Jinoiy jazolarni liberallashtirish – qonun ustuvorligining muhim sharti. Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan insonparvarlik, adolatparvarlik g‘oyalariga asoslangan jinoyat, jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini takomillashtirishga, jinoiy jazolarni liberallashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari Oliy Majlisga kiritildi. Ularning qabul qilinishi mamlakatimiz ijtimoiy hayotida o‘zining samarasini bermoqda. Masalan, Respublikamiz Prezidenti tomonidan loyihasi kiritilib, 2001 yil 29 avgustda Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan «Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqiqida»gi Qonun bilan jinoyatlarni tasniflash engillashtirish ma’nosida takomillashtirildi, yarashuv instituti joriy etildi. Jinoyat kodeksidagi o‘lim jazosini nazarda tutuvchi moddalar soni keskin kamaytirildi, mol-mulkni musodara qilish jinoiy jazo sifatida bekor qilindi va shu kabi inson huquqini himoya qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar qo‘llanildi.
O‘zbekiston Respublikasining «Prokuratura to‘g‘risida»gi 2001 yil 29 avgustda yangi tahrirda qabul qilingan Qonunining 20-moddasiga muvofiq «Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning harbiy qismlari, harbiy tuzilmalari, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarning ijro etilishi, shuningdek, ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi nazorat predmeti hisoblanadi».
Qonun ustuvorligini ta’minlash - huquqiy davlat barpo etishning asosiy mezoni. Huquqiy davlat tushunchasidemokratik davlat tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, demokratik, huquqiy davlat kuch, inqilob bilan emas, balki tabiiy-tarixiy evolyusion yo‘l bilan barpo etiladi. Albatta, har qanday jamiyatda huquqiy davlat tushunchasi u yoki bu qonunlarning mavjudligi bilan belgilanmaydi. Negaki, qonunlar huquq sifatida har bir davlatda mavjud va har qanday hokimiyat ulardan foydalanadi. Hamma gap o‘sha qonunlarning qandayligida va ularning qanday bajarilishidadir.