Fanidan o‘quv-uslubiy majmua


Ashyoviy huquqning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi



Yüklə 19,78 Mb.
səhifə13/74
tarix20.11.2023
ölçüsü19,78 Mb.
#165561
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   74
Халқаро хусусий ҳуқуқ УМК

Ashyoviy huquqning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi
Xalqaro xususiy huquqda ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi haqidagi qoidalarning ahamiyati beqiyosdir. Bizga ma’lumki, mulk huquqi va ashyoviy huquqlar boshqa har qanday fuqarolik huquqiy munosabat kabi huquq normasi va bu huquqiy munosabat vujudga kelishi uchun muayyan yuridik faktlar, asoslar (yoki usullari) mavjud bo‘lganda vujudga keladi[10]. Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar o‘zining vujudga kelish asosiga ko‘ra dastlabki va hosila usullarga bo‘linadi. Qonunga va boshqa huquqiy aktlarga rioya qilingan holda shaxs tomonidan yaratilgan, ishlangan narsaga nisbatan uning o‘zida huquq paydo bo‘ladi. Agar biron-bir shaxs o‘z mulkiga nisbatan egalik huquqini yo‘qotgan bo‘lsa, u o‘z mol-mulkini tashlab yuborgan yoxud o‘z ixtiyoridan chiqarib yuborgan bo‘lsa, qonuniy asoslarga muvofiq uni olgan shaxsda bunday mol-mulkka nisbatan egalik huquqi paydo bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda mol-mulkka, shaxs egalik huquqining vujudga kelishi boshqa shaxsning ushbu mulkka nisbatan egalik huquqi bilan bog‘liq emas. Mol-mulkka egalik huquqining bunday yo‘l bilan vujudga kelishiga dastlabki usul deb aytiladi.
Mol-mulk, odatda, mulk huquqining obekti sifatida qonun qoidalarga rioya qilingan holda bir shaxs egalik huquqidan ikkinchi shaxsga o‘tadi. Bunday hollarda mol-mulk o‘zining dastlabki sifatini yo‘qotmaydi, faqat unga egalik qiluvchi subektlar o‘zgaradi. Huquq va burchlarning bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishi huquq vorisligi hisoblanadi. Huquq vorisligi asosan oldi-sotdi, ayirboshlash shartnomalari, hadya va boshqa bitimlar bilan bog‘liqdir. Huquq vorisligi meros qoldirish, yuridik shaxsni qayta tashkil etish hollarida ham yuz berishi mumkinligi ham qonun hujjatlari mohiyatidan kelib chiqadi. Mulk huquqining vorislik bo‘yicha bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishi hosila usuli deb yuritiladi.
Mol-mulkka dastlabki usulda egalik huquqining vujudga kelishi, mulk egasi huquq va burchlarining doirasi qonun bilan belgilanadi. Hosila usulida mulk huquqining vujudga kelishida avvalgi mulk egasining erki, xohishi, uning huquq va burchlari, taraflarning kelishuvi va davlat boshqaruv organlarining aktlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Xorijiy davlatlarning qonun hujjatlarida dastlabki va hosila usulida mulkka egalik huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. Agar ishning tannarxi, boshqa shaxsga tegishli materialning bahosidan ortiq bo‘lsa, tayyorlovchi ashyoga mulkdor bo‘lgan holda material qiymatini uning egasi qoplashi shart. Qolgan boshqa hollarda qayta ishlagan materialning mulkdori bo‘lib bajarilgan ishning haqini to‘lagan taqdirda, bu material egasi hisoblanadi. (Fransiya Fuqarolik kodeksining 570-571-moddalari, Germaniya fuqarolik tuzuklarning 950-§, Shotlandiya Fuqarolik kodeksining 726-moddasi, Angliya-Amerika sud amaliyoti).
