Guliston davlat universiteti



Yüklə 1,09 Mb.
səhifə77/177
tarix26.02.2022
ölçüsü1,09 Mb.
#53145
növüУчебно-методический комплекс
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   177
O ’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi

1-savolning bayoni: XIII–XIV asrlarda bugungi kunda tuzilmalarini shakllantirayotgan, ekstremistlar g‘oyaviy jihatdan tayanayotgan aqidaparast salafiylik oqimi yuzaga keldi.

Ibn Taymiyya boshchiligidagi salafiylar Markaziy Osiyo mutafakkir, olim va ulamolarini «islom mohiyatini soxtalashtirish»da ayblab, xalifalikni ideallashtirishga asoslangan qarashlar tizimini ishlab chiqdilar va jihodni unga erishishning asosiy vositasi sifatida e’lon qilib, o‘z g‘oyalariga jangovarlik tusini berdilar. SHunday qilib, salafiylik hokimiyat uchun kurashning mahsuli edi. SHu tariqa, XVIII asrning birinchi yarmida Muhammad Abdul Vahhob salafiylik asosida Arabiston yarim orolida hokimiyat uchun kurash olib borishga moslashtirilgan vahhobiylik ta’limotini yaratdi.

YAngi davr Arab SHarqidagi mutaassib oqimlar dastlab salafiylik va vahhobiylikka asoslangan bo‘lsalar-da, keyinroq ulardan ham ilgarilab ketdilar. Bu tuzilmalarning g‘oyaviy dasturi «ixvoniylik» va «jihod»ga asoslangan bo‘lib, ko‘p sonli jangarilik uyushmalariga g‘oyaviy ozuqa berib kelmoqda.

1928 yilda Misrning Ismoiliya shahridagi maktabda mudarrislik qilgan, sufiylikning xasafiya maktabiga mansub bo‘lgan Hasan Abdurahmon al-Banno musulmon olamini tozalash va musulmon aholi yashaydigan mamlakatlar hududida islom davlatini qurishdek vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan «Musulmon birodarlar» uyushmasini tuzdi. Barcha musulmon va nomusulmon hukumatlarga qarshi jihod – yalpi urush e’lon qilish ushbu maqsadga erishish yo‘li sifatida belgilangan edi. Al-Banno o‘zining «Fannul-mavt» («O‘lim san’ati») kitobida mavjud hukumatlarni yo‘q qilishga erishish yo‘llarini asoslab berdi va ilk marta o‘zini o‘zi qurbon qilish shaklida jangarilik amaliyotini tayyorlash va amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyatni oqlab fatvo berdi.

Harakatning yuzaga kelish shart-sharoitlari, tarixiy vaziyat va o‘sha davrda Misrdagi siyosiy kuchlarning nisbatini o‘rganish ko‘plab tadqiqotchilarga unga mohiyatan terrorizmga asoslangan, uzluksiz inqilob g‘oyasiga amal qilgan Kominternning barqaror ta’siri bo‘lganini qayd etish imkonini bergan edi. Musulmon SHarqida kommunistparast guruhlarni shakllantirish uchun sharoitning etarli emasligi Komintern faollarining terror uslublarini targ‘ib qilish, uni eksport qilish va islomiy tashkilotlarni o‘zlarining siyosiy kurash usullari bilan qurollantirish orqali jamiyatni beqarorlashtirishdek vazifani hal qilishga intilishlariga yo‘l ochdi. Ular bu yo‘lda muayyan muvaffaqiyatga erishdilar ham.

Bundan tashqari, fashistlar Germaniyasi emissarlari faolligi bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlar ham mavjud. 1940 yilda Hasan al-Banno «Musulmon birodarlar»ning asosiy vazifasi terrorchilik hujumlari uyushtirish bo‘lgan «maxfiy apparat»ni tuzadi. SHunisi e’tiborga molikki, u tomonidan uyushtirilgan ayrim jangovar operatsiyalar fashistlar homiylik qilgan «Masr al-Fatot» tashkiloti yordamida amalga oshirilgan. SHu yillarda «Musulmon birodarlar»ning Suriyadagi bo‘linmasi ham jangarilarning shunga o‘xshash tizimini yaratdi. Ularning Suriyada o‘tkazgan jangovar amaliyotlari esa fashistlar homiylik qilgan Antuan Saade boshchiligidagi Suriya Millatchilik partiyasi jangarilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

150 kishi atrofida bo‘lgan «maxfiy apparat»dagi jangarilar beshliklarga bo‘lingan holda maxsus tayyorgarlikdan o‘tganlar. Tayyorgarlik jarayonida jangarilarning irodasini Oliy nozirga butunlay bo‘ysundirish, shu orqali ularni al-Bannoning «Fannul-mavt» kitobida tushuntirilgan usullarda o‘zini qurbon qilishga tayyorlaganlar. Al-Bannoning yuz yillar davomida yashirin faoliyat ko‘rsatish va ma’naviy rahbar irodasiga so‘zsiz bo‘ysunish tizimlarini ishlab chiqqan sufiylikning xasafiya maktabiga mansub ekanini yodga oladigan bo‘lsak, bunday texnologiya qaerdan o‘zlashtirilgani oydinlashadi.

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, jangarilar asosan o‘z fikrida sobit bo‘lmagan, qat’iyatsiz kishilardan tayyorlanadilar. CHunki bunday shaxslar o‘zining kimligini ko‘rsatish uchun keskin, oqibati puxta o‘ylanmagan qarorlar qabul qilishga moyil bo‘ladilar.

SHunday qilib, islom bayrog‘i ostida faoliyat ko‘rsatayotgan zamonaviy ekstremizmning paydo bo‘lishi va rivojlanishini tarixning muayyan davrida ustuvor bo‘lgan ko‘plab omillar, turli jarayonlarning o‘zaro ta’sirlashuvining natijasi deb tushunish mumkin.

Turli salbiy jarayonlarning omuxtalashuvi islom ritorikasi bilan qo‘shilgan holda keyinchalik ikki sistema o‘rtasidagi kurashda umumiy beqarorlashtiruvchi vosita sifatida qo‘l keldi. Ularning har biri o‘z maqsad va manfaatlaridan kelib chiqib uni moliyalashtirishga, kerakli yo‘nalishga solishga harakat qilib keldi. «Musulmon birodarlar» o‘z tashkilotlarini rivojlantirish uchun Britaniya hukumatidan mablag‘lar olib turgani tarixdan ma’lum. Bu vaqtda britaniyaliklar ulardan arab davlatlari siyosiy sahnida faoliyat yuritayotgan boshqa kuchlarga qarama-qarshi kuch sifatida foydalanishga intilar edi. Biroq shunga o‘xshash holatlarda bo‘lganidek «birodarlar» bu mablag‘lardan terrorchilik xurujlarini amalga oshirishda, jumladan, britaniyalik fuqarolarning o‘zlariga ham hujumlar uyushtirishda foydalanganlar.

Keyinchalik «birodarlik» asosida ko‘plab ekstremistik va terrorchilik uyushmalari vujudga keldi. Dastlabki aqidaparastlar Hasan al-Banno, Mustafo as-Siboiy o‘rniga kelgan Said Qutb, Muhammad Gazoliy, Umar at-Tilmisani, Salohiddin Ashmaviy, Ali Bayonuniy kabi shaxslar ushbu tuzilmalarning faoliyati yanada agressivroq bo‘lishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

