Guliston davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi oila pedagogikasi


Ma’rifatparvarlarning asarlarida oila tarbiyasiga oid qarashlarning



Yüklə 1,13 Mb.
səhifə16/97
tarix01.02.2023
ölçüsü1,13 Mb.
#82247
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   97
portal.guldu.uz-OILA PEDAGOGIKASI

Ma’rifatparvarlarning asarlarida oila tarbiyasiga oid qarashlarning aks etishi. XVI asrdan boshlab o’zida mualliflarning hayotiy tajribalari asosida Evropada bevosita ta’lim hamda bolalarni to’g’ri tarbiyalash masalalarini yoritgan asarlar yaratila boshlandi. Ularning mualliflari “ma’rifatparvarlar” deb nomlandi. O’rta asr ma’rifatparvarlari orasida chex pedagogi, “Didaktika” fanining asoschisi Yan Amos Komenskiy (1592-1670 yy.) alohida o’rin tutadi. 1627 yilda pedagogik faoliyatini boshlagan Ya.A.Komenskiy 1632 yilda “Chex didaktikasi” asarini yaratdi. 1633-1638 yillarda esa ushbu asarni qayta ishlab, lotin tiliga tarjima qildi va uni “Buyuk didaktika” deb nomladi. Mazkur asar ma’rifatparvarning mumtoz asari hisoblanadi.
Asarda har bir inson hayoti uchun muhim masalalar xususida so’z yuritilgan. Pedagogning keyingi faoliyatida ushbu masalalar yanada rivojlantirilib, ular negizida qator darslik va qo’llanmalar yaratildi. “Tillar va hamma fanlarning ochiq eshigi” (1631 y.), “Fizika” (1633 y.), “Astronomiya” (1632 y.), “Onalar maktabi” (1632 y.) va b. asarlar shular jumlasidandir.
Ya.Komenskiyning shaxs ta’limi va tarbiyasini tashkil etishdagi buyuk xizmati oila va maktab tarbiyasini o’zaro uyg’unlashtirish muammosining ilmiy jihatdan asoslab berganligi bilan belgilanadi. Ya.A.Komenskiy yashagan davrga qadar bolalar tarbiyasi, asosan, ikki muhit – maktab va oilada amalga oshirilar edi. Buyuk pedagog oilaning tarbiyaviy imkoniyatini, ota-onalarning tarbiyachi sifatidagi maqomiga daxl qilmagan holda yosh avlodni maktabda o’qitish va tarbiyalashning afzalligini asoslashga urindi. O’z yondashuvining to’g’riligini Ya.A.Komenskiy “Buyuk didaktika” asarining VIII bobida shunday izohlaydi: “Ota-onalar va ularning kasbi turlicha bo’lganligi sababli o’z bolasini tarbiyalash qo’lidan keladigan yoki ishdan so’ng etarlicha vaqt ajratib, bola tarbiyasi bilan shug’ullanadiganlar juda kam topiladi. Shuning uchun ham necha asrlardan buyon ko’pchilik oilalar o’z bolalarini bilimli, og’ir tabiatli maxsus kishilarga berib o’qitib kelmoqdalar. Yoshlarni tarbiyalovchi bunday kishilar, odatda, ustoz, tarbiyachi, muallim, professor deb atab kelinadi, bolalarni to’plab birga mashg’ulot o’tkazadigan joyni esa maktab, o’quv yurti, auditoriya, kollegiya, gimnaziya, akademiya va h.k. deb ataladi”26.
“Buyuk didaktika” asarining IX bobida o’g’il bolalar bilan bir qatorda qiz bolalarni ham o’qitish zarurligi asoslab berilgan: “Maktablarda faqat boylar va aslzodalarning bolalarinigina emas, balki umuman hammani: barcha shahar va qishloqlardagi aslzodalar va oddiy xalqni, boylar va kambag’allarni, o’g’il va qiz bolalarni ham o’qitish zarur”.