Hosil olishda shu nazarda tutiladiki, hosil beruvchi ashyo, uning “hosili” ishlab chiqilgan ashyolar, tabiiy mahsulotlar, masalan, hayvon bolasi, qishloq xo‘jalik mahsulotlari hosili va boshqalar yohud undan foydalanish natijasida olinadigan ashyolar yuridik daromad, xususan, ijara haqi va shu kabilar (Fransiya Fuqarolik kodeksining 547–550-moddalari, Germaniya fuqarolik tuzuklarining 99, 987–993-§, Shotlandiya Fuqarolik kodeksining 642-moddasi).
Umumiy qoidaga ko‘ra, Rim huquqi asosida qabul qilingan (superfiicies solo cedit) va barcha o‘rganilayotgan huquqiy tizim davlatlarida amalda bo‘lgan, mulkdor uchastkasida bajarilgan qurilish, ko‘kalamzorlashtirish va boshqa ishlar va ular bilan bog‘liq bo‘lgan natijalar yer bilan “birlashgan” holda hisoblanib, aksi isbotlangunga qadar yer mulkdoriga tegishlidir. (Fransiya Fuqarolik kodeksining
553–555-moddalari, Germaniya fuqarolik tuzuklari 946-§, Anglo-Amerika sud amaliyoti).
Ko‘char mulklar birlashtirilganda, birlashtirilgan qismlarning asosiysi tegishli shaxs mulkdordir. (Fransiya Fuqarolik kodeksining
566–569-moddalari, Germaniya fuqarolik tuzuklari 997-§, Shotlandiya Fuqarolik kodeksining 727-moddasi).
Egasi bo‘lmagan ashyo mulkdori bo‘lmaydi (res nullius) yohud ixtiyoriy ravishda huquqidan voz kechib, mulkdor mulkni egasiz qoldiradi (res derelitctace). Germaniya fuqarolik tuzuklari 958-§ va Fransiya sud amaliyotiga asosan xususiy shaxslar faqat ko‘char ashyolarni oluvchi subekt hisoblanishi mumkin. Davlat nafaqat ko‘char, balki ko‘chmas ashyolar, xususan, yerga nisbatan mulkka egalik huquqini olishi mumkin.
Mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddatga ko‘ra mulk huquqining vujudga kelish asosi bo‘lib, qonunda belgilangan shartlarga javob beradigan tarzda mulkka egalik qilish fakti hisoblanadi. (Fransiya Fuqarolik kodeksiining 2229, 2262–2265-moddalari, Germaniya fuqarolik tuzuklarining 937-§, anglo-amerika sud amaliyoti). Shuni e’tirof etish kerakki, xorijiy davlatlarda ko‘char va ko‘chmas mulklarga mulkdor bo‘lishlik egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat shartlari va mulkni egallab turish muddati bir xilda hal etilmagan. Masalan, fransuz qonunchiligiga asosan FFK 2162–2265-moddalari faqat ko‘chmas mulklarga egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat 30 yil belgilangan. Angliyada egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat bo‘yicha egalik huquqini olish faqat ko‘chmas mulklarga nisbatan qo‘llanilib, 12 yil mobaynida insof bilan egallash kerakligi talab etiladi.
Hamma huquqiy tizim davlatlarida hosila usulida mulk huquqini olishda asosiy o‘rinni “shartnomali usul” egallaydi. Bunday shartnomalar jumlasiga oldi-sotdi, pudrat, qarz va boshqalar kiradi.
Xorijiy davlatlarda mulk huquqining majburiy o‘tkazish usullari sifatida natsionalizatsiya, rekvizitsiya va musodaralardan foydalaniladi. Natsionalizatsiya usulida vakolatli davlat organining maxsus hujjati asosida xususiy shaxslarga qarashli mulk davlat ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bu usul Angliya, Fransiya, Italiya, Avstriya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarish va boshqa sohalarda mulkni davlat ixtiyoriga o‘tkazish asosida qo‘llanilgan. Rekvizitsiya nisbatan kam qo‘llaniladigan usul bo‘lib, favquloddagi holatlarda mulkning qiymatini to‘lagan holda davlat tomonidan olib qo‘yiladi. Davlatning iqtisodiy manfaatlarini e’tiborga olib, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish keng tatbiq etilmoqda. Bunday tajriba Angliya, Fransiya, Germaniya, Portugaliya va boshqa bir qator davlatlarda muhim o‘rin egallaydi.