1953 yilda «Musulmon birodarlar» uyushmasining bir guruh a’zolari Iordaniyada «Hizbut tahrir al-islomiy» nomli yangi partiyani tuzadi. Bu partiyani Taqiyuddin Nabhoniy al-Falastiniy boshqaradi. Partiya o‘z oldiga barcha musulmon davlatlari hududida yagona islom davlati – «xalifalik» tuzish maqsadini qo‘yadi. Mohiyatan «Musulmon birodarlar»dan unchalik farq qilmagan ushbu partiya o‘z harakatlarini u bilan muvofiqlashtirgan holda olib bordi va terrorchi tuzilmalarga muntazam ravishda jangarilarni tayyorlab berish vazifasini bajara boshladi. Xuddi «birodarlar» bilan bo‘lganidek, maxsus xizmatlar bozorida jangarilarga talab bo‘lmagan hollarda partiya o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘poruvchilikni amalga oshira oladigan uyushmalar tuzadi. Bu oxir-oqibatda «birodarlar» bor joyda hizbutchilar, hizbutchilar bor joyda «birodarlar»ning faoliyat ko‘rsatmasligida namoyon bo‘lgan ta’sir doirasini bo‘lib olishdek amaliyotning shakllanishiga olib keldi.

Dunyo bo‘yicha faoliyat olib borayotgan bunday qudratli tashkilotlardan muntazam ravishda kichik terrorchi uyushmalar paydo bo‘lib turadi. XX asrning 70-yillari boshidan musulmon olamida «Junud Alloh», «Jihod», «al-Jihod al-islomiy», «SHabab-Muhammad», «Al-takfir val-hijra» va boshqa tashkilotlar faoliyat olib bordi. Ularning ko‘pchiligi hozir ham bor bo‘lsa-da, bugun yuqorida qayd etilgan tashkilotlar a’zolarining eng faol qismini o‘zida to‘plagan va xalqaro tarmoq sifatida faoliyat yuritayotgan «al-Qoida»ning bir qismi sifatida ish olib bormoqda.

Lekin, yangi sharoitda «al-Qoida» muhim bir xususiyatga ega, ya’ni u ekstremistik tashkilotlarni moliyalashtirish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan jangarilar va ekstremistlarning xizmatlari bozori sifatida tarkib topdi.

Ushbu tashkilot «al-Qoida» etakchilarining kam-ko‘stsiz yashashi, qo‘poruvchilik operatsiyalarini amalga oshiruvchi ulkan mashinaning doimiy faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun narkobiznes, kidnepping (tovon olish maqsadida kishilarni garovga olish), boy musulmon oilalaridan qo‘rqitish orqali pul undirish va boshqa ko‘plab manbalar hisobiga moliyaviy mablag‘lar yig‘adi.

SHu o‘rinda jangarilar xizmat bozorida kasbiy mahoratga ega mutaxassislarning paydo bo‘lishi XX asrning 90-yillarida terrorizmning beqiyos darajada avj olishiga zamin yaratganini ta’kidlash zarur. Gap shundaki, sovuq urush tugashi bilan malakali mutaxassislarning bir qismi o‘z davlatlarida ishsiz va e’tiborsiz qoldilar. Bu ularni katta mablag‘larga ega ekspert va yollanma jangchilar bozoriga etaklab keldi. Ularning sa’y-harakatlari bilan giyohvand moddalar savdosi yangi darajaga ko‘tarildiki, bu o‘z navbatida terrorchilik xurujlarining faollashuviga olib keldi.

YUqorida ta’kidlanganidek, hozirda shunday holat yuzaga keldiki, terrorizmga qarshi turgan kuchlar o‘z vaqtida ikki qutbga mansub mamlakatlar uzoq yillar davomida yaratgan ulkan ajdaho bilan kurashmoqdalar. Jangarilarni yollovchi kishilar shaklu shamoyili noma’lum xalifalik (yoki kommunizm)ni qurish yo‘lida o‘zini o‘zi qurbon qilib, qo‘poruvchiliklarni amalga oshirayotgan kishilar ongini egallagan g‘oyalarga mutlaqo befarqdirlar. YOllovchi ekspertlar hech qachon jangovar harakatlarda shaxsan ishtirok etib, o‘zlarini qurbon qilmaydilar. Har doim soyada qolgan holda, ular terrorchilikni narkobiznes bilan qo‘shib, amalga oshiriladigan harakatlar ko‘lami va terrorizmni tayyorlaydigan tarmoqlarni jiddiy kengaytirishga erishdilar. Ular mavjud ekstremistik tuzilmalardan mazkur sohadagi xizmatlar bozorini rivojlantirishda ham ustalik bilan foydalanmoqdalar. Bu bozor esa, ularning xizmatlariga doimiy talabni yuzaga keltiradigan ba’zan, «al-Qoida» va uning tuzilmalarini ham xohlagan maqomga soladigan asosiy buzg‘unchi bo‘g‘in sifatida chiqmoqda.

2-savolning bayoni: «Iroq va Shom islom davlati» tashkil topishida «al-Qoida» tashkiloti muhim o‘rin tutgan. Dastlab, 2004-yilda xalqaro miqyosdagi terrorchi Abu Mushab Zarqoviy Iroqda «Tavhid va jihod harakati»ni tuzadi va «al-Qoida»ning Iroqdagi bo‘limi sifatida faoliyat olib boradi. Iroqdagi harakat doirasini kengaytirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib boriladi. Keyinchalik unga «Jaysh al-fotihin», «Jaysh as-sahoba» kabi bir qator terrorchi guruhlar qo‘shilishi natijasida Zarqoviy 2006-yilda Abdulloh Rashid Bag‘dodiy boshliq «Mujohidlar maslahat kengashi» tuzilganini e’lon qiladi. Buning natijasi­da Yaqin Sharqdagi bir necha terrorchi guruhlarni birlashtirgan tashkilot 2006-yil 15-oktyabrda «Iroq islom davlati» nomi ostida Iroqda tashkil topadi va unga Abu Umar Bag‘dodiy ismli shaxs rahbarlik qiladi.

2010-yil 19-aprelda Abu Umar Bag‘dodiy o‘ldirilgandan so‘ng guruhga Abu Bakr Bag‘dodiy nomi bilan tanilgan Abdullo Ibrohim as-Samariy (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Ibrohim Avvad al-Badriy al-Husayniy) rahbarlik qiladi. Suriyada kechayotgan mojarolarga mustaqil armiya sifatida kelib qo‘shilgandan so‘ng, 2013-yil aprel oyida tashkilot «Iroq va Shom islom davlati» (IShID) deb nomlandi. «Al-Qoida» tashkiloti «IShID»ning Suriyadagi mojarolarga aralashganidan so‘ng, 2014-yil fevral oyi­da mazkur tashkilotning «al-Qoida»ga aloqasi yo‘q deb bayonot berdi. BMT Xavfsizlik kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi eng xavfli hisoblangan «al-Qoida» faolligining kamayishi undanda kuchliroq terrorchilik tashkilotlari, xususan «Iroq va Shom islom davlati»ning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

2014-yil 29-iyunda tashkilot rahbarlari tomonidan Iroq va Shom (Suriya) hududida xalifalik tuzilgani va Abu Bakr Bag‘dodiy xalifa ekani e’lon qilindi. Keyinchalik, «IShID» o‘zini «Islom davlati» deb nomladi.

Tashkilotning bosh maqsadi islom «xalifaligi»ni qayta tiklash va islom shariatini amalga tatbiq etishdan iborat. Bu yo‘lda Iroq, Suriya mamlakatlari negizida sunniy musulmonlarning yagona davlati «xalifalik»ni barpo etib, bosqichma-bosqich Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari hisobiga kengaytirishni e’tirof etadi.

Hozirgi kunda «IShID» tomonidan boshqaruv o‘rnatilgan hududlarda na islomiy va na insoniy tamoyillarga to‘g‘ri keladigan qonunlar joriy qilinmoqda. «IShID» aqidasiga ko‘ra, dunyoviy-ma’rifiy yo‘lni tutgan musulmon davlatlar tuzum shakllarini kufr deb e’lon qilgan. Ushbu qarashlarning barchasi islom dinining haqiqatini bilmaslik, uning matnlarini zohiran, yuzaki tushunish, mazmun-mohiyatini chuqur anglamasdan hukm chiqarish va o‘z yo‘nalishiga moslab sharhlashga asoslanadi. Jumladan, ular e’lon qilgan «shirk ko‘rinishlarini, unga olib boruvchi vositalarni yo‘q qilish» g'oyasi hozirda musulmon olamida shirk mavjud degan qarash bo‘lib, maqbaralarni buzish, qadimiy yodgorliklarni tashkil etuvchi haykallar, arxeologik topilmalarni yo‘q qilishga qaratiladi.

Shuning bilan birga, xristian dini vakillarini «zimmiy» hukmida hisoblab, ulardan «jizya» solig‘ini majburlab undirish, ularga xoch osib yurmaslik, ibodat vaqtida ovoz kuchaytirgichlardan foydalanmaslik kabi taqiqlar ham belgilab qocyilgan. Diniy toqatsizlik, ayollar va bolalar huquqlarining poymol etilishi, taraqqiyot yutuqlaridan yuz o‘girish, oddiy insonlar hayotiga tajovuz qilish avjiga chiqmoqda. Hattoki, musulmon ayollarga nisbatan esa o‘ta mutaassibona hukmlar joriy qilinib, ularni buzganlarga shafqatsiz jazo metodlari qo‘llanmoqda. Bundan tashqari, «IShID» maxsus kiyimini kiyish vojib, kiymaganga darra uriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur hududda aholi shariat talablariga bo‘ysunishga majbur qilinmoqda. Sud tizimi bekor qilinib, «qozilik» joriy etilgan. Dunyoviy tashkilotlar, madaniyat maskanlarining faoliyati umuman to'xtatilgan. Shu sababli, «IShID»ning botil aqidalari butun dunyodagi musulmon ulamolari tomonidan qattiq tanqid ostiga olingan.

Mazkur tashkilot o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, Internet orqali turli tillarda targ‘ibot olib borish va puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzish asosiy vazifaga aylangan. Ayniqsa, yoshlar orasida mutaassiblikka yo‘g‘irilgan bunday forumlarning tobora ommalashuvi hamda ularda turli ko‘rinishdagi buzg‘unchi «fatvo»larning berib borilishi muammoning naqadar jiddiy ekanini namoyon etadi. Masalan, so‘nggi yillarda Internet tizimi orqali tarqatilgan shunday fatvolardan biri, «Nikoh jihodi» deb atalib, unga ko‘ra, Suriyada o‘zlaricha «jihod qilyapmiz» deb iddao qilayotgan «jihodchilar»ga nikohlanishga, ularning jinsiy ehtiyojini qondirishlari uchun boshqa davlatlardan ayollar va qizlarning Suriyaga hijrat qilishlari lozimligini ta’kidlaydi. Odatda bunday soxta fatvoga uchgan qizlarga jihodchilarning lagerlarida joriyalarga qilinadigan munosabat ko‘rsatiladi. Hatto bir yoki undan ortiq «mujohid»ga nikohlanib chiqishiga ham izn berilgan.

2014-yil noyabr oyida «IShID» rahbari Abu Bakr Bag‘dodiyning bayonotiga ko‘ra, Saudiya, Misr, Yaman kabi davlatlardan tarafdorlar kelib ularga bay'at qilgani, shu sababli mazkur hududlarda o‘zlarining valiylarini tayinlagani aytib o‘tildi. Bu esa, «IShID»ning hozirgi kundagi faoliyat koHami yanada kengayib borayotgani hamda global xatarga aylanayotganiga dalildir.

Rasmiy bayonotlarda aytilishicha, tashkilot hozirgi kunda dunyo­dagi eng boy terroristik tashkilotlardan biriga aylangan. Uning asosiy moliyaviy manbalari quyidagilardan iborat:

•bosib olingan hududlarda qolga kiritilgan neft xomashyosini noqonuniy yo‘llar orqali sotish;

• guruh nazorat qilayotgan hududda yashaydigan millionlab aholidan yig‘ib olinayotgan go‘yoki, zakot ko‘rinishidogi soliqlar;

• guruh tomonidan bosib olingan hududlarda joylashgan turli obyektlardan tushayotgan mablag‘lar yoki zo‘ravonlik bilan tortib olinayotgan boyliklar;

• garovga olingan odamlarni ozod qilish evaziga yig‘ilgan mablag‘lar;

• guruh tomonidan bosib olingan hududlarda istiqomat qilayotgan boshqa din vakillariga o‘lim tahdidi ostida undirilayotgan «jizya» (soliq) to ‘lovlari.

SkyNews ma’lumotiga ko‘ra, «IShID» Suriyadagi neft man balarining uchdan ikki qismini va Iroqdagi neft manbalarining 10 foizini nazorat qilmoqda. Birgina neft kontrabandasi ortidan bir kunda bir milliondan uch million AQSH dollarigacha daromad olayotgani taxmin qilinmoqda. Buning oldini olish uchun 2O14-yil 28-iyul kuni BMT Xavfsizlik Kengashi «IShID»dan neft sotib olishni taqiqlovchi bayonot qabul qildi. Shuningdek, guruh tasarrufida Iroq va Suriya armiyasidan olingan bir qan­cha tanklar, qurollar, zirhli texnika va boshqa harbiy vositalar bor.

Shu bilan birga, ushbu guruh arxeologik yodgorliklarni pullash hisobiga 50 million dollar ishlab olgan. «The New York Times»ning yozishicha, «IShID» dunyodagi eng boy terror tash­kiloti bo‘lib, uning boyligi taxminan 2 milliard dollar atrofida ekanligi aytiladi. Jumladan, «IShID» 2014-yil iyun oyida Mosul shahrini bosib olgan paytda banklarda saqlanayotgan 400 million AQSH dollarini bir kunda qo‘lga kiritgan. Garovga olingan odamlarni ozod qilish evaziga yig‘ilgan 126 million dollar va mintaqa muzeylaridan o‘g‘irlangan osori atiqalarni sotishdan tushgan 10 million dollar «IShID» guruhining o‘z safiga yangi jangarilarni yollash imkoniyatini oshirmoqda. «The Telegraph» nashrining yozishicha, 2014-yilning so‘nggi olti oy davomida mazkur tashkilot rahbarlari 1,2 milliard dollar miqdorida mablag‘ topgan.

Taxminlarga ko‘ra, «IShID» safida urushayotgan jangarilar ning 40 foizini 80 dan ortiq xorij davlatlaridan kelgan ko‘ngil- lilar tashkil etadi. Ming afsuski, ular orasida Markaziy Osiyo respublikalari fuqarolari bolgan jangarilar ham bor. Guruh rah barlari Qur’on oyatlarini o‘z ra’ylaricha talqin qilib, bugungi kunda «hijrat» qilish va «jihod» tushunchalarini ilgari surib harbiy to‘qnashuvlar o‘choqlariga odamlarni jalb qilmoqdalar.

Buning natijasida, tashkilot tomonidan 2013-2014-yillar mobaynida 10 mingdan ziyod terrorchilik harakatlari sodir etilgan, xudkush terrorchilar tomonidan 80 ga yaqin portlashlar amalga oshirilgan. Suriyada «IShID» jangarilari 60 dan ziyod cherkov va monastirni vayron qilgan. 2014-yil 14-iyun kuni lroqning Mosul shahridagi «Al-Isro» masjidi yonida tashkilotga qo‘shilishdan bosh tortgan 12 nafar diniy ulamo namoyishkorona qatl etilgan. Hattoki, «The Daily Mirror» axborotiga ko‘ra, «IShID» jangarilari Iroqda aholi orasida qo‘rquv uyg‘otish uchun tirik chayonlar to‘ldirilgan konteynerlarni portlatish usulidan foydalanmoqda. Oqibatda atrofga tarqalib ketgan zaharli hasharotlar odamlarni chaqib, aholi orasida dahshatga sabab bolmoqda. Bu esa ularning har qanday qabih ishlardan ham tap tortmasligidan dalolat beradi.

2014-yilning 3-iyulida Dunyo musulmon ulamolari kengashi tashkiloti «Islom davlati» e’lon qilgan «xalifalikni» keskin qoralab, uni shar’an botil deb fatvo berdi. Fatvoda islom ta’limotiga ko'ra qandaydir alohida firqa va oqimlar o‘zboshimchalik bilan «xalifa lik»ni e’lon qilish huquqi berilmagani ta’kidlangan. Demak, butun dunyo musulmon ulamolari ham «IShID»ning faoliyatini tanqid qilib, uning faoliyati, targ‘ib etayotgan g‘oyalari islom ta’limotlariga zid ekani va uni tan olib bolmasligini aytib o'tganlar.

«Jabhat an-nusra» («jabha» - front, «nusra» - yordam). To‘liq nomi — «Jabhat an-nusra li ahlish Shom» (Shom ahliga yordam fronti) bo‘lib, u «al-Qoida» tashkilotining Suriya va Liviya hududidagi sho‘basi hisoblangan. 2016-yil 28-iyul kuni tashkilot o‘z nomini «Jabhat fath ash-Sham» deb o‘zgartirganidan so‘ng «Al-Qoida» aloqalar uzilganini e’lon qildi.

«Jabhat an-nusra» salafiy-jihodiy yo‘nalishidagi harakat bo‘lib, 2012-yil yanvarda Suriyada yuzaga kelgan. Tez orada Suriya hukumatiga qarshi kurashuvchi kuchlarning asosiylaridan biriga aylandi. Harakat oldin Iroqda Abu Mushab Zarqoviy qo‘l ostida harakat qilgan «al-Qoida» jangarilaridan tashkil topgan. 2011-yil martda Suriyada davlat to‘ntarishi boshlanishi bilan «al-Qoida» ushbu jangarilarni Suriyaga jo‘natgan.

Frontning asosiy muassisi «Al-Fotih» laqabli suriyalik Abu Muhammad Juloniydir. «Al-Qoida» tashkilotining rahbari Ayman Zavohiriy «Jabhat an-nusra»ni «al-Qoida»ning Suriyadagi yagona bo‘g‘ini sifatida e’tirof etadi.

Mamlakatdagi joriy hukumatni ag‘darish orqali dastlab Suriya hududida, so‘ng barcha musulmon olamini birlashtirgan islom shariatiga asoslangan «islom xalifaligi»ni o‘rnatish maqsad qilingan.

«Jabhat an-nusra» harakati «al-Qoida» tashkilotining «jihod»ga targ‘ib etuvchi, «salafiy» aqidasiga asoslangan bo’linmasi hisoblanadi. Shuningdek, harakat nazariy jihatdan «Musulmon birodarlar» uyushmasi a’zosi bo‘lgan Said Qutbning qarashlariga ham asoslanadi. «Jabhat an-nusra» harakatining asosiy g‘oyasi xalifalikni qayta tiklash, islom shariatini tatbiq qilish, jihod orqali davlat tuzumini ag‘darish va qaysi yerga hukmron bo‘lsa, o‘sha yerda «islom davlati»ni qurishdan iborat.

Shu bilan birga, «Jabhat an-nusra» harakati alaviylar va shialarga qarshi ish olib borib, ularni kufr yo‘lini tutgan oqimlar, deb hisoblaydi.

«Jabhat an-nusra» Suriya, Livan, Iordaniya, Isroil va Falastin davlatlarini o‘z ichiga olgan. Uning asosiy faoliyat uslublari xudkushlik amaliyotlari, portlovchi moddalar bilan tolatilgan mashinalarni portlatish, harbiy bazalarga hujumlar uyushtirish kabi harakatlar sanaladi.

«Jabhat an-nusra»ning bosh hay’ati — «Mujohidlar sho‘ro kengashi» deb nomlanadi. Undan keyin har bir mintaqada kichikroq maslahat kengashlari turadi. Ushbu kengashlar guruhlar nomidan qarorlar qabul qiladi. Tashkilotni amir boshqarib, u bir vaqtning o‘zida ham siyosiy, ham diniy shaxs hisoblanadi. Unga Suriya shahar va viloyatlaridagi mahalliy amirlar bo'ysunadi. Shuningdek, alohida ishlarni bajaruvchi Mas’ullar ham bo‘lib, ular mablag‘larni yo‘naltirish, qurol-yarog’larni qo‘lga kiritish kabi ishlar bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, diniy ishlar, matbuot xizmati, tashqi ishlar bo'limlari ham faoliyat olib boradi. «Jabhat an-nusra» harakati ayrim manfaatdor davlatlar hamda Yaqin Sharq va G‘arb davlatlaridagi ba’zi jamg‘armalar tomonidan maqsadli ravishda ajratiladigan mablag‘lar, turli diniy, xayriya tashkilotlari, «al-Qoida» (2016-yilga qadar) kabi uyushmalar tomonidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, harakat noqonuniy neft savdosi, insonlarni garovga olish ishlari bilan ham shug‘ullanadi.

«Jabhat an-nusra»ning tarkibida Pokiston va Afg‘oniston davlatlari hududidagi lagerlarda «al-Qoida» tomonidan tayyorlangan va undan ajralib chiqqan jangarilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar «Jabhat an-nusra» tomo­nidan 70 dan ziyod xudkushlik amaliyotlari sodir etilgan. Shu­ningdek, ular alaviy va shialardan iborat tinch aholiga ham hujum uyushtirishgan.

«Global terrorizm indeksi» ma’lumotlariga ko‘ra, «Jabhat an-nusra» tomonidan amalga oshirilgan terrorchilik amaliyotlari natijasida 2015-yilda 600 dan ortiq inson vafot etgan. Jumladan, 2015-yil sentyabr oyida jangarilar «Abu ad-Duxur» aerodromini qo‘lga kiritish chog‘ida asirga tushgan Suriya hukumatining 56 nafar askarlarini qatl etgan.

Shuningdek, jangarilar 2014-yil avgust oyida BMTning tinchlikparvar kuchlaridan iborat 45 nafar kishini asir olgan. Keyinchalik 20 million AQSH dollari evaziga ularni ozod et­gan.

2012-yil dekabrda AQSH Davlat Departamenti, 2013-yil may oyida BMT Xavfsizlik Kengashi «Jabhat an-nusra» harakatini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi. Shuningdek, Avstraliya, Buyuk Britaniya (2O13) hamda Rossiya (2O14) kabi bir qator davlatlar ham mazkur uyushmani terrorchi tashkilot deb e’lon qil­gan.

Umuman olganda, din bayrog’i ostida talonchilik va bosqinchilik, terrorchilik va qo‘poruvchilik harakatlari sodir etilayotgani, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi amalga oshirilayotgani, korxonalar va inshootlarga zarar yetkazilayotgani ham hech kimga sir emas. Bunday harakatlar ijtimoiy barqarorlikning izdan chiqishiga, millatlararo va dinlararo adovat, millatchilik va diniy ayirmachilik kayfiyatlarining shakllanishiga zamin yaratmoqda.


Yüklə 1,09 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   177




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin