21. Amaliy mashg`ulot. Mavzu: Genetik kolleksiyaning duragay yoki liniya materiallarida ayrim morfo-xo‘jalik belgilarning ko‘rsatkichlarini aniqlash va ularni statistik qayta ishlash Nazariy tushuncha. G‘o‘za-genetik tadqiqotlar ob’ekti sifatida. G.hirsutum L. turkumida F.M.Mauer klassifikatsiyasi bo‘yicha 35 tur bor. Ulardan to‘rttasi madaniy turlar hisoblanadi. Ulardan ikkitasi – G.herbaceum L. (afrika-osiyo g‘o‘zasi) va G.arboreum L. (hindi-xitay g‘o‘zasi xromosomalar to‘plami diploidli (2n=26). Qolgan ikkitasi - G.hirsutum L (meksika g‘o‘zasi); G.barbadense L. (peru g‘o‘zasi) allotetraploid, xromosomalar to‘plami (2n=52) ga teng. Allotetraploid turlar diploidlarga qaraganda hosildorligi, boshqa morfologik, xo‘jalik belgilari bo‘yicha ustun turadilar. Shu sababli bu turlar dunyo paxtachilik davlatlarining 90% ekin maydonini egallaydilar. Qolgan diploid turlar, shu jumladan 31 ta yovvoyi va 2 madaniy turlar genetik–seleksion tadqiqotlarda adaptiv va ba’zi bir xo‘jalik belgilarining donor genlari sifatida foydalaniladi. Allotetraploid turlar genetik tadqiqotlar ob’ekti sifatida qo‘yidagi xususiyatlari bilan xarakterlanidilar:
a) G‘o‘zaning boshqa amfidiploid turlari singari G.hirsutum L. uzoq davlom etgan evolyusion jarayon va tanlash natijasida funksional diploid xossasiga ega bo‘lgan. G.hirsutum L. da meyoz asosan diploid turlarga xos ravishda amalga oshadi. Meyozda 26 ta bivalent hosil bo‘ladi, xromosomalar qutblarga normal tarqaladi.
b) Bu turning forma va navlarining areali juda keng. Bu arealning tuproq-iqlim, agrotexnik sharoitlari juda xilma-xil bo‘lganligi sababli bunday sharoitlarga moslashgan organizmlar, tabiiyki, xilma-xil bo‘lishga majbur bo‘lganlar. SHu sababli bu tur doirasida barcha muhim morfologik, biologik, xo‘jalik belgilari bo‘yicha polimorfizm kuzatiladi.
v) Boshqa madaniy turlarda bo‘lgani kabi G.hirsutum L. forma va navlarida ham bir yillik, ham ko‘p yillik belgilari jamlangandir. Ular hayotining birinchi yilidayok reproduktiv fazaga kiradi, shu bilan birga ma’lum sharoitlar yaratilganda ular hayotini bir necha yil davom ettirishi mumkin.
g) G‘o‘zaning gullash, urug‘lanish jarayonlarining o‘ziga xos xarakterga ega ekanligi.
G‘o‘za o‘z-o‘zidan changlanish bilan birga, chetdan ham changlanish moyil o‘simlik hisoblanadi. Shu sababli duragaylash ishlarida chatishtirish uchun ota-ona sifatida olinayotgan o‘simliklar o‘rgalayotgan belgi bo‘yicha gomozigota bo‘lishligi lozim. Aks holda ko‘zda tutilgan qonuniyatlarni aniqlab bo‘lmaydi. Ilmiy-tadqiqotlarining muvaffaqiyatli va samarali chiqishligi boshlangich materialning tozaligiga bog‘lik. Shu sababli g‘o‘zaning genetik tadqiqotlarida boshlangich material sifatida Genetik kolleksiya liniyalaridan foydalanish mumkin.
Akademik D.A.Musayev o‘z shogirdlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy universitetida g‘o‘zaning morfologik va strukturali belgilarining genetikasini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazgan ko‘p yillik ilmiy-tadqiqot ishlarning natijasi o‘laroq G.hirsutum L. g‘o‘za turiga mansub gomozigotali izogen liniyalarning Genetik kolleksiyasi yaratilgan. Mana shu genetik kolleksiya liniyalaridan foydalanilgan holda tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
G‘o‘zaning genetik kolleksiyasi.Genetikaning molekulyar, biokimyoviy, fiziologik, evolyusion yo‘nalishlardagi muvaffaqiyati - o‘simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlar xususiy genetikasini o‘rganishdagi natijalarga bog‘liq. Xususiy genetikaning masalalarini xal etishda tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish va genetik tahlillarni o‘tkazish uchun esa o‘rganilayotgan ob’ektning genetik kolleksiyasi zarur bo‘ladi.
