Оилавий муносабатлар – ота-оналар ёки боланинг камолоти учун масъул бўлган шахслар (бува-бувилар) ҳамда фарзандлар ўртасида турли йўналишларда ташкил этилувчи муносабатлардир
Ushbu munosabatlar farzandlarning aqliy, ruhiy kamolotini ta’minlab, ota-onalarda o’ziga xos faollikni yuzaga keltiradi. Xususan, farzandlarning bevosita ta’siri tufayli ularning qiziqish hamda faoliyatlari doirasi kengayadi, o’zaro aloqalari mazmunan boyib boradi, real hayot mohiyatini chuqurroq anglash, ya’ni, farzandlar kamoloti, kelajagi timsolida o’z umri davomiyligini kurish holati ro’y beradi.
Shaxsning ma’naviy sifatlarga ega bo’lishi, unda ma’naviy bilimlarni egallashga nisbatan ehtiyoj va qiziqishning paydo bo’lishida oila tarbiyasi asosiy rolni bajaradi. Oilada qaror topgan sog’lom ma’naviy-ruhiy muhit farzandlarning etuk, barkamol bo’lib voyaga etishlari uchun beqiyos ahamiyatga egadir.
Sharqda azal-azaldan oila tarbiyasiga yuksak baho berib kelingan. Sobiq Ittifoq davrida esa oilaning shaxs tarbiyasidagi beqiyos o’rni va roli inkor etilgan edi. Shaxs ijtimoiy muhit vositasida tarbiyalanar edi.
Oilada bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalovchi maskan sanaladi. Shunday ekan, uning muhitida tashkil etiladigan munosabatlarning oila zimmasidagi vazifalarni to’la-to’kis ado etilishiga e’tibor qaratish muhimdir. Oila zimmasidagi vazifalarning samarali bajarilishi, oilaviy munosabatlarning to’g’ri tashkil etilishida ota-onalar tomonidan tanlangan munosabat uslubi muhim ahamiyatga ega.
Zamonaviy sharoitda oilalarda ota-ona va farzandlar o’rtasidagi munosabatni o’rganish natijasida barcha oilalar uchun quyidagi to’rtta uslub xos ekanligini ko’rish mumkin:
avtoritar uslub;
anomal uslub;
liberal uslub;
demokratik uslub.
Quyida barcha oilalar uchun xos bo’lgan to’rtta uslub mohiyati yuzasidan so’z yuritiladi.
1. Oilaviy munosabatlarning avtoritar uslubga asoslanishi. Bunda oilada ota-onaning obro’si hal qiluvchi rol o’ynaydi. Oilada shaxslararo munosabatlarda teng xuquqlilik erkin xatti-xarakat qilish tashabbuskorlik, bolalarning yurish-turishi, xatti-harakati imkon qadar cheklab qo’yiladi. Ota-ona tomonidan tarbiyaviy ta’sir o’tkazishning asosiy metodi jazolashdan iborat bo’lib qoladi. Buning natijasida farzandlarda ota-onaga yaqinlik, mehr hissi asta-sekin yo’qola boshlaydi. Keyinchalik bu tuyg’u farzandlarning ota-onadan uzoqlashishi, begonalashishiga sabab bo’ladi. Oilaviy munosabatlar bolalarni qoniqtirmaydi. Buning natijasida ular odamovilik, tortinchoqlikni o’zlashtira boshlaydilar. Avtoritar uslubga asoslangan munosabatlar odatda qo’rqoq va irodasiz shaxslarning shakllanishiga olib keladi.
2. Oilaviy munosabatlarning anomal uslubga asoslanishi. Bu kabi oilalarda oilaviy nizo o’zaro ajralishlarning asosiy manbai sanaladi. Oila a’zolari o’rtasidagi munosabatlar anomal uslubga asoslanuvchi oilalar sirasiga asosan ota-ona yoki ulardan biri ichuvchi yoki giyohvand bo’lgan oilalar kiradi. Oiladagi anomal holat farzandlarning osoyishta yashashi va o’qishi uchun imkon bermaydi. Mazkur oilalarda hukmron bo’lgan muhit ta’sirida bolalarda asabiylik, xudbinlik, ota-onani hamda oilaning boshqa a’zolarini hurmat qilmaslik, mensimaslik, bo’ysunmaslik, kelishmovchilik kabi salbiy sifatlar shakllanadi.
3. Oilaviy munosabatlarning liberal uslubga asoslanishi. Farzand tarbiyasiga bu xildagi munosabatda bo’ladigan oilalarda tashqaridan qaraganda murosasizlik, ko’ngilchanlik, iliq psixologik iqlim, ruhiy barqarorlik hukmrondek ko’rinadi. Aslida esa “liberallik” oiladagi har qanday vaziyat beandishalik bilan hal etiladi. Buning oqibatda bolalarning irodaviy sifatlari zaiflashib, ikkiyuzlamachilik, o’zgalar bilan murosa qila olmaslik, kelishmovchilik kabi sifatlari shakllanib boradi.
4. Oilaviy munosabatlarning demokratik uslubga asoslanishi. Ota-onaning farzandlarga nisbatan demokratik munosabati uning oilada har tomonlama shakllanishi, kamol topishi uchun zarur bo’lgan sharoitni yuzaga keltiradi. Demokratik uslubga asoslangan oilaviy munosabatlar, ularni tartibga soluvchi qoidalar farzandlar hayoti va faoliyatini tartibga soluvchi mexanizm hisoblanadi. Bolalar oilada u yoki bu masalalarni bevosita o’zlari to’g’ridan-to’g’ri hal qiladilar. Oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi demokratik g’oyalar asosida farzandlarning qiziqish, intilish, xohish-istaklari va manfaatlarini o’zaro muvofiqlashtirish, ularni murosaga keltirish va kelishtirish siyosati yotadi. Ota-onaning farzandiga bo’lgan demokratik yondashuvi oila a’zolarni birlashtiradi, oila mustahkamligini ta’minlaydi. Anglanganidek, ota-onaning farzandga nisbatan demokratik yondashuvi oila muhitida ijtimoiy muammolarni hal etishga yodram beradi.
Har bir oilada ijtimoiy munosabatlar o’ziga xos tarzda namoyon bo’ladi. Oilaviy munosabatlarning o’ziga xosligi uning a’zolari ma’naviyati, hayotiy intilishlari, maqsadlarida aks etadi. Shuningdek, oila a’zolarining o’zaro ta’siri ota-ona va farzandlar munosabati mazmunini belgilab beradi.
Oilaviy munosabatlar mazmunini belgilovchi muhim mezon oila hayotini tartibga soluvchi ijtimoiy-axloqiy me’yorlar hamda oila a’zolarining axloqidir. Shu sababli ajdodlar oilaviy munosabatlarning ijobiy xarakter kasb etishiga katta e’tibor qaratib kelganlar. Binobarin, jamiyatning rivoji bevosita oilalarning barqarorligi, mustahkamligi hamda ijtimoiy-axloqiy munosabatlarning sog’lomligiga bog’liqdir.
Dostları ilə paylaş: |