Reyting (baholash, tartibga keltirish, klassifikatsiyalash) - muayyan hodisani oldindan belgilangan shkala bo’yicha baholash.
Sinf - yoshi va bilimi jihatidan bir xil bo’lgan, ma’lum o’quvchilar guruhi.
Suhbat – savol va javob shaklidagi dialogik ta’lim metodi.
Tamoyil (yunoncha «principium») – biror-bir nazariyaning asosi, negizi, asosiy boshlang’ich qoidasi; boshqaruvchi g’oya, faoliyatning asosiy qoidasi; umumlashtirilgan talab.
Tarbiya – muayyan, aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida shaxsni har tomonlama o’stirish, uning ongi, xulq-atvori va dunyoqarashini tarkib toptirish jarayoni.
Tarbiya jarayoni - o’qituvchi va o’quvchi (tarbiyachi va tarbiyalanuvchi)lar o’rtasida tashkil etiluvchi hamda aniq maqsadga yo’naltirilgan samarali hamkorlik jarayoni.
Tarbiya mazmuni - shaxsning shakllanishiga qo’yiluvchi ijtimoiy talablar mohiyati
.Tarbiya metodi (yunoncha «metodos» – yo’l) – tarbiya maqsadiga erishish yo’li; tarbiyalanuvchilarning ongi, irodasi, tuyg’ulari va xulqiga ta’sir etish usullari.
Tarbiya nazariyasi – pedagogikaning muhim tarkibiy qismi; tarbiyaviy jarayon mazmuni, shakl, metod, vosita va usullari hamda uni tashkil etish muammolarini o’rganadi.
Tafakkur (ijtimoiy voqea-hodisalarning ongda to’laqonli aks etishi, inson aqliy faoliyatining yuksak shakli).
Tashhis –didaktik jarayon kechadigan barcha sharoitlarni oydinlashtirish, uning natijalarini belgilash.
Ta’lim – o’quvchilarga nazariy bilimlarni berish asosida ularda amaliy ko’nikma va malakalarni shakllantirish, ularning bilish qobiliyatlarini o’stirish va dunyoqarashlarini tarbiyalashga yo’naltirilgan jarayon.
Ta’lim va tarbiya mazmuni– shaxsning aqliy va jismoniy qobiliyatini har tomonlama rivojlantirish, dunyoqarashi, odobi, xulqi, ijtimoiy hayot va mehnatga tayyorlik darajasini shakllantirish jarayonining mohiyati.
Ta’lim vositalari – ta’lim samaradorligini ta’minlovchi ob’yektiv (darslik, o’quv qo’llanmalari, o’quv qurollari, xarita, diagramma, plakat, rasm, chizma, dioproyektor, magnitafon, videomagnitafon, uskuna, televizor, radio, komp’yuter va boshqalar) va sub’yektiv (o’qituvchining nutqi, namunasi, muayyan shaxs hayoti va faoliyatiga oid misollar va hokazolar) omillar.
Ta’lim jarayoni – o’qituvchi va o’quvchilar o’rtasida tashkil etiluvchi hamda ilmiy bilimlarni o’zlashtirishga yo’naltirilgan pedagogik jarayon.