AМIRANNING TUG’ILISHI. Ishav versiyasiga ko’ra, Amiran Sulkaymaxa va uning xotini Darijonning kenja o’g’lidir. Uning Badra va Usip ismli ikki akasi bo’lgan. Kartamin versiyasiga ko’ra, Amiran Usip yoki Usupning o’g’lidir. Uch aka-uka Sulkalmax, Badri va Usip yashadilar. Ularni Darijanashvili deyishar edi. Usup ovga chiqib, cho’qqidagi qal’ada o’tirar ekan, go’zal, quyosh nuridan ham ustun bir qizni uchratdi. U o’sha go’zal bilan uch kun bo’ldi va unga qimmatbaho tosh olmosni qoldirar ekan, shart qo’ydi: «Agar qiz tug’sang, unga shu olmosni berasan, agar o’g’il tug’sang, u o’zi uchun o’zi kurashsin». Usup vafot etdi. Go’zal ayol o’g’il tug’di. Unga xudoning nazari tushdi va Amiran ismini berdi. Svan versiyasida otasining ismi ko’rsatilmaydi. U oddiy ovchi. U bir cho’qqining yonidan o’tayotganida ayol kishining ovozini eshitadi. Ovchi cho’qqidan qaytib tushar ekan, o’sha ayolni topadi va u bilan uch kun birga bo’ladi. Ovchi ayolning qistovi bilan uning qornini yoradi va o’g’il bolani olib, uni buloqqa tashlaydi. Pari kelib, chaqaloqni poklaydi va uni Amiran deb ataydi. Svanlarning boshqa versiyasiga ko’ra, cho’qqida kuchli tovush eshitiladi. U yerdan to’lg’oq tutayotgan ayol kishining ingragan nidosi kelardi. Odamlar dastlab qo’rqishadi, so’ngra xursand bo’lishadi. Temirchi Darjexan (Darijan) doyalik qilish uchun uning huzuriga boradi. Ayolning qornini yorishga to’g’ri keladi. Ayol o’limi oldidan o’tinib so’raydi: «Agar qiz tug’sam, suvga tashlanglar, agar o’g’il tug’sam, uch tomonga ketuvchi yo’l boshiga qo’yinglar». Bola o’g’il tug’ildi. Yo’lga tashlangan chaqaloqni ma’budlar oldilar, pokladilar va yana o’z joyiga qo’ydilar. Uni bir ovchi topib oldi va xotiniga keltirib berdi. Ayolning Visibir va Badr ismli ikki o’g’li ham bor edi. Osetin versiyasiga ko’ra, Amiran Rustamning o’g’lidir. Rustam cho’qqida ov qilib yurgan edi, qoziq tishli bir ayol unga o’z muhabbatini izhor etdi. Rustam uning taklifini qabul qildi va shu yerda jon berdi. U o’limi oldidan tug’iladigan farzand o’g’il bo’lsa, unga Amiran ismini qo’yishni vasiyat qildi.
Amiran haqidagi syujet asosida gruzin yozuvchisi Мose Xoneli (XII) qissa yozgan. Ba’zi gruzin adabiyotshunoslari «Amiran»ning og’zaki ijodda saqlanib qolgan variantini juda qadimga olib borib taqaydilar. Мasalan, gruzin olimi Sh.Nupubidze «Amiran»ni jahon eposi taraqqiyotiga hissa qo’shgan «Bilgamish»dan so’ngi asar deb hisoblaydi. Amiran Elburs tog’ida zanjirband qilinganligi to’g’risida ham rivoyatlar bor. Shu sababli ham uni Prometeyning muqobili deb atashgan.
Gurji xalq og’zaki ijodida Alp Er To’nga va Kayxisrav munosabatlari bilan bog’langan rivoyatlar ham mavjud. Biroq bu nomlar gruzin xalqi hayoti bilan bog’lab ko’rsatiladi. Gruzin shohi Erekle Aragvi hukmdori Kayxusru (Kayxisrav)ni tatar xoniga qarshi urushga chaqiradi. Erekli – Alp Erning qahramonligi timsolidir.
