7-§. XITOY Iqtisodiy taraqqiyot. Sun sulolasining (960–1279) hokimiyatga kelishi bilan Xitoyda uzoq davom etgan siyosiy tarqoqlik va o‘zaro urushlarga chek qo‘yildi. Natijada mamlakat Xo‘jaligining yuksalishiga zamin yaratildi. X asrdan suvni nisbatan baland joylarga chiqaruvchi moslamalardan keng foydalana boshlandi. Chig‘irdan foydalanish ekin maydonlarini ko‘paytirish imkonini bergan. Suv tegirmonlari yordamida sholini tozalash, moy olish, un chiqarish tobora keng qo‘llanila boshlangan. Rivojlangan o‘rta asrlarda Xitoyda imperator, harbiy zodagonlar, amaldorlarga qarashli davlat yerlari kamayib, zamindorlarning Xususiy yerlari tobora ko‘payib borgan. Xususiy yerlar, shuningdek, yangi o‘zlashtirilayotgan qo‘riq va tog‘oldi hududlari hisobiga ham kengaygan. Yirik mulkdorlar yerlarining ko‘payishiga kambag‘allarning qarzlari evaziga yerlarining tortib olinishi ham sabab bo‘lgan. Shu tariqa XI asr boshlarida ekin maydonlarining yarmi yirik zamindorlar qo‘liga o‘tgan. Bu yerlarda, asosan, ijarachi dehqonlar ishlagan. Xitoyda erkin dehqonlarning aksari qismida 30–40 mu yer bo‘lib, davlat bu tabaqani qo‘llashga intilgan. Xitoy dehqonlari o‘zlari yetishtirgan mahsulotlaridan davlatga har yili ikki marta soliq to‘laganlar. Yer solig‘i sholi yoki bug‘doy bilan to‘lansa, pilla boqqan Xonadonlar soliqni gazlama bilan ham to‘laganlar. Shaharlar va hunarmandchilik. Kayfin, Chenduva Uchan shaharlari Xitoyning yirik savdo va hunarmandchilik markazlari edi. Xitoy savdosida suv yo‘llari alohida ahamiyat kasb etgan. Ko‘pchilik shaharlar dengiz yoki daryo bo‘ylarida, suv va quruqlikdagi savdo yo‘llari kesishgan joylarda vujudga kelgan. Shaharlarning o‘sishi hunarmandchilikning jadal rivojlanishini ta’minlagan. Xitoyda, ayniqsa, hunarmandchilikning an’anaviy turlari: kulolchilik, chinni buyumlar ishlab chiqarish taraqqiy etgan. Xitoy shaharlarida ko‘plab do‘kon va ustaXonalar joylashgan edi. Xitoyning janubida hunarmand-to‘quvchilar shoyi gazlamalarning o‘nlab xillarini tayyorlaganlar. XII asrda ipakdan shoyi so‘zana – panno to‘qish iXtiro qilinib, keng tarqalgan. Xitoyda paxtachilik ham tobora keng rivojlanib, XIV asrdan undan gazlama tayyorlash yo‘lga qo‘yila boshlagan. Osiyo paxtasining vatani Hindistondir. Undan so‘ng paxta O‘rta Osiyoga kirib kelgan. Xitoyga paxta urug‘ini dastlab yurtimiz savdogarlari olib borishgan. Sex a’zosi bo‘lish Xitoy hunarmandlari uchun majburiy edi. Yevropadagi kabi Xitoydagi sexlarda ham xalfa, shogirdlar soni, ularning ish sharoiti, tayyor hunarmandchilik buyumlarini sotish, hunar sirlarini saqlash qat’iy nazorat qilingan.