Bir hujayrali hayvonlar bitta hujayradan tashkil topgan; ko‘pchiligi mikroskopik kattalikdagi organizmlar. Hamma hujayralarga o‘xshab, bir hujayralilar ham hujayra qobig’i, sitoplazma va uning ichida joylashgan bitta yoki bir nechta yadro va boshqa organoidlardan tashkil topgan. Lekin bir hujayralilar tirik organizmlar uchun xos bo‘lgan mustaqil moddalar almashinuvi, harakatlanish,
ta’sirlanish va ko‘payish xususiyatiga ega bo‘lishi bilan ko‘p hujayralilarning alohida olingan bitta hujayrasidan farq qiladi.
Bir hujayralilar sitoplazmasi ikki qavatdan iborat. Sitoplazmaning tashqi tiniq qavati ektoplazma, ikki donador qavati endoplazma deb ataladi. Odatda hujayra organoidlari ana shu endoplazmada joylashgan. Bir hujayrali hayvonlar hamma tirik organizmlar kabi erkin harakatlanish, ta’sirlanish, oziqlanish va ko‘payish xususiyatiga ega.
Sarkodalilar sinfiga hujayra sirtida qattiq po‘sti bo‘lmaydigan bir hujayrali hayvonlar kiradi. Qattiq po‘sti bo‘lmasligi sababli ular hujayrasining shakli doimiy bo‘lmaydi; sitoplazmasi turli o‘simtalar hosil qilib turadi. Bu o‘simtalar harakatlanish vazifasini bajarishi tufayli soxtaoyoqlar deb ataladi.
Sarkodalilar sinfining tipik vakili bo‘lgan 0,3-0,5 mm kattalikdagi oddiy amyoba chirindiga boy ko‘lmak suvlarda va hovuzlarda yashaydi. Uning tipik sitoplazmasi qattiq qobiq bilan o‘ralmagan. Shuning uchun hujayrasining shakli doimo o‘zgarib turadi. “Amyoba” so‘zi ham o‘zgaruvchan degan ma’noni anglatadi. Amyobaning sitoplazmasi ikki qavatdan iborat. Sitoplazmaning birmuncha rangsiz tiniq, lekin quyuqroq tashqi qavati ektoplazma, donador, lekin suyuqroq ichki qavati endoplazmadeyiladi.