Oila tarbiyasi metodlari – muayyan jamiyatda ijtimoiy maqsadni amalga oshirish jarayonida pedagogik faoliyatning samaradorligini ta’minlash maqsadida foydalaniladigan tarbiyaviy ta’sirlar tizimidan iborat. Bu metodlar shaxsiga yo’naltirilgan bo’lib, bolalarda ijobiy mazmundagi sifatlarni tarbiyalash, ularni har tomonlama, barkamol shaxs bo’lib kamolga etishlarini ta’minlashga xizmat qiladi
Pedagogika fanida e’tirof etilgan qarashlarga muvofiq tarbiya metodlari o’sib kelayotgan avlod tarbiyasini tashkil etish, ularda ma’naviy-axloqiy, aqliy hamda irodaviy sifatlarni tarbiyalash maqsadda qo’llaniladi. Milliy xususiyatlarni namoyon etuvchi tarbiyaning muhim omillari bo’lgan tarbiya metodlari esa yosh avlodni muayyan jamiyatda tan olingan ma’naviy-axloqiy me’yorlarga asoslanib tarbiyalashni nazarda tutadi.
Oila tarbiyasini tashkil etish chog’ida qo’llanilayotgan tarbiya metodlari o’zlarining yo’nalishi, mazmuni va asosiy g’oyasiga ko’ra rang-barangdir. Oila tarbiyasi metodlarini quyidagi tarzda guruhlash mumkin:
Mazmuniga ko’ra.
Qo’llanilishiga ko’ra.
Ta’sir darajasiga ko’ra.
O’z navbatida oila tarbiyasida qo’llaniladigan metodlar guruhining har biri ham alohida guruhlarga ajratiladi. Ular:
I. Mazmuniga ko’ra: 1) ijobiy xarakterga ega metodlar; 2) salbiy xarakterga ega metodlar.
II. Qo’llanilishiga ko’ra: 1) faol qo’llaniladigan metodlar; 2) kam qo’llaniladigan metodlar.
III. Ta’sir darajasiga ko’ra: 1) faoliyatdan norozilikni ifoda etuvchi metodlar; 2) faoliyatni rag’batlantiruvchi metodlar; 3) faoliyatning ta’qiqlanishiga olib keluvchi metodlar (9-rasm):
Ijobiy xarakterga ega ayrim metodlarning mohiyati. Quyida ijobiy mazmunga ega metodlardan namunalar keltirilib, ularning mohiyati yoritiladi.
Iltimos metodi oilada bevosita talabning eng ta’sirchan va tez-tez ishlatiladigan shakllaridan biri. U ota-onalar bilan bolalar o’rtasidagi samimiy munosabatlarga tayanadi va ularning hamkorligiga erishish vositasi hisoblanadi.
Iltimos qilish muomalaning boshqa turlaridan shu bilan farq qiladiki, faoliyatni tashkil etishda bola mustaqil harakat qiladi. Iltimos shunday ohangda bayon etilishi kerak-ki, bola so’ralayotgan harakatni majburan emas, balki o’z ixtiyori bilan bajarishi lozimligini anglasin. Shuni ham qayd etish zarurki, iltimos o’rtoqlarcha o’zaro yordam ko’rsatishga turtki beradi.
Ishonch bilan talab qilish – eng kuchli tarbiyaviy vositadir. U bolaga o’zining oilada muayyan o’rni borligini anglash hamda oila manfaatlari yo’lida mehnat qilishi maqsadga muvofiq ekanligini his qilish, ularning ishonchini oqlashga intilishga yordam beradi. Aksariyat holatlarda ishonch bilan talab qilish bolani ancha murakkab, mas’uliyatli, ayrim vaziyatlarda faxrli topshiriqni bajarishga yo’naltiriladi.
Bunda shuni eslatib o’tish kerakki, ishonch talabning faqat xususiy metodgina emas, balki, eng avvalo, bolalarga bo’lgan munosabat mazmunini anglatuvchi tamoyildir. Talabning mazkur ko’rinishini amalda qo’llashda me’yorga rioya qilish, bolaga ishonchni ta’kidlayverish emas, balki u tomonidan topshiriqni ongli amalga oshirilishi muhim ekanligini yodda tutish kerak.
Ma’qullash – muayyan sharoitda bolalar faoliyatining kuchli omiliga aylanadi. Bola tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgan faoliyatni ma’qullash kelgusida uning ijtimoiy faolligini oshirish ko’rsatkichlardan biri bo’ladi. Shuningdek, farzandlar ota-onalarining fikrlarini qadrlasalar, ma’qullash yanada samarali ta’sir ko’rsatadi.
Ba’zan o’smirlar ma’lum ishni bajarishda harakatlarining ota-onalari tomonidan ma’qullanishiga nisbatan ehtiyoj sezadilar. Ma’qullash ularda o’z kuchiga ishonch uyg’otib, bundan keyingi intilishlar manbai bo’lib xizmat qiladi. Ma’qullash bolani quvontiradi, tabiiyki, u ana shu quvonchni o’z muvaffaqiyatlari bilan qiyoslab ko’radi. Vaqt o’tishi bilan faoliyatda erishilgan muvaffaqiyatdan qoniqishning o’zi amaliyotdagi eng kuchli omil bo’lib qoladi.
O’git bolaga yo’l-yo’riq ko’rsatishdan iborat bo’lib, u yoki bu xatti-harakat, amaliy vazifani ijobiy hal etish borasida bolaning mustaqil ravishda qaror qabul qilishi uchun ota-onalar tomonidan ko’rsatilgan amaliy tavsiya sanaladi.
Iltimos singari maslahat ham boladan muayyan faoliyat yoki xatti-harakatni amalga oshirishni majburiy ekanligini anglatmaydi, ushbu vaziyatda bola tanlash huquqiga ega bo’ladi. Tarbiya jarayonida maslahat metodidan foydalanish bolada ishga ongli munosabatni shakllantiradi. Bundan tashqari, ota-onalarni do’st sifatida qabul qilishlariga imkon beradi. Ota-onaning obro’si atroflicha bilimlarga, katta hayotiy tajribaga, mahoratga asoslanadi. Shu bilan birga maslahat – bu hamma narsani ipidan ignasigacha tasvirlab beradigan yo’l-yo’riq emas, balki ko’pincha echimlarni mustaqil izlashga undashdan iboratdir.
Maslahat berish yana shunisi bilan foydaliki, u bolalarni muayyan vaziyatlarda, ayniqsa, ma’lum qiyinchiliklar yuzaga kelganda ota-onalari bilan maslahatlashishga o’rgatadi. Ota-onalar bolalarning bunday xatti-harakatlarini qadrlar ekanlar, ularda kichik yoshdagi o’rtoqlariga yordam ko’rsatish ko’nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor berishlari lozim.
Sha’ma qilish – bolalarni muayyan xatti-harakatlarga rag’batlantirishning yashirin shakli va eng nozik vositalardan biri. Sha’ma ilgari ishlatilgan, yaxshi tanish bo’lgan, shuningdek, mohiyati ochib berilmaydigan talablarni o’ziga xos shartli qisqartmalaridir. Tajribali ota-onalar sha’ma qilishmetodini qo’llaganlarida aksariyat holatlarda ko’z tikib qarash, qoshlarini harakatlantirish, “sirli” savolni berish bilan kifoyalanadilar. Bu o’rinda “O’tkan kunlar” romanida Yusufbek Hojining o’g’li Otabekka: “Hamma narsaga etgan aqling shu narsaga qolganda nega oqsaydi?”87, degan sha’masini keltirish mumkin. Muayyan sharoitda sha’ma iltimos, talabning “yashirin” vazifasini bajaradi.
Shart metodi shundan iboratki, bola uchun yoqimli bo’lgan biror faoliyat turi yoqimsiz yoki qiyin faoliyat uchun rag’batlantiruvchi omil sifatida namoyon bo’ladi. “Darslaringni qilsang – o’ynagani borasan” kabi murojaat so’z yuritilayotgan metodning yorqin ko’rinishidir.
Shartdan foydalanilganda bajarilishi shart bo’lgan faoliyatni tashkil etishga sarflangan kuch (jismoniy yoki aqliy) evaziga «mukofot» sifatida taklif etiluvchi faoliyat o’rtasidagi aloqa ko’zga tashlanadi. Aks holda bolalarda shartdan o’z manfaati yo’lida foydalanish istagi paydo bo’lishi mumkin. Bunday vaziyatda talab ota-onalar tomonidan emas, aksincha, bolalar tomonidan qo’yiladi, ya’ni, “Bizning futbol o’ynashimizga ruxsat etsangiz, uyni yig’ishtirib chiqamiz” va h.k. tarzida.
Shart qo’yish bolalarning xulq-atvorlari, ularning qiziqish va mayllarini yaxshi bilish, ularning individual qobiliyatlari va imkoniyatlari darajasini inobatga olishni nazarda tutadi. Bu usulni ham boshqa metodlar kabi suiiste’mol qilmaslik kerak.
O’yin shaklidagi shart odatda bolalar uchun qiziqarli bo’lmagan, balki zerikarli mashg’ulotlarni tashkil etishga to’g’ri kelganda, kichik yoshdagi bolalar bilan ishlash jarayonida samaradorlikka erishish maqsadida qo’llaniladi.