Musodara usuliga ko‘ra qonunda nazarda tutilgan holda sodir qilingan huquqbuzarlik uchun sanksiya sifatida haq to‘lamasdan musodara qilinayotgan mulk olib qo‘yiladi[11].
Fuqarolik kodeksining 1185-moddasida ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi ifoda etib berilgan. Ushbu moddaga ko‘ra mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi yoxud bekor bo‘lishi uchun asos bo‘lgan harakat yoki boshqa holat sodir bo‘lgan paytda bu mol-mulk turgan mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi.
Bitim predmeti bo‘lgan mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilangan bo‘lsa, ushbu bitim buysundirilgan mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi.
Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli mol-mulkka nisbatan mulk huquqining vujudga kelishi egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tugagan paytda, mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi bilan aniqlanadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, turli mamlakatlar o‘rtasida o‘rnatiladigan mulkiy munosabatlarda mol-mulkka nisbatan egalik huquqlarining vujudga kelishi va bekor bo‘lishida har qaysi mamlakatning huquqini qo‘llashda o‘ziga xos xususiyatlar mavjuddir.
Binobarin, mol-mulkka nisbatan egalik huquqi oldi-sotdi shartnomasiga ko‘ra vujudga kelishi mumkin. Mol-mulkka nisbatan egalik huquqini bekor qilish, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilish, undan mol-mulkning sotib olinishi, sud qaroriga asosan mol-mulkning olib qo‘yilishi (197-modda), mol-mulkni milliylashtirish (natsionalizatsiya) yoki rekvizitsiya qilinishi (199-modda) kabi asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi.
Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha uning narsasi (predmeti) bo‘lgan mol-mulkka nisbatan egalik huquqi sotuvchidan sotib oluvchiga, agar taraflar boshqa vaqtni belgilagan bo‘lmasa, uni topshirgan paytdan boshlab vujudga keladi. Shu paytdan boshlab sotuvchidagi mol-mulkka nisbatan bo‘lgan egalik huquqi bekor bo‘ladi. Mol-mulk sud qaroriga asosan olib qo‘yiladigan bo‘lsa, qaror qabul qilingan paytdan boshlab mulk egasining unga nisbatan bo‘lgan egalik huquqi bekor bo‘ladi. Demak, olish-sotish shartnomasi yoki sud qaroriga asosan olib qo‘yish paytida mol-mulk qaysi mamlakatda turgan bo‘lsa, unga nisbatan mulk huquqining vujudga kelishi yoki bekor bo‘lishi ham o‘sha mamlakatning huquqi bilan belgilanadi.
Bizga ma’lumki, xalqaro xususiy huquq, xalqaro oldi-sotdi shartnomalari va boshqa xalqaro fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga solishda o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib bu asosan kollizion (to‘qnashuvchi) va moddiy huquqiy tartibga solish uslublaridan foydalanishda namoyon bo‘ladi[12]. Fuqarolik kodeksida belgilangan kollizion norma dispozitiv tusga ega bo‘lib, huquqni qo‘llashda ustuvorlik huquqi taraflarning xohishiga ko‘ra, eng avvalo, shartnomada ifoda etish mumkinligi nazarda tutiladi.
Umumiy qoidaga ko‘ra, mulk huquqi muddatsizdir. Mulk egasi o‘z mulkidan abadiy foydalanish, o‘z mulk huquqini xohlagan vaqtda tasarruf qilish huquqiga ega. Hech kim mulkdorga o‘z mulkini egallab turish, undan foydalanish va uni tasarruf etish uchun muddat belgilash huquqiga ega emas[13].
Ushbu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, Fuqarolik kodeksining
1189-moddasida shartnomani tuzish paytida va ijro etish davomida vujudga keladigan munosabatlarni tartibga solishda u yoki bu mamlakatning huquqini tanlash bo‘yicha taraflarga beriladigan huquqlar belgilangan. Mazkur kodeksning 1190-moddasida esa huquqni tanlash to‘g‘risida taraflar o‘zaro kelisha olmagan taqdirda majburiyatlarning alohida turlari bo‘yicha shartnomaga nisbatan qaysi mamlakatning huquqini qo‘llash haqidagi qoidalar mustahkamlangan. Masalan, agar oldi-sotdi shartnomasida qaysi mamlakatning huquqini qo‘llash to‘g‘risida taraflar o‘zaro kelishib olgan bo‘lmasalar, bunday shartnoma mulkni sotuvchi joylashgan mamlakatning huquqi bilan tartibga solinadi.
Bunday kelishuv hadya, ijara (mulk ijarasi), mol-mulkdan tekin foydalanish, pudrat, yo‘lovchi, bagaj, yuk tashish, transport ekspeditsiyasi, qarz yoki boshqa kredit, topshiriq, vositachilik, omonat saqlash, sug‘urta, kafillik va garov shartnomalarida bo‘lmagan taqdirda ushbu shartnomalarga nisbatan hadya qiluvchi, ijaraga beruvchi, ssuda beruvchi, pudratchi, tashuvchi, ekspeditor, kreditor, ishonchli vakil, vositachi, saqlovchi, sug‘urtalovchi, kafil, garovga qo‘yuvchi bo‘lgan mamlakat huquqini qo‘llash uchun asos bo‘ladi. Bundan kelib chiqadiki, agar taraflar o‘rtasida kelishuv bo‘lmagan taqdirda, bitim qaysi mamlakatning huquqi bilan tartibga solinadigan bo‘lsa, mol-mulkka nisbatan egalik huquqining vujudga kelishi yoki bekor bo‘lishi ham o‘sha mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi.
Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga ko‘ra mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzlyuksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat).
Ko‘chmas va boshqa mol-mulkka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart bo‘lgan mulk huquqi ushbu mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli olgan shaxsda ana shunday ruyxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli mulk huquqini olganga qadar mol-mulkka o‘ziniki kabi egalik qilib turgan shaxs o‘z egaligini mol-mulkning egalari bo‘lmagan, shuningdek qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra egalik qilish huquqi bo‘lmagan uchinchi shaxslardan himoya qilish huquqiga ega.
Qayd etilganlarga asosan ta’kidlash joizki, egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tugagan paytda mol-mulk qaysi mamlakatda joylashgan bo‘lsa, unga nisbatan egalik qilish huquqining vujudga kelishi o‘sha mamlakatning huquqi bilan aniqlanadi.
Mol-mulkka nisbatan egalik huquqining u joylashgan mamlakat huquqiga asosan vujudga kelishi, ushbu mol-mulkning boshqa mamlakatga o‘tishi bilan unga nisbatan egalik huquqining bekor bo‘lishiga sabab bo‘lmasligi mumkin. Chunki boshqa mamlakatda ham unga o‘tgan mol-mulkka nisbatan huddi shunday qoida qo‘llanilishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Bunday holatda shuni e’tirof etish lozimki, agar o‘z mamlakatlarining qonunlariga asosan mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqqa ega bo‘lgan va ushbu mol-mulkni O‘zbekiston Respublikasiga olib kelgan chet el fuqarolari va yuridik shaxslari O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra ushbu mulkka nisbatan egalik huquqidan mahrum bo‘lmaydi.

Yüklə 19,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin