Bitimlarning mazmuniga nisbatan tatbiq qilinadigan huquq O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari chet el yuridik hamda jismoniy shaxslari bilan imzolayotgan shartnomalariga nisbatan qo‘llaniladigan huquq sifatida o‘zlari istagan mamlakat huquqini tanlashlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida ham mazkur qoida belgilab qo‘yilgan, xususan, shartnoma, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, taraflarning kelishuviga ko‘ra tanlangan mamlakat huquqi bilan tartibga solinadi. Bu o‘rinda, albatta, shartnomada ishtirok etuvchi taraflar o‘zlarining erk muxtoriyati (irodalilik) prinsiplariga ko‘ra o‘zlari lozim topgan mamlakat huquqi bilan tartibga solinishi mumkin.
Shartnoma taraflari qo‘llaniladigan huquqni umuman shartnoma uchun ham, uning alohida qismlari uchun ham tanlab olishlari mumkin.
Qo‘llaniladigan huquq taraflar tomonidan shartnoma tuzilayotganda ham, undan keyin ham istalgan vaqtda tanlanishi mumkin. Shuningdek, taraflar istalgan vaqtda shartnomaga nisbatan qo‘llaniladigan huquqni o‘zgartirish to‘g‘risida kelishib olishlari mumkin (FKning 1189-moddasi).
Ayrim hollarda amalda shartnoma imzolayotganlar qaysi mamlakat huquqini qo‘llash kerakligini aniqlab olmaydilar. Bunday hollarda har bir taraf o‘z mamlakati huquqini tanlashga harakat qiladi, chunki ular mamlakatlarida amalda bo‘lgan o‘z qonunchilik mazmunini yaxshiroq biladilar. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini qo‘llash haqida kelishib olinmagan taqdirda, hech bo‘lmaganda ikkinchi tarafga boshqa bir mamlakat qonunchiligini tanlash taklif etiladi, bunday hollarda iloji boricha O‘zbekiston qonunchiligiga yaqinroq bo‘lgan mamlakat qonunchiligini tanlash taklif etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Agar taraflar kelishuvlarida qo‘llanilishi lozim bo‘lgan mamlakat huquqi belgilanmagan bo‘lsa, O‘zbekiston qonunchiligida mavjud bo‘lgan kollizion normalar asosida belgilanadi. Fuqarolik kodeksining
1190-moddasiga asosan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquq to‘g‘risida shartnoma taraflarining kelishuvi bo‘lmagan taqdirda bu shartnomaga nisbatan:
– oldi-sotdi shartnomasida – sotuvchi;
– hadya shartnomasida – hadya qiluvchi;
– ijara shartnomasida – ijaraga beruvchi;
– mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomasida – ssuda beruvchi;
– pudrat shartnomasida – pudratchi;
– yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasida – tashuvchi;
– transport ekspeditsiyasi shartnomasida – ekspeditor;
– qarz shartnomasida yoki boshqa kredit shartnomasida – kreditor
– topshiriq shartnomasida – ishonchli vakil;
– vositachilik shartnomasida – vositachi;
– omonat saqlash shartnomasida – saqlovchi;
– sug‘urta shartnomasida – sug‘urtalovchi;
– kafillik shartnomasida – kafil;
– garov to‘g‘risidagi shartnomada – garovga qo‘yuvchi;
– alohida mutlaq huquqlardan foydalanish to‘g‘risidagi litsenziya bitimlarida – litsenziar hisoblanuvchi taraf ta’sis etilgan, turar joyga ega bo‘lgan yoki asosiy faoliyat joyi bo‘lgan mamlakat huquqi qo‘llaniladi.
Shartnomani ijro etish usullari va tartibiga, shuningdek lozim darajada ijro etilmagan taqdirda ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralar borasida qo‘llanilayotgan huquqdan tashqari ijro amalga oshirilayotgan mamlakatning huquqi ham e’tiborga olinadi.
Tashqi iqtisodiy bitimga nisbatan qo‘llanilayotgan huquqning belgilanishi bilan bitimning majburiy statuti (maqomi) o‘rnatiladi. Majburiy maqom asosida bitimda taraflarning huquq va majburiyatlari belgilanadi hamda uni bajarmaslik oqibatlari, shuningdek majburiy maqom asosida javobgarlikdan ozod etuvchi holatlar ham belgilanadi. Majburiy statut bo‘yicha da’vo muddatlari masalalari ham hal etiladi. Lekin da’vo muddatlari, bitimda taraflarning huquq va majburiyatlari qaysi huquq bilan belgilanayotgan bo‘lsa, da’vo muddatlari ham o‘sha huquq bilan belgilanadi.
Shartnomadagi huquq va majburiyatlar, bitimning mazmunini taraflar kelishgan holda belgilaydi, shuning uchun amaliyotda bitimning shartlarini aniq va ravshan belgilab olish, taraflarning javobgarligini hamda boshqa shartlarini aniqlashtirib olish zarur.
Milliy qonunchilik me’yorlaridagi ma’lum bir farqlar, shuningdek taraflarning huquqni belgilashdagi qiyinchiliklari, taraflar tomonidan o‘zaro munosabatlarni bitimda belgilab olishga imkon beradi. Bu esa shartnomani imzolashdagi kelishuvlarning murakkablashishiga sabab bo‘ladi. Yuqoridagi sabablar tufayli xalqaro oldi-sotdi sohasida bir qancha moddiy huquqiy me’yorlarning qabul qilinishini taqozo etadi.