Ijtimoiy ongni shakllantiruvchi metodlar - o’quvchilarda ma’naviy-axloqiy sifatlar, e’tiqod hamda dunyoqarashni shakllantirish maqsadida ularning ongi, his-tuyg’usi va irodasiga ta’sir ko’rsatish usullari.
Izohlash (tarbiya metodi sifatida) – tarbiyalanuvchiga hissiy-og’zaki ta’sir etish usuli.
Ilmiy dunyoqarash - uzluksiz, izchil ravishda mavjud fanlar asoslarini puxta o’zlashtirib borish, ijtimoiy munosabatlar jarayonida faol ishtirok etish natijasida barqarorlashgan dunyoqarash shakli.
Ilmiy tafakkur – inson aqliy faoliyatining yuksak shakli sanalib, ijtimoiy voqea-hodisalar, jarayonlarga nisbatan ilmiy yondashuv. Ilmiy qarash (yunoncha «idea» - g’oya, tasavvur, tushunchalar yig’indisi) - muayyan hodisa, jarayonning mohiyatini yorituvchi, ilmiy jihatdan asoslangan fikr, g’oya.
Iqtisodiy tarbiya - o’quvchilarga iqtisodiy bilimlarni berish, ularda iqtisodiy faoliyat (oila byudjetini shakllantirish, xo’jalikni yuritish, mavjud moddiy boyliklarni asrash, ko’paytirish, savdo-sotiq munosabatlarini to’g’ri tashkil etish va hokazolar)ni tashkil etish ko’nikma va malakalarini shakllantirishdan iborat pedagogik jarayon.
Iqtisodiy ta’lim - o’quvchilarga xo’jalik yuritish tizimi (oila byudjetini shakllantirish, xo’jalikni yuritish, mavjud moddiy boyliklarni asrash, ko’paytirish, savdo-sotiq munosabatlarini to’g’ri tashkil etish va hokazolar) to’g’risidagi nazariy bilimlarni berishga yo’naltirilgan pedagogik jarayon.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash - mutaxassislarning kasb bilimlari va ko’nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirish maqsadida tashkil etiluvchi ta’lim bosqichi.
«Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» - «Ta’lim to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalariga muvofiq, milliy tajribaning tahlili hamda ta’lim tizimidagi jahon miqyosidagi yutuqlar asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo’ljalni to’g’ri ola bilish mahoratiga ega bo’lgan, istiqlol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirish mazmunini belgilab beruvchi yuridik hujjat.