Suyuqlik qonunlarini ikkita fan o`rganadi: ulardan birinchisi nazariy gidromexanika bo`lib, suyuqlik muvozanati va harakati qonunlarini aniq matematikaga asoslanib, ularni differentsial tenglamalar bilan ifodalash va uni yechishga asoslangandir. Ulardan ikkinchisi gidravlika bo`lib, u gidromexanikaning qonunlarini amaliy jihatdan o`rganib, uni texnikaning har xil sohalariga tadbiq etish bilan shug`ullanadi.
Gidravlika o`z xulosalarini suyuqlik harakatining soddalashtirilgan sxemalarini qarash asosida chiqaradi va, odatda nazariy tenglamalarga empirik koeffitsiyentlar kiritib, ularni tajribalar o`tkazish yo`li bilan aniqlaydi. Shuningdek, gidravlika oqimning kesim bo`yicha o`rtacha tezligi va bosimning harakat davomida yo`lning biror nuqtasidan ikkinchi nuqtasiga o`tganda qanday o`zgarib borishini tekshirish bilan qanoatlanadi. Keyinchalik gidravlika bilan gidromexanika fani o`zaro yaqinlashib, bir-birini to`ldiruvchi fanga aylandi. Bu narsa asrimiz boshida ijod etgan olim L. Prandtlning nomi bilan bog`liqdir.
Gidravlikaning tadbiqi sifatida gidromashinalar, gidroyuritmalar, gidroyuritmalar bo`limi bo`lib, u suyuqliklarda kuchlarning tarqalishi va uning harakat davomida o`zgarib borish qonunlarini har xil qurilmalar va mashinalarni hisoblash hamda loyihalashga tadbiq etish bilan shug`ullanadi.
Gidravlika shuningdek, gidrotexnika, irrigatsiya, suv ta'minoti va kanalizatsiya, neft mexanikasi, kimyoviy ishlab chiqarish jarayonlari va mashinalari kabi bir qancha fanlarning asosi hisoblanadi.
Gidravlika va gidromashinalar fani asosan ikki bo`limga bo`lib o`rganiladi, ya'ni gidravlika qismida tomchisimon suyuqliklarning siqilmaydigan muvozanat holati va harakat qonunlari o`rganiladi; gidromashinalar qismida-gidravlik mashinalar tuzilishi, ishlashi, asosiy tavsiflari va hisob tenglamalari hamda ularni loyihalash va ishlatishning asosiy qonunlari o`rganiladi.
Bu fan talabalarga suyuqliklarni saqlashda, saqlagichlarni loyihalash va ishlatish, hamda ularni tashishda va quvurlar orqali jo`natishda, rezervuar va quvurlarni hisoblash va loyihalash, hamda nasos stantsiyalarini, kompressor stantsiyalarini loyihalash va ishlatishni o`rgatadi.