatan subektiv huquqning bir ko‘rinishi bo‘lib, ashyoviyga nisbatan mulk huquqi bo‘lganda, masalan, mulkdor ashyodan voz kechgan holda (res nullius) ham davom etadi[5].
Kezi kelganda shuni aytish lozimki, xorijiy davlatlarda ashyoviy va majburiyat huquqini turkumlash darajasi bir xilda emas. Xususan, Vengriya, Chexiya, Slovakiya Fuqarolik kodekslari subektiv mulkiy huquqlarni ashyoviy va majburiyat huquqiga turkumlab bir-biridan ajratmaydi. Polsha, Bolgariya, Ruminiya va Kuba davlatlari fuqarolik qonun hujjatlarida ashyoviy huquq tizimi batafsil o‘z ifodasini topgan[6].
Odatda, mulkning o‘ziga xos xususiyatini e’tiborga olib ko‘chmas (immovables) va ko‘char (movables) mulk huquqi bir-biridan huquqiy holati jihatidan farqlanadi. Mulk huquqining bunday turkumlanishi o‘zining uzoq yillik tarixiy ildiziga ega bo‘lib, Rim xususiy huquqiy tizimida ham o‘z ifodasini topgan[7].
Turli davlatlar huquqi ashyolarni turkumlashni, shu jumladan ashyolarni ko‘chmas va ko‘char mulklarga kiritishni har xil belgilaydi. Masalan, uyning kaliti yoki yerga huquqiy titulni tasdiqlaydigan hujjatlar ko‘chmas mulkka tegishli ajratilgan ashyolar hisoblanadi. Angliya qonun hujjatlariga asosan uning mulkdori ko‘chmas mulkka manfaati bor shaxs sifatida tavsiflanadi[8]. Ushbu o‘rinda tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Agar mulk bir huquqiy tizim bo‘yicha ko‘char, boshqasi bo‘yicha esa ko‘chmas mulk bo‘lsa, qaysi huquq hal qiluvchi hisoblanadi yoxud mulk huquqining o‘tishida ham bu holatni yaqqol kuzatish mumkin. Bir davlatda mulk huquqining o‘tish vaqti – bu tegishli shartnoma (kontraktni) imzolash davrida ashyoni faktik berilganligidan qat’i nazar, boshqa holatda esa mulk huquqining o‘tish vaqti ashyoni faktik berish davriga mos kelishi bilan tavsiflanadi.
Shunday qilib, amaliyotda bir xil vaziyat turli xil hal qilinishi mumkin. Bunday holda mazkur vaziyatda vujudga kelgan huquqiy munosabatni tartibga solishda qaysi huquqiy tizim normasini qo‘llash mumkin. Bu masala nafaqat nazariy jihatdan, balki huquqni qo‘llash amaliyotining ahamiyati bo‘yicha ham dolzarb muammolardan hisoblanadi[9].
Ashyoviy huquq shunday mulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalar yig‘indisidirki, bunga asosan majbur shaxs o‘z mulkiga (ashyoga) nisbatan huquqini boshqa shaxslarning ijobiy harakatiga zaruriyat bo‘lmasdan amalga oshiradi. Ashyoviy huquq bevosita mulkka ta’sir qilish imkoniyatini beradi. Ashyoviy huquqqa oid qoidalar vakolatli shaxs mulkka egalik qilishining yuridik imkoniyatini mustahkamlaydi, boshqa shaxslarning u yoki bu harakatiga bog‘liq bo‘lmagan holda undan foydalanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1184-moddasida ashyoviy huquqlarga nisbatan qo‘llaniladigan umumiy qoidalar o‘z ifodasini topgan.
Xususan, ushbu moddaga ko‘ra ko‘chmas va ko‘char mol-mulkka nisbatan mulk huquqi hamda boshqa ashyoviy huquqlar, agar qonunda boshqa tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bu mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi. Mol-mulkning ko‘chmas yoki ko‘char ashyolarga mansubligi, shuningdek mol-mulkning boshqacha yuridik baholanishi ana shu mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi.
Umumiy qoidaga ko‘ra, mulkka nisbatan egalik huquqi mol-mulk turgan mamlakatning huquqiga asosan belgilanadi. Shuni e’tirof etish kerakki,
mol-mulk boshqa mamlakat hududida joylashgan bo‘lishidan qat’i nazar, agar u O‘zbekiston Respublikasining davlat reestrida qayd etilgan bo‘lsa, bu mulkka nisbatan egalik huquqi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida joylashgan mol-mulkning ko‘chmas yoki ko‘char ashyolar turkumiga mansubligi, ularning turlari, ularni tasniflash va ushbu xususiyatlarini hisobga olgan holda ularga nisbatan qo‘llaniladigan qoidalar Fuqarolik kodeksining 7 bobidagi 83–96-moddalarida ifoda etilgan.
Xulosa qilib aytganda, xalqaro xususiy huquqqa asosan ashyoviy huquqlarga nisbatan qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llashning ta’minlanishi uning subektlari ishtirokidagi munosabatlarni tartibga solishning muhim garovi bo‘lib xizmat qiladi.