Genetik kolleksiya botanik va madaniy o‘simliklarning xilma-xil kolleksiyalaridan quyidagi xususiyatlari bilan farqlanadi.
1. Belgilar genetikasini o‘rganish uchun mo‘ljallangan genetik kolleksiyalar mumtoz (klassik), mutatsion, molekulyar genetika va sitogenetika usullaridan foydalanilgan holda ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratiladi.
2. Genetik kolleksiya liniyalari - muayyan belgilarni nazorat qiluvchi allel gen kombinatsiyalari bo‘yicha gomozigot genotipli.
3. Genetik kolleksiya liniyalari – fenotip jihatdan genotipni o‘zida aks ettira olgan, belgilarning kontrast namoyon bo‘lishiga ko‘ra tavsiflanadi.
4. Genetik kolleksiya liniyalari – poligenlarning murakkab o‘zaro ta’siri natijasida turli xil genotipga ega bo‘lishlari bilan birga, fenotipik o‘hshash bo‘lishiga ko‘ra tavsiflanadi.
O‘simliklar genetikasini o‘rganishdagi nazariy tadqiqotlarining jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, genetik kolleksiyaning izogen, monosom, translokatsion va boshqa xil liniyalari seleksiyaning genetik asoslari, fenogenetika, qiyosiy genetika, sitogenetika, mutatsion, biyokimyoviy, molekulyar genetika, gen-hujayra injenerligida olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar uchun model ob’ekt hisoblanadi.
Jahon ilmiy manbalarining tahliliga ko‘ra, yana ta’kidlash mumkinki, no‘xat, arpa, makkajo‘xori, suli, pomidor va bug‘doy singari o‘simliklarning genetik kolleksiyasining mavjudligi, bu o‘simliklarning xususiy genetikasini o‘rganishda juda katta imkoniyatlar yaratib bergan.
G‘o‘za o‘simligining genetikasini o‘rganishga ta’luqli ilmiy manbalar ko‘p sonli bo‘lishiga qaramay, o‘simlik genetik jihatdan mukammal o‘rganilgan ob’ekt hisoblanmaydi. Uning asosiy sababi madaniy vakilning amfidiploid kelib chiqish tarixiga ega ekanligi, o‘rganilayotgan belgilari bo‘yicha genetik kolleksiyadagi izogen liniyalarning to‘liq seriyali allellariga ko‘ra gomozigot genotiplilarining yo‘qligidir.
G‘o‘za genetikasiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar 1960 yildan O‘zMU ga qarashli Genetika va sitoembriologiya kafedrasi, G‘o‘za genetikasi amaliysi, hamda 1992 yildan O‘zRFA qarashli “Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi” instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Ilmiy tadqiqotlar G. hirsutum L.-g‘o‘za turiga ta’luqli allotetraploid genetik liniyalari va madaniy navlarda olib borilgan. Shuningdek boshlang‘ich manba sifatida akad. N.I. Vavilov va uning xodimlari tomonidan yaratilgan xilma-xil toifadagi madaniy jahon kolleksiya namunalari (VIR- Umum Rossiya O‘simlikshunoslik) va O‘zbekiston O‘simlikshunoslik ilmiy tadqiqot institutining kolleksiya namunalaridan foydalanilgan. Ilmiy tadqiqotlarni nazariy jihatdan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va genetik kolleksiyani yaratish maqsadida akad. N.I. Vavilovning
mulohazalari, hamda LDU (Sobiq ittifoq davrida Leningrad Davlat universiteti hozirda Sank-Peterburg DU) professorlari M.S.Lobashev va T.I.Fadeevalarning takliflari asosida O‘zMU ga qarashli G‘o‘za genetikasi amaliysida g‘o‘za o‘simligining 500 dan ortiq izogen liniyalari akad. D.A.Musayev va uning shogirtlari tomonidan yaratilgan.