13.2. -jadval "Buxorosut" AJning 2019 yil uchun umumishlab chiqarish xarajatlarini taqsimlash (taqsimlash bazasi – asosiy ishlabchiqarish xodimlarining ish haqi xarajatlari)
Mahsulot turlari
Asosiy ishlab chiqarish odimlarining mehnat haqi xarajatlari
Umumishlab chiqarish xarajatlari, ming so’mda
ming so’mda
% da
Sariyog’, kiloli
13 786
28,0
129 982
Brinza, yog’li
7 059
14,0
64 914
Pishloq, “Turist”
23 441
47,0
170 612
Sut, 2,5%
2 180
5,0
20 953
Qatiq
3 201
6,0
29 748
Jami
49 667
100
416 209
Ushbu jadvaldan kelib chiqib, bilvosita xarajatlar taqsimotining asosi sifatida quyidagilardan foydalanish mumkin:
– asosiy ishlab chiqarish xodimlarining mehnat haqi xarajatlari;
– mehnatning me’yoriy bevosita xarajatlari;
– korxonadagi muayyan texnologik jarayonda qatnashuvchi xodimlar soni.
Agar bo’linma faoliyati kapitaltalab bo’lsa, umumishlab chiqarish xarajatlarini asosiy vositalardan foydalanish bilan bog’liq ko’rsatkichlari asos qilib olinib taqsimlanadi. Bunda ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimoti bazasi sifatida asbob-uskunalarning haqiqiy ish soatlari, mahsulot turlari bo’yicha amortizatsiya ajratmalari yoki ma’lum texnik jarayonda foydalanilgan asosiy vositalarning qoldiq qiymati olinadi.
Korxona bo’linmasi faoliyati materialtalab bo’lsa, ya’ni, unda mahsulotlar tannarxiga qo’shiladigan xarajatlarning asosiy qismini xomashyo va materiallar xarajatlari tashkil qilsa, taqsimot bazasiga xomashyo va materiallarning haqiqiy bevosita xarajatlari hamda ularning rejali tannarxi kiritiladi.
Agar bo’linma faoliyati natijasi qandayligini (mehnattalab, kapitaltalab yoki materialtalab) aniq belgilash imkoni bo’lmasa, taqsimotning aralash bazasidan foydalaniladi. Bunda taqsimot bazasi to’liq bevosita moddiy xarajatlar (xomashyo, materiallar va asosiy vositalar mahsulotlarning ishlab chiqarish tannarxida katta salmoqqa ega bo’lsa)dan iborat bo’ladi.
Taqsimot bazalari korxona funktsional xizmatlari, ya’ni, boshqaruv apparati uchun ham ishlab chiqiladi. Bunda taqsimotning asosiy bazalari quyidagilardan iborat bo’ladi:
– ombor xo’jaligi uchun bir birlik mahsulotni bir kun saqlashning normativ xarajatlari ombordagi mahsulotlarning o’rtacha qoldig’iga ko’paytirilgani;
– dispetcherlik xizmati uchun tashib ketiladigan tayyor mahsulotlar tonna-kilometrda;
– yuklarni jo’natish bo’limi uchun tayyor mahsulotlarni yuklab jo’natish bo’yicha shartnomalar miqdori.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlarining eng mos taqsimlash bazasini hisoblash uchun ma’lum joriy xarajatlar talab qilinadi. Shu sababli, korxonalarda uncha mehnattalab bo’lmagan boshqa qo’shimcha taqsimot bazalaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Ularga mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish hajmi, ishlab chiqarilgan va sotilgan mahsulotlar tannarxi, xomashyo va materiallarni sotib olish tannarxi, marjinal daromad, xodimlarning o’rtacha ro’yxatdagi soni kabilarni kiritish mumkin.
Ishlab chiqarish bilvosita xarajatlari taqsimotining samarali tizimini tatbiq etish masalalariga e’tiborsizlik ko’p hollarda ishlab chiqarish dasturi, sotishlar va korxona baho siyosatida jiddiy xatoliklarga sabab bo’ladi, bu esa o’z navbatida, korxona moliyaviy faoliyatini salbiy natijalariga olib keladi.