Aflotun (Pluton; mil.av. 427-347 yy., Afina) – faylasuf, san’atkor, shoir, dramaturg. Attika qiroli sulolasiga tegishli Kodra oilasida tug’ilgan. Onasi Periktiona ham o’z davrining taniqli olimlari Salon va hukmdor Kritiylar sulolasidan bo’lgan. Alloma suhbatlar shaklidagi badiiy-falsafiy asarlarni yozib qoldirgan. Uning ma’rifiy-axloqiy qarashlari “Siyosat”, “Davlat”, “Qonunlar” asarlarida aks etgan. Faylasufning pedagogik va axloqiy qarashlari siyosiy ta’limoti bilan uzviy bog’liq. Aflotun tomonidan “ideal davlat” nazariyasi asoslangan. Ushbu nazariyaga ko’ra jamiyat quyidagi uch tabaqaga ajratiladi:
davlat arboblari – faylasuflar;
soqchilar (harbiylar);
dehqonlar va hunarmand.
Oilalarda ana shu uch tabaqa vakillari shakllantirilishi lozimligi alloma asarning negizini tashkil etadi.
Allomaning fikricha, tarbiyaning mazmuni kattalar ta’sirida bolalarda axloqiylik va oliyjanoblikni shakllantirish g’oyasini ifodalaydi. U bolalarni tarbiyalashda ichki asos – hissiyotning shakllantirilishiga e’tibor berish muhimligini ta’kidlaydi.
Aflotun tarbiyaning eng samarasi vositasi sifatida o’yinni e’tirof etadi. Bundan tashqari bolalarga adabiy asarlarni o’qib berish, hikoya qilish katta ahamiyatga egaligini e’tirof etadi. Materiallarni sinchiklab tanlash badiiy asarlarning bolalar tarbiyasiga ko’rsatadigan ta’sirini yanada kuchaytiradi, deb hisoblaydi alloma. Faylasufning barcha ma’naviy-axloqiy va siyosiy qarashlari oilada bolalarni yoshligidanoq ijtimoiy nuqtai nazardan tarbiyalash zarurligini yoritishga xizmat qiladi.
Demokrit (mil.av. 460-370 yy.) – qadimgi yunon faylasufi, atom nazariyasining asoschisi. U o’z asarlarida oilada bola tarbiyasiga boshqa yunon mutafakkirlari singari katta ahamiyat qaratadi.
Alloma “tabiat bilan tarbiya bir-biriga o’xshaydi” g’oyasini ilgari surish orqali tarbiyani tabiatga muvofiqlashtirish masalasini birinchi bo’lib kun tartibiga olib chiqadi. “Ta’lim mehnat asosidagina go’zal narsalarni hosil qiladi” mazmunidagi qarashlar esa Demokritning tarbiyada mehnatning roli katta ekanligiga e’tibor qaratganligini tasdiqlaydi. Shu nuqtai nazardan oila tarbiyasida ham mehnatning tarbiyaviy imkoniyatlaridan foydalanish foydadan holi emasligini uqtiradi. Alloma shaxsdan doimo mehnat bilan band bo’lishni talab qildi. Zero, faylasufning uqtirishicha, shaxs mehnat qilishga odatlanib borgan sari o’zida o’zgacha zavqni tuyadi. Bu borada ota-onalarning farzandlariga o’rnak bo’lishlari shart.
Demokrit bolalarni ularning yoshligidanoq gigienik maqsadlarga erishish uchun ayrim mashqlarni bajarishga o’rgatish, ularning nozik, zaif tanalarini chiniqtirish zarurligini aytadi. Uning fikricha, bolalarga qattiq yig’lash va qichqirishlariga halaqit qilmaslik lozim. Zero, bu holatlar ular uchun o’ziga xos gimnastika hisoblanadi. Bir qadar katta yoshdagilar uchun esa bolalar o’yinlari nihoyatda muhim ahamiyatga ega21.
Ulug’ mutafakkir “insondan inson, hayvondan hayvon tug’iladi, shunga ko’ra yaxshi ota-onadan faqat yaxshi farzandlar tug’ilishi lozim. Tabiat ana shunga harakat qiladi, biroq, bunga hamisha ham erishilavermaydi”22, – deb ta’kidlaydi.
Ota-onalarga bolalarda yaxshi xulq-atvorni hosil qilishda mashq metodidan ko’proq foydalanishni uqtiradi.