«Tarielliani» dostoni Мesxetida yozib olingan. Tariel – Shota Rustavelining «Yo’lbars terisini yopingan pahlavon» dostonining ham yetakchi qahramoni hisoblanadi. Doston XII asrda yaratilgan bo’lib, gruzin malikasi Tamara va uning eri Davidga bag’ishlangan. Asardagi voqyea qadimgi sharq ertaklari syujeti asosida qurilgan. Doston qahramoni Tariel – pahlavon, bellashishda arslonni yiqitadigan bahodir yigit. Bu dostonda Tariel hindistonlik oshiq tarzida ko’rsatilgan. Hind shohi o’z qizi Neston Darijonni Xorazm shohining o’g’liga uzatishi voqyeasi orqali Tarielning ishqiy sarguzashtlari rivojlanadi, arab pahlavoni Avtandil, turk shohi Faridunlar bilan uchrashadi. Tariel Nestonning visoliga yetishishida Faridin unga yordam beradi. Shota – mesxeti urug’idan. Kitobni malika Tamaraga sovg’a etish uchun yaratgan. Shota Sharq turmush tarzi va adabiyotini yaxshi bilgan. Shu sababli ham N.Ya.Мarr Rustavelini musulmon shoiri deb atagan. Turkiy xalqlar o’rtasida Alp Er To’nga – yo’lbarsdan ham kuchli bahodir xoqon to’g’risida rivoyat hamda afsonalar saqlangan. Tariel – shunday xususiyatli pahlavondir. Dostonda yo’lbars terisiga majoziy ma’no berilgan. Tarielningg yo’lbars terisini yopinishi undagi yo’lbarsga xos dovyuraklik, bahodirlik, jasurlikni bo’rttirib ko’rsatadi. Shota dostonida uch asosiy qahramon – Tariel, Avtandil, Faridunni arslondek kuchli sifatlar bilan ulug’laydi. Lekin Tarielning o’ziga xosligi shundaki, uning egnida yo’lbars terisidan libosi, po’stini bor.
Tarielning yo’lbars terisini yopinib yurishi timsolida turkiy xoqonlarni ko’rish uchun asoslar bor. Firdavsiy «Shohnoma» dostonida shunday yozadi:
Kayumarsga jahon shohlik buyurdi, Ilk bora manzilni tog’ ichra qurdi. Taxtu baxtni topib tog’dan farovon,
Yo’lbars terisidan qilardi chopon.
Alisher Navoiy «Tarixi muluku Ajam» kitobida Afrosiyob haqida shunday ta’rif keltiradi: «Afrosiyob. Ani debturlarkim, Pushang binni Tur binni Faridin o’g’lidur. Va ba’zi aning nisbatin Kayumarsga yetkurubdurlar». Afrosiyob – Alp Er To’ngani Kayumarsga nisbatan berish uning yo’lbars terisini yopinib yurishiga ishoradir. Мirzo Ulug’bekning «To’rt ulus tarixi» asarida chorva va vahshiy hayvonlar terisidan liboslar kiyish Tung ibn Turk ibn Yofas davridan boshlangan deb hisoblaniladi. «Tarixi muluku Ajam»da Faridun Afrosiyobning otasidir. «Yo’lbars terisini yopgan pahlavon» dostonida Faridun Tarielga otaliq yordamini ko’rsatgan turkiy mamlakatning hukmdori hisoblanadi.
«Yo’lbars terisini yopingan pahlavon» asarining asosiy voqyealari Xorazm va uning yaqinidagi dengiz qirg’oqlarida bo’lib o’tadi. Мa’lumki, asar yaratilgan davrda Xorazm davlatining chegarasi Eron ko’rfazidan tortib, Volga daryosigacha yetgan edi. Xorazm davlatini xuddi shu davrlarda turkiylar sulolasidan bo’lgan qoraxoniylar idora etardilar. Shota dostonida qora ot ustida tasvirlangan va shu qora otni Tarielga in’om etgan odil shoh Faridun obrazida turk xoqonlarining siymosi umumlashadi. Umuman, «Amiran» va «Yo’lbars terisini yopingan pahlavon» dostonlarini qadimgi turkiy qahramonlik eposlari bilan qiyosiy o’rganish adabiy aloqalar tarixida yangi sahifalar ochadi.