Qizlarni ham maktablarda o’qitish zarurmi, degan savolga Ya.A.Komenskiy shunday javob beradi: “Xotin-qizlar erkaklar singari, ko’p holatlarda esa erkaklardan ham ko’ra o’tkir aql-idrokka ega, erkaklar qatori eng yuqori lavozimlarni bajarib kelmoqda.
Buyuk pedagog shaxsning rivojlanish bosqichlarini quyidagi to’rt davrga bo’ladi:
1) go’daklik;
2) bolalik;
3) o’smirlik;
4) etuklik27.
Har bir davr olti yilni o’z ichiga oladi. Har bir yosh davriga mos keladigan maktab mavjud bo’lishi kerak. Xususan, go’daklik davri uchun – ona maktabi, bolalik davri uchun – boshlang’ich maktab (ona tili maktabi), o’smirlik davri uchun – lotin maktabi yoki gimnaziya, etuklik davri uchun akademiyaning bo’lishi maqsadga mvofiqdir.
Ya.Komenskiyning fikricha, har bir oila, har bir xonadon “ona maktabi” hisoblanadi, zero, tarbiya dastlab oilada beriladi. “Ona tili maktabi” esa har bir jamoada, har bir qishloqda, gimnaziya – har bir shaharda, akademiya har bir davlat yoki viloyatda bo’lishi zarur.
Buyuk pedagog qanday qilib bolada o’qishga ishtiyoq uyg’otish mumkin, degan savolga quyidagicha javob beradi: “Bolalarda o’qishga nisbatan ishtiyoqni uyg’otish va uni saqlab qolish ota-onalar, maktab, o’quv fanlari, o’qitish metodi va maktab boshliqlariga bog’liq... Agar ota-onalar bolalarning ko’z oldida donolik va donishmandlar to’g’risida yaxshi gaplar aytishsa, yaxshi kitob, chiroyli kiyim yoki boshqa yaxshiroq narsalar olib berishni va’da qilib, bolaning g’ayratini oshirsa, ayniqsa, bolani o’qitishi lozim bo’lgan muallimning bilimdonligi va xushmuomalaligini maqtashsa (axir, sevish va qoyil qolish taqlid qilishning eng samarali vositasi hisoblanadi); nihoyat boladan ba’zan muallimga biror topshiriq yoki kichik sovg’a bilan yuborib turishsa va h.k. bolalar fanni ham, ota-onani ham astoydil sevib qoladilar”.
Umuman olganda, Ya.A.Komenskiy bolalarga ta’lim va tarbiya berishni ilmiy jihatdan birinchi bor asoslab berar ekan, bu jarayonda oilaning, ota-onaning rolini asosli ravishda ko’rsatib bera oldi.
XVII asrning oxiri va XVIII asr boshlarida G’arbiy Evropada absolyutizm va feodal tartiblar tanqid qilinib, ilm-fan va maorif keng targ’ib qilindi. Ijtimoiy fikr borasidagi bu yo’nalish “ma’rifat” deb atalib, uning vakillari tarixga “ma’rifatparvarlar” nomi bilan kirdilar. Ma’rifatparvarlar eski tartiblarni bekor qilishga, yangi ilg’or tartiblarni joriy qilishga qaratilgan g’oyalarni ilgari surdilar.
Ana shunday ma’rifatparvarlardan biri ingliz faylasufi Jonn Lokk (1632-1704 yy.) sanaladi. Jonn Lokk o’zining pedagogik qarashlarini “Tarbiya haqida ayrim fikrlar” (1963 y.) asarida bayon etgan.
Jonn Lokk o’z pedagogik qarashlarida bolalarni ham oilada, ham maktabda tarbiyalash zarurligiga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, bolada axloqiy sifatlarni oila muhitida hosil qilish samarali bo’lsa, maktab bilim, ko’nikma va malakalarni hosil qiladi.
Ma’rifatparvar oilada bolalarni tarbiyasini yo’lga qo’yishda jismoniy tarbiyaga katta ahamiyat berdi. “Salomatlik bizga kasbiy faoliyatimiz muvaffaqqiyati uchun zarur”, – deb ta’kidlash bilan birga o’sha davr uchun o’ta mukammal bo’lgan tizimni taklif etdi. U bolalarni yoshlikdanoq charchoq, qiyinchilik, g’am-g’ussani oson engib o’tishga tayyorlab borishni muhim deb hisobladi. Jonn Lokk bola hayotida qat’iy belgilangan tartibning ahamiyatini yuqori baholaydi. Shu bilan birga pedagog ota-onalarga turli yoshdagi bolalarni kiyintirish, ovqatlantirish yuzasidan maslahatlar beradi. Pedagog bolani erkalatib o’stirishni zararli deb hisoblaydi va bunday yondashuvga qarshi turdi.
Uning fikricha, bolalarni oila muhitida tarbiyalashda eng muhim shart ularda ijobiy odatlarni tarkib toptirishdir: “Agar siz ularni nimagadir o’rgatish muhim, deb hisoblasangiz, buni amaliyot vositasida hodisalarni hosil qilish yo’li bilan tarkib toptiring! Odatlarni tarbiyalash ilk bolalikdanoq boshlanishi zarur”.
Bundan tashqari, Jonn Lokk tarbiyada ijobiy natijalarga erishish uchun ota-onalar bolaning individual xususiyatlarini o’rganishlari, ularning qiziqishlaridan etarli darajada xabardor bo’lishlari kerakligini alohida ta’kidlaydi.
Evropada ma’rifat g’oyalarining targ’ib etilishida frantsuz mutafakkiri, gumanist va demokrat Jon-Jak Russo (1712-1778 yy.) ham o’ziga xos o’rin egallagan. Uning erkin tarbiya borasidagi g’oyalari 1762 yilda nashr etilgan “Emil yoki tarbiya haqida” asarida o’z aksini topgan. U ham boshqa ma’rifatparvarlar singari oilada bolani tarbiyalashda yosh va individual xususiyatlarni hisobga olishni, bolani har tomonlama chuqur o’rganishni talab qildi.
Jonn Jak Russoning fikricha, bola tabiati etuklikni aks ettira olishi, uning o’zida tabiiylikni namoyon eta olishi uchun g’amxo’rlik qilish zarur. Ota-ona yoki tarbiyachi o’z qarashlari, e’tiqodlari yoki tayyor axloqiy qoidalarni bolaning ongiga singdirishi kerak emas, balki unda tabiat tomonidan inom etilgan xususiyatlarning tobora rivojlanib, boyib borishi uchun imkoniyat yaratib berishi lozim. Tabiiy tarbiya – erkin tarbiyadir.
Ko’pchilik ma’rifatparvarlar singari Jonn Jak Russo ham shaxsning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etuvchi quyidagi to’rt davrni ajratib ko’rsatadi:
1-bosqich – tug’ilgandan ikki yoshgacha, to nutq hosil bo’lgungacha bo’lgan davr. Bu davrda bolaning jismoniy tarbiyasiga e’tibor qaratish lozim.
2-bosqich – ikki yoshdan o’n ikki yoshgacha bo’lgan davr. Jonn Jak Russo bu davrni obrazli tarzda “bolaning aqlga ega bo’lish davri” deb ataydi.
3-bosqich – o’n ikki yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan davr. Bu yoshda asosiy e’tiborni bolalarning aqliy jihatdan rivojlanishiga va ular tomonidan mehnat ko’nikmalarining o’zlashtirilishiga qaratish zarur.
4-bosqich – 14 yoshdan balog’atga etgungacha bo’lgan davr. Jonn Jak Russoning iborasi bilan aytganda, bu bosqich “shiddat va tug’yon davri” sanaladi.
Jonn Jak Russo o’zining “Emil yoki tarbiya haqida” asarida qizlar tarbiyasiga ham alohida to’xtalib o’tadi. Jonn Jak Russoning fikricha, ona bo’lish uchun qizlar ro’zg’orni yurita olishlari, oilada saranjom-sarishtalikka erishishlari, kiyinish, yurish-turish va muomalada turmush o’rtog’iga yoqa olishlari kerak. Qizlarning tarbiyasida o’g’il bolalarning tarbiyasida qo’llaniladigan farq usullardan foydalanishga e’tibor qaratish lozim. Oila muhitida qizlarni tarbiyalashda ularda itoatkorlikni, garchi ularga yoqmasa-da, biroq, shaxsiy faoliyatni tashkil etishda boshqalarning nuqtai nazarlarini inobatga olish ko’nikmasini tarbiyalash kerak.
Ma’rifatparvarning fikricha, ayol go’zal, latofatli bo’lishi, sog’lom, ruhan tetik, jismonan baquvvat bolalarni dunyoga keltira olishi uchun jismoniy mashqlarni bajarishi, jismoniy mehnat bilan shug’ullanishi zarur. Qizlarning voyaga etishlarida jiddiy aqliy mashg’ulotlar ular uchun ahamiyat kasb etmaydi. Jonn Jak Russoning qizlar tarbiyasiga oid qarashlarida ayollarning mustaqilligi, erkinligiga nisbatan konservativ yondashuvi inobatga olinmasa, boshqa barcha fikrlari amaliy xarakterga ega.
Evropa ma’rifatparvarlari orasida Iogann Genrix Pestalotstsi (1746-1827 yy.)ning nomi alohida qayd etiladi. Zero, shveytsariyalik bu pedagog-demokrat o’zining butun hayotini xalq bolalarini tarbiyalash va o’qitish ishiga bag’ishlagan. Uning “Lingard va Gertruda” (1781-1787 yy.), “Gertruda o’z bolalarini qanday qilib o’qitadi”, “Onalar kitobi yoki onalar uchun o’z bolalariga kuzatish va gapirishni qanday o’rgatish haqida qo’llanma” kabi asarlarida oilaning bola tarbiyasidagi o’rni, onaning bu boradagi namunasi bayon etilgan.
Iogann Genrix Pestalotstsining fikricha, tarbiyaning maqsadi odamning barcha tabiiy kuchlarini va qobiliyatlarini o’stirish, o’stirganda ham bir-biriga uyg’un ravishda o’stirishdir. Tarbiyaviy omilning bolaga ko’rsatayotgan ta’siri uning tabiatiga uyg’un bo’lishi lozim.
Pedagog tarbiyaning mohiyati to’g’risidagi o’z tasavvurlariga asoslangan holda tarbiyaning yangi, ya’ni, shaxsning tabiatiga muvofiq holda uning kuchi, imkoniyatlarini rivojlantirib borishga yordam beruvchi metodlarni yaratishga intiladi. Iogann Genrix Pestalotstsi ham boshqa pedagoglar kabi bolani tarbiyalashni uning tug’ilgan kunidanoq boshlash lozimligini uqtirib o’tadi: “Bola tug’ilgan soat unga ta’lim berishning birinchi soatidir”. Shu sababli pedagog chinakam pedagogika onani to’g’ri tarbiyalash metodlari bilan qurollantirishi lozim, deb hisoblaydi. Pedagogika san’ati esa tarbiya metodikasini har bir ona, shu jumladan, oddiy dehqon ayoli ham egallab oladigan darajada soddalashtirib bera olishi lozim. Tabiatga muvofiq tarbiya oilada boshlanib, maktabda davom ettirilishi kerak.
Iogann Genrix Pestalotstsi tarbiyaning asosiy vazifasini kelgusida ijtimoiy jihatdan foyda keltira oladigan hamda har jihatdan uyg’un kamol topgan insonni tarbiyalab voyaga etkazishdir, deb hisobladi. Bolalar boshqalarga foyda keltiradigan ishlarga jalb etilib, bu borada izchil mashq qildirish yo’li bilan axloqiy jihatdan kamolotga etkaziladi. Pedagogning fikricha, organizmning tabiiy ehtiyojlarini qondirish asosida bolada onaga nisbatan tug’iladigan mehr-muhabbat axloqiy tarbiyaning eng oddiy ko’rinishi (elementi)dir. Bolaning axloqiy etuk bo’lishi uchun oila muhitida asos solinadi. Bolaning o’z onasiga bo’lgan muhabbati asta-sekin oilaning boshqa a’zolariga nisbatan ham namoyon bo’la boshlaydi.
Qisqa qilib aytganda, Iogann Genrix Pestalotstsi oilada shaxsning barcha tabiiy kuchi va qobiliyatlarini uyg’un qilib o’stirishni tarbiyaning asosiy vazifasi deb hisoblaydi. Pedagogning bolani jismoniy, axloqiy va aqliy jihatdan etuk qilib tarbiyalashga oid fikrlari bugungi kun uchun ham ahamiyatlidir.
Polyak pedagogi, bolalar yozuvchisi bo’lgan Yanush Korchak (taxallusi; haqiqiy ismi va familiyasi – Genrix Goldshmit; 1879-1942 yy.) tibbiy ma’lumotga egaligi sababli dastlab Varshava shahrida bolalar shifokori sifatida faoliyat ko’rsatgan. So’ngra bolalar koloniyalarida tarbiyachi lavozimida ishlagan. 1911 yilda Varashavadagi “Bolalar uyi” direktori lavozimiga tayinlandi. Ya.Korchak o’zining tarbiyaviy kontseptsiyasini II Jahon urushi vaqtida frontda “Bolalarni qanday sevmoq kerak?” (“Kak lyubit detey?”) nomli asarida bayon etdi. XX asrning 20-30-yillarida tarbiya masalalarini o’zida qamrab olgan maqolalar hamda bolalar uchun badiiy asarlar yaratdi. Uning eng mashhur asarlari – “Qirol Matiush II” (“Korol Matiush II”; 1923 y.), “Qachon men qaytadan bolaga aylanaman?” (“Kogda ya snova stanu malenkim?”; 1925 y.), “Qaysar bola. L.Pasterning hayoti” (“Upryamo’y malchik. Jizn L.Pastera”; 1938 y.) kabilar sanaladi.
Ya.Korchak tomonidan ilgari surilgan pedagogik kontseptsiyaning asosini har bir bola shaxs sifatida qadr-qimmatga ega g’oyasi tashkil etadi. Tarbiyaning maqsadi esa – har bir bolaning qobiliyatini erkin, to’laqonli rivojlantirish, uning shaxsini ezgulik, go’zallik, erkinlik g’oyalari asosida shakllantirish. Tarbiyaning zarur sharti sifatida Ya.Korchak oilada samimiylik, o’zaro ishonchga asoslangan sog’lom muhitni yaratish, bolani turli zo’ravonliklardan himoya qilish deb hisoblaydi. Pedagogning tarbiyaviy tizimlari negizini bolaning o’z-o’zini anglashi, baholashi, nazorat qilishi va o’z-o’zini takomillashtirishiga imkon beradigan iroda va uni shakllantirish tashkil etdi. Tarbiyachi, qolaversa, “Bolalar uyi”ning rahbari sifatida Ya.Korchak o’z faoliyati va asarlarida demokratik g’oyalar hamda o’z-o’zini boshqarishga asoslangan bolalar jamoasini shakllantirishga asosiy e’tiborni qaratadi.



Yüklə 1,13 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   97




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin