Adaptatsiya - insonning ijtimoiy muhit bilan faol o’zaro munosabatda bo’lish va uning potentsialini shaxsiy rivojlanish uchun ishlatish qobiliyati.
Amaliy ishlar metodi – o’zlashtirilgan bilimlarni amaliyotda qo’llash ko’nikmalarini shakllantiruvchi usul.
Anamnez - ota-ona yoki bolani tarbiyalovchi boshqa shaxslardan shifokor, pedagog yoki psixolog tomonidan bola haqida ma’lumot olish. Anamnez to’planayotganda bolaning irsiyligi, boshdan kechirgan kasalliklari, nutq, o’yin faoliyati rivojlanish xususiyatlari to’g’risida ma’lumotlar aniqlanadi.
Anomaliya - jismoniy yoki ruhiy rivojlanishning umumiy normalaridan og’ish.
Anormal bolalar - normal ruhiy va jismoniy rivojlanishda buzilishlar bo’lgan bolalar. Ularni engib o’tish uchun maxsus metodlar talab qilinadi.
Axloq (lotincha «moralis» - xulq-atvor ma’nosini bildiradi) - ijtimoiy munosabatlar hamda shaxs xatti-harakatini tartibga soluvchi, muayyan jamiyat tomonidan tan olingan va rioya qilinishi zarur bo’lgan xulq-atvor qoidalari, mezonlari yig’indisi.
Axloqiy ong – shaxsga axloqiy me’yorlar va xulq-atvor qoidalari to’g’risidagi nazariy bilimlarni berish asosida hosil qilinuvchi ong shakli.
Axloqiy tarbiya – muayyan jamiyat tomonidan tan olingan va rioya qilinishi zarur bo’lgan tartib, odob, o’zaro munosabat, muloqot va xulq-atvor qoidalari, mezonlarini o’quvchilar ongiga singdirish asosida ularda axloqiy ong, axloqiy faoliyat ko’nikmalari va axloqiy madaniyatni shakllantirishga yo’naltirilgan pedagogik jarayon; ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismi.
Aqliy tarbiya - shaxsga tabiat va jamiyat taraqqiyoti to’g’risidagi bilimlarni berish, uning aqliy (bilish) qobiliyati, tafakkuri va dunyoqarashini shakllantirishga yo’naltirilgan pedagogik jarayon; ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismi.
Baynalminallik («inter» – orasida, o’rtasida, aro, «natio» – xalq)– o’zga millat va elatlarning haq-huquqlari, erki, urf-odatlari, an’analari, turmush tarzi, tili hamda vijdon erkinligini hurmat qilish, ularning manfaatlariga ziyon etkazmaslikni ifoda etuvchi shaxsga xos ma’naviy-axloqiy fazilat.
Bilim – shaxsning ongida tushunchalar, sxemalar, ma’lum obrazlar ko’rinishida aks etuvchi borliq haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy ma’lumotlar majmui.
Bilim olish – borliqni idrok etish, o’rganish, mashq qilish va muayyan tajriba asosida xulq-atvor hamda faoliyat ko’nikma, malakalarining mustahkamlanib, mavjud bilimlarning takomillashib, boyib borish jarayoni.