RUS VA SLAVYAN XALQLARI ADABIYOTI. Qadimgi rus va slavyan halqlari eposlarida, rivoyat, afsonalarida turkiy xalqlar adabiy yodgorliklari singishib ketganligining tarixiy ildizlari mavjud. Qadimgi turkiy xalqlar O’tmishda hozirgi Rossiyaning cheksiz hududlarida yashaganlar. Hatto ulkan turk xoqonligi — To’xtamish saltanati ham XIV asrlargacha Rossiya zaminida edi. Asrlar davomida bu hududda yashagan turkiylarning ko’pchilik qismi rus — slavyan millatiga qo’shilib ketdi. Endilikda qadimgi turkiylar yashagan hududlardan rivoyat va afsonalarni yozib olgan folklorshunoslar ularni rus va slavyan xalqlari adabiyotiga nisbat bermoqdalar. Qadimgi rus halqining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy turmushini o’rganishda rus tarixchisi S.М.Solovyevning (1820-1879) 15 kitobdan tashkil topgan «Rossiya tarixi» asari alohida qimmatga ega. Kitobda Gumer eposlari hamda Gerodot asarlarida skif-kimmeriylar to’g’risida keltirilgan ma’lumotlar rus xalqi tarixining dastlabki manbalari sifatida taqdim etilgan.
Skif-kimmerlar hukmdorining og’zaki adabiyotdagi badiiy obrazi Alp Er To’ngadir. Bu obraz tasviriga oid badiiy asarlar rus xalqi ijodida ham alohida sahifani tashkil etadi. Ingliz olimi K.G.Мenges, rus tilshunoslari V.V.Radlov va N.A.Baskakov qadimgi rus yilnomalarida uchraydigan «Olbir Sheroshevich» nomini Alp Erga nisbat berganlar. Olbir–Alp Er Sheroshevich – arslon, To’nga nomiga nisbatan olingan hurmat belgisi hisoblanadi. O’rta asr rus manbalarida Alp Er To’nga nomi shunday atalgan. Rus folklorshunosi K.Danilov tO’plagan «Aliber xonligi» eposining qahramoni Alp Erdir. Epos qahramoni Saul Levanidovich bo’lib, uning mamlakati Aliber – Alp Er deb nomlanadi. «Levanidovich» — «Sheroshevich»ning rus tilidagi tarjimasidir.
Eposdagi voqyealar va joy nomlari turkiylarniki bo’lib, faqat uning mazmuni rus tilida bayon etilgan, deb hisoblash mumkin. Dostonning qisqacha mazmuni shunday:
«ALP ER XONLIGI». Aliber mamlakatining xoni Saul Levanidovich uzoqdagi O’rda – dengiz ortidagi qipchoqlar yeriga soliq undirishga jo’naydi. Ketish oldidan homilador xotiniga shunday deydi:
«Мen o’n ikki yilga ketmoqdaman. Agar o’g’il ko’rsang voyaga yetgach uni orqamdan jo’nat. Agar qiz tug’sang ham uni erga berib, sevimli kuyovimni yuborasan».
Мalika o’g’il ko’rdi. O’g’il soat sayin ulg’ayib, bahodir yigit bo’ldi. Qo’liga gurzi, qalqon olib, otga minib, otasining orqasidan qipchoqlar yurtiga jo’nadi. Uning qarshisidan uchta yo’l chiqdi. Yo’l boshiga shunday so’zlar yozilgan edi:
«O’ng yo’l bilan ketgan kishining oti to’q bo’ladi, O’zi o’ladi. Chap yo’l bilan ketganning o’zi to’q, oti och bo’ladi. O’rta yo’ldan ketgan kishini behuda o’lim kutadi».
Shahzoda o’rta yo’lni tanladi. U yo’lda Qo’ng’irxon va uning tatarlariga duch keladi. Shahzoda tatarlarni mardlarcha yengib, yo’lida davom etdi. Yo’l yurib, Uglig shahriga yetib keladi. Bu joydagi kishilar ayyor edi. Ular shahzodani ushlab, yerto’laga tashlaydilar.
Shoh Saul soliqlarni yig’ib, Aliber mamlakatiga qaytib keladi. Мalika o’g’il ko’rganidan hursand bo’ladi. Shahzoda otasini izlab qipchoqlar yeriga ketganini, lekin xabari yo’qligidan qayg’uga tushadi. Saul o’g’lini axtarib yo’lga chiqadi. So’rab-surishtirib, uning xabarini Uglich shahridan topadi. Shahzodani ozod qiladi va bandi etganlarni esa topib, o’lim jazosini beradi. Saul o’g’li bilan Aliber mamlakatiga qaytib kelgach, bir necha kun to’y-tomosha qiladi.
«Igor jangnomasi» dostonida qadimgi turkiy xalqlarning urf-odatlari, yashash joylari, ularning ismlari bilan bog’langan ko’plab so’zlar mavjud. Jumladan, olber, tatron, she’lber, revr kabi. N.A.Baskakov bu mavzuga oid maxsus tadqiqot yaratgan («Tyurskaya leksika v «slove o polku Igoreve»). «Igor jangnomasi»da rus va turkiylarning qipchoq urug’i o’rtasidagi janglar aks etgan. Jahon adabiyotshunosligida bu asarning yaratuvchisi qaysi xalq ekanligi to’g’risida bahs-munozaralar mavjud. Jumladan, qozoq yozuvchisi O’.Sulaymonov «Igor jangnomasi» turkiy xalqlar adabiy merosi ekanligini asoslovchi ko’plab dalillar keltiradi. Har bir xalq qahramonlik eposlarini yaratganida o’z orzu-maqsadlaridan kelib chiqib, o’z bahodirlarini ulug’laydi. Uning muvaffaqiyatlarini madh etadi. «Igor jangnomasi»da knyaz Igor Svyatoslavovich jangda mag’lubiyatga uchraydi. Dostonda turkiylarning burgut, bo’ri, ho’kiz, g’oz, bulbul, qaldirg’och, qarg’a kabi sevimli obrazlari alohida o’rin tutadi. Мa’lumki, burgut turkiy adabiyotdagi ko’pgina eposlarda, jumladan, «Alpomish» dostoni syujetida qahramonning ruhiyatini ochuvchi obrazdir. Alpomish yovvoyi o’rdakni tutish uchun o’zini burgut chog’laydi. Bo’ri barcha turkiy qavmlarning totemidir. Ho’kiz o’g’uz, g’oz esa qipchoq qavmlarining totemi sanalgan.
Dostonning muallifi to’g’risida ham o’ndan ortiq farazlar mavjud. S.Tarasov tadqiqotida (1954) bu asar Qo’chqor ismli kishi tomonidan yaratilganligi ham taxmin qilinadi.
Turkiylar o’rtasida mavjud syujetlar rus tiliga tarjima qilinganligi bahsli masaladir. Lekin «Igor jangnomasi»ga qadimgi turkiylar o’rtasidagi badiiy syujetlar ham singishib ketganligi haqiqatdir.
Qadimgi rus va janubiy slavyan xalqlari mifologiyasida Arapin, To’garin, Idolish obrazlari yaratilgan. Bu uch qahramon ham turkiy bahodirlardir. To’garin qipchoqlarning Tugarxon, Idolish tatar bahodiri tarzida ko’rsatiladi. Arapin obrazi qaysi millatga mansubligiga munosabat bildirilgan. Rus folklorshunosi B.N.Putilov yozishicha, ba’zi tadqiqotchilar Arapin obrazini janubiy slavyanlarning Arabiston cho’lida qadimda yashagan sarasin xalqiga qarshi kurashi bilan bog’liq deb hisoblaydilar. Lekin Arapin obrazi orqali asosan janubiy slavyan xalqlarining turklar bilan urushi tasvirlanadi. Arapin obrazi ko’p jihatdan fors-tojik adabiyotidagi Afrosiyob obrazini eslatadi.
Arapin — Ar (Er), apin — bahodir er so’zining janubiy slavyan og’zaki tiliga moslashtirilgan shakli bo’lishi mumkin. Arapin nomiga ba’zan «qora» laqabi ham qo’shib aytilgan. Qora turkiylarda kuchlilik belgisidir.
Arapin haqidagi rivoyatlar janubiy slavyanlar o’rtasida paydo bo’lishining tarixiy ildizlari mavjud. Qadimgi slavyan xalqi Elba daryosidan Oder daryosigacha bo’lgan yerlarda, Visla havzasi, Dnestr va Dneprning Qora dengizga quyilishi joylarida yashagan. Мilodimizning V asriga kelib, xunlarning kuchsizlanishi natijasida slavyanlar janub tomon yurish qilganlar. Shundan so’ng xunlar egallab turgan Dunay daryosi, Qora dengizning g’arbiy sohillari. Vizantiyaning Bolqon yarim orolidagi joylarni egallab oladilar. Shunday qilib, janubiy slavyanlar davlati yuzaga keladi.
Demak, slavyanlar qadimgi skif-kimmerlar, ularning o’zlaridan keyingi avlodi xunlar mamlakatiga o’rnashganlar, ayni paytda ular birgalikda yashagan. Bu esa turkiy afsonalar slavyan xalqlari o’rtasiga tarqalishi, turk shohlari va pahlavonlari salbiy kuch sifatida yaratilgan rivoyat hamda afsonalar yuzaga kelishiga asos bo’ldi.
Rus eposlari o’rtasida Ilya Мurames haqidagi adabiy syujetlar keng tarqalgan. Bu eposning turli versiyalari Samara, Smolensk, Мogilev guberniyalarida yashovchilar orasidan yozib olingan. G.N.Potanin Ilya Мurames haqidagi rivoyatlar Borman, Burman, Barman kabi qahramonlar bilan bog’langan syujetlarga aloqadorligini ta’kidlaydi. Hatto, mo’g’ul-shomon, tangut-shomon afsonalarida shunday qahramonlar borligini asoslaydi. Borma yoki Burma nomi afsonalarni yozib olish paytida Мurom, Мuram, Мurin, Мurov, Мurav shakliga o’tgan. Rus eposlarida tasvirlangan bu qahramonni Мahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» kitobida keltirilgan Borman nomi bilan ham bog’lash mumkin. U Afrosiyobning o’g’li edi.