Huquqiy davlatni belgilovchi mezonlar quyidagilardan iborat: 1) Xalq hokimiyatining amalga oshishi.
2) Huquqning hukmronligi, ya’ni shaxs huquq va erkinliklarining hech kim, shu jumladan, davlat tomonidan ham hech qanday holda buzilmasligi.
3) Konstitutsiya va qonun ustuvorligi.
4) Hokimiyat vakolatlarining bo‘linish tamoyili.
5) Sud mustaqilligi.
6) Inson huquqlariga rioya etish, ularni himoya qilish va ta’minlash.
7) Davlat va fuqarolarning o‘zaro mas’uliyati.
8) Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning samarali ishlashi.
9) Huquqiy madaniyatlarning yuksak darajada ekanligi.
10) Demokratiyaning rivojlanishi va takomillashuvi.
Prezident Islom Karimov 2001 yil 29 avgustda Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis 6-sessiyasida “Adolat qonun ustuvorligida”gi ma’ruzasida quyidagi muhim jihatlarni alohida ta’kidlab o‘tdi:
1) Sud mustaqilligini ta’minlash.
2) Fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha alohida sudlarni tashkil etish.
3) Sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlash.
4) “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra sud kadrlarini tanlash va tayinlash mexanizmini mustahkamlash.
5) Jinoyatchilikning oldini olish uchun unga shafqatsiz jazo emas, balki qonuniy qay darajada anglashiga bog‘liqligini hisobga olish.
Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimov Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi sessiyasidagi ma’ruzalarida «Huquqiy davlatning mazmun-mohiyatini belgilaydigan amaldagi kodekslar, qonunlar, me’yoriy hujjatlarni tanqidiy baholagan holda huquqiy davlatni shakllantirish borasida birinchi galda qabul qilishimiz zarur bo‘lgan yangi qonun va me’yoriy hujjatlarni aniqlab olishimiz kerak» deb ta’kidlab o‘tdilar1.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashda yurtboshimizning 1996 yil 31 oktyabrdagi «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi»ni tuzish to‘g‘risidagi farmoni alohida ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bugungi kunda Milliy markaz mamlakatimiz va butun jahondagi inson huquqlari, erkinliklarini jahon xalqaro huquq normalari asosida himoya etishning ta’sirli vositasi sifatida faoliyati ham ibratli bo‘lmoqda. Biroq bu borada demokratik tamoyillarning hayotga to‘liq joriy etilishida jiddiy ayrim muammolar ham mavjud. Ulardan biri tom ma’nodagi sud mustaqilligiga erishishdan iboratdir. Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganidek, «Sudlar tom ma’nodagi mustaqil bo‘lgan holdagina qonunlarning qat’iy ijrosi, ularning haqiqiy ustuvorligi so‘zsiz ta’minlanadi. Qaerda sud mustaqil bo‘lmas ekan, shu erda qonun talablari va adolat buzilishi muqarrar»66. Darhaqiqat qonun ustuvorligini, insonning huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlamasdan turib, demokratik va fuqarolik jamiyatini qurish haqida so‘z yuritishga hech qanday asos qolmaydi.