Burchoqdoshlar oilalariga yer sharining deyarli barcha qismida tarqalgan 400 turkumga oid 12 000 ga yaqin tur o‘simlik kiradi. Respublikamizda burchoqdoshlarga oid 57 turkumga mansub 470 dan ortiq tur o‘simlik o‘sadi. Bu oila vakillarining ko‘pchiligi bir, ikki va ko‘p yillik o‘tlardan iborat.
Burchoqdoshlar orasida qisman yarim buta, buta va daraxtlar uchraydi. Bu oila vakillarining ildizi-o‘q ildiz. Ildizida tugunaklar deb nomlanadigan o‘simtalar hosil bo‘ladi. Tugunaklar shu o‘simliklar ildizida yashaydigan va havodagi erkin azotni o‘zlashtiradigan bakteriyalarning faoliyati natijasida hosil bo‘ladi. Bu tugunaklar tuproqning hosildorligini oshiradi. Poyalari tik o‘suvchi, ilashuvchi, o‘raluvchi yoki yotib o‘suvchi bo‘ladi. Barglari ko‘pincha murakkab (uch yaproqchali, patsimon yoki panjasimon), ba’zan oddiy, hamisha yonbargli, poyada ketma-ket o‘rnashgan. Gullari yondosh-bargchali, qiyshiq va ikki jinsli bo‘lib, shingil, kallakcha yoki boshoq xilidagi to‘pgulga joylashgan, ba’zan guli yakka-yakka holda barglarning qo‘ltig‘ida o‘rnashadi. Gullari hasharotlar yordamida changlanadi. Gulqo‘rg’oni murakkab. Kosachasi yarmigacha bir-biri bilan qo‘shilgan 5 ta kosachabargdan tashkil topgan. Toji kapalak shaklida bo‘lib, 5 ta uch xil shakldagi tojbargdan hosil bo‘lgan. Ulardan eng ustidagisi boshqalariga nisbatan ancha yirik, u «yelkan»yoki
«bayroqcha» deb ataladi; ikki yoniga joylashgan bir xil shakldagi ikki tojbarg
«qanotcha» yoki «eshkak» deyiladi. Bir-biri bilan qo‘shilgan bir juft ostki tojbarg esa «qayiqcha» deyiladi. Changchilari 10 dona, ulardan 9 tasining iplari bir-biri bilan qo‘shilib ketgan, o‘ninchisi esa erkin, urug’chisi bitta, bitta urug’chi bargdan hosil bo‘lgan. Mevasi dukkak, bitta urug’chi bargdan hosil bo‘lgan; bir uyli, ko‘p urug’li, ko‘pincha qorin va orqa choklaridan pallaga bo‘linib ochiladi; ba’zan ochilmasdan bo‘laklarga bo‘linadi yoki bo‘linmaydigan bir urug’li, yong’oqsimon, quruq meva.
Burchoqdoshlarga mansub, respublikamizda keng tarqalgan o‘simliklardan biri o'tloq sebargasidir. U ba’zan yovvoyi sebarga, qizil sebarga deb yuritiladi. O‘tloq sebargasi, bo‘yi 25-50 sm keladigan ko‘p yillik o‘t. U asosan tog‘ etaklarida, daryolarning, ariqlarning bo‘ylarida, qisman begona o‘t sifatida sug’oriladigan ekinlar orasida uchraydi.
Poyasi ingichka, pastki qismidan shoxlangan, mayda tuklar bilan qoplangan. Barglari uzun bandli, uch yaproqchali. Yaproqchalari tukli, tekis qirrali, teskari tuxumsimon yoki ellipssimon, uzunligi 1,5-3,5 sm. Gullari mayda va o‘troq, diametri 2-3,5 sm keladigan boshcha shaklidagi to'pgulga joylashgan. Gulqo‘rg‘oni
murakkab. Kosacha yarmigacha qo‘shilgan beshta kosachabargdan tashkil topgan, besh tishli, 4 tasi baravar, beshinchisi ulardan ikki marta uzun. Toji qizil. Yelkani uchburchak shaklida. Guliga lupa orqali qaralsa 9 ta iplari qo‘shilgan va bitta alohida joylashgan changchini ko‘rish mumkin, urug’chisi bitta. Dukkagi bir urug’li, uzunchoq-tuxumsimon, uzunligi 1,5-2 mm. Urug‘i sariq yoki jigarrang, silliq, yumaloq, kattaligi 1,5-2 mm.
O‘tloq sebargasi qanday sharoitda o‘sishiga qarab, aprelning ikkinchi yarmidan boshlab to sentabrgacha gullayveradi. Oldin ochilgan gullardan hosil bo‘lgan mevalar iyundan e’tiboran pisha boshlaydi.
O‘zbekistonda sebarga turkumining 7 ta turi o‘sadi. Bularning hammasi yuqori sifatli oziqbop va guli asalshiraga boy o‘simliklardir.
Burchoqdoshlarga mansub o‘simliklar qatoriga yantoq ham kiradi.
Yantoq asosan tog‘ etaklaridagi tekisliklarda, qir va cho‘llarda o‘sadi, respublikamizda yantoq turkumiga oid 4 ta tur tarqalgan. Bulardan biri qirg’iz yantog‘idir. Uning bo‘yi 60-120 sm, poyasi sershox, tikanlar bilan qoplangan ko‘p yillik o‘t. Barglari oddiy, ellips shaklida, ketma-ket o‘rnashgan. Tikani o‘tkir uchli, uzunligi 1-1,5 sm, poyaning shakl o‘zgarishidan hosil bo‘lgan. Shuning uchun ba’zida tikanlar ustida barglar yoki gullar o‘sib turganini uchratish mumkin.
Qishlab qolgan kurtaklardan mart oyida unib chiqqan o'simlik iyundan boshlab gullaydi. Uning gullari mayda, xuddi guldor kapalakchalarni eslatadi. Dastlab ochilgan gullardan avgustning birinchi yarmida meva hosil bo‘ladi. Yantoq mevasi (dukkagi) yoysimon egilgan va tasbehga o'xshash bo‘g’imlarga bo‘lingan.
Yantoq kuchli taraqqiy etgan ildiz sistemasiga ega. Yantoqning yoshi oshgan sari uning ildizi ham chuqurlikka va yoniga qarab uzaya boradi. Chuqurlikka qarab o‘sgan ildiz ko‘p vaqt o‘tmay, yer osti suvlariga yetib boradi. Uning suvsiz cho‘llarda bemalol o‘sishining siri ham shunda. Cho‘llardagi chorvadorlar yantoq haqida gapirganlarida «uning boshi olovda, oyog'i esa suvda» deyishadi. Bu albatta, hayotiy gap, chunki cho‘ldagi yantoqzorlar yer ostida suv borligidan darak beradi. Yantoq ildizining yon tomonga qarab o‘sgan tomirlaridan yangi kurtaklar hosil bo‘ladi. Bu kurtaklardan yerning ustiga qarab yangi poya, ostiga qarab yangi ildiz
o‘sib chiqadi. Demak, yantoqning yon ildizlari o‘simlik hayotida vegetativ yo‘l bilan ko‘payish vazifasini bajaradi. Binobarin, bir tup yantoqdan ko‘p vaqt o‘tmay bir necha tup yantoq, bir necha yillardan so‘ng esa yantoqzorlar hosil bo‘ladi.