Beshyaproqli partenotsissus, madaniy tok, terakbargli liftok, uzum. Bu oilaga asosan tropik va subtropik mintaqalarda tarqalgan 11 turkum va 600 dan ortiq tur kiradi. Tokdoshlar oilasi jingalaklari yordamida boshqa o‘simliklarga ilashib qaddini ko‘taradigan, liana shaklidagi buta va daraxtlarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda tokdoshlarga oid 3 turkumga mansub 4 ta tur o‘simlik o‘sadi. Ulardan bittasi yovvoyi, 3 tasi esa madaniydir.
Tokdoshlardagi jingalaklar poyaning o‘zgarishidan hosil bo‘lgan. Barglari 3-5 bo‘lakli panjasimon bo‘lingan, uzun bandli, yonbargchali. Gullari mayda, to‘g’ri, ikki jinsli yoki bir jinsli, yashil, ro‘vaksimon to‘pgulga yig‘ilgan. Kosachabarglari, tojbarglari va changchilari 4-5 tadan. Gulqo‘rg‘oni murakkab, lekin kosachasi yaxshi taraqqiy etmagan. Tojbarglari 5 ta, erkin yoki uchi bilan bir-biriga qo‘shilgan. Changchilari 5 ta, erkin. Urug‘chisi asosan 2 ta (ba’zan 3-6 ta) mevabargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Tuguncha 2 (ba’zan 3-6) uyali bo‘lib, har uyada 2 tadan urug‘kurtak joylashgan. Mevasi-rezavor meva.
Tokdoshlarning keng tarqalgan vakillaridan biri madaniy tokdir. Uning bo‘yi 2-4 (6-10) m gacha yetadi. Jingalaklari yordamida sorilarga, ishkomlarga yoki
boshqa daraxtlarga ilashib o‘sadi. Vegetativ yo‘l bilan ko‘paytiriladi. Tok iqlim sharoitiga qarab adirlarda so‘rilarga olinmaydi.
Pishgan novdalarining rangi malla, qizg‘ish yoki qo‘ng‘ir bo‘ladi. Bargi uzun bandli, panjasimon bo‘lingan. Tok may-iyun oylarida gullaydi. Gullari mayda, ikki jinsli, odatda shingil (bosh) deb ataladigan murakkab to‘pgulga joylashgan. Madaniy tok gulining tuzilishi oila uchun xos bo‘lgan gul tabiatni o‘xshaydi, lekin bunda 5 ta tojbarg erkin emas, balki uchi bilan bir-biriga qo‘shilgan bo‘lib, urug‘chi va changchilarini ustidan qalpoqqa o‘xshab qoplab turadi va gul ochilishi paytida tushib ketadi. Bundan tashqari, madaniy tok gulining urugchisi 2 mevabargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan.
Ertapishar (chillaki) tok navlarining mevasi iyuldan boshlab, kechki navlariniki esa oktabrda pishadi. Mevasi har xil shaklda, o‘lchamda va rangda, 2-3 urug‘li yoki urug‘siz, shirin yoki nordon bo‘ladi. Tok mevasi uzum deb ataladi. Uzum mazali va to‘yimli, yangiligida hamda quritib mayiz holida iste’mol qilinadi. Undan sharbat olinadi, shinni, murabbo va konservalar tayyorlanadi.
O‘zbekistondatokning500gayaqinnavio‘stiriladi.Bulardankishmish, kattaqo'rg’on, qorago'zal, daroyi, buvaki, hiloliy, qirmizi, husayni, hasayni, sohibi, rizamat, toifi, charos, soyaki, chillaki kabinavlari keng tarqalgan. Yozgi oshxona va choyxonalar, dala shiyponlari va ayvonlar oldiga yovvoyi uzum nomi bilan mashhur manzarali o‘simlik beshyaproqli partenotsissus ekiladi. Bu partenotsissus turkumiga oid poyasi ingichka, uzun jingalaklari bilan ilashib tikkasiga 10-15(20) metrgacha ko‘tarila oladigan, barglari panjasimon, murakkab, kuzda qizarib, keyin sarg‘ayadigan o‘simlik. Gulining va mevasining tuzilishi toknikiga o‘xshaydi. Vatani Shimoliy Amerika.
Respublikamizning janubiy viloyatlaridagi tog‘larning toshloq va qoyali yonbag‘irlarida terakbargli liftok o‘sadi. Bu liftok turkumiga oid yotib o‘suvchi buta. Barglari butun, cheti yirik tishli. Guli toknikiga o‘xshash, lekin kosachasi aniq ko‘rinmaydi, tojbarglari 5 ta, erkin, changchilari ham 5 ta. Mevasi qora, mayda, rezavor meva, iste’mol qilishga yaramaydi. Bu oilaga kiruvchi hamma
o‘simliklarning poyalari ilashib va vegetativ yo‘l bilan ko‘payishga moslashgan. Mevasi rezavor.
O‘zbekistonda tok tabiiy holda ham o‘sadi. U O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan.