Guliston davlat universiteti


Arabiston yarim oroli, SHimoliy Afrika va Osiyo davlatlarida islom



Yüklə 1,09 Mb.
səhifə80/177
tarix26.02.2022
ölçüsü1,09 Mb.
#53145
növüУчебно-методический комплекс
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   177
O ’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi

Arabiston yarim oroli, SHimoliy Afrika va Osiyo davlatlarida islom. Mazkur mintaqada joylashgan va musulmonlar aholining ko‘pchiligini tashkil etadigan davlatlar hayotida islom dini muhim mavqeni egallab kelmoqda. Tarixiy taraqqiyotning muayyan davrlarida mazkur o‘rin juda kuchli, ba’zi paytlarda o‘rtacha, ayrim vaqtlarda esa birmuncha past bo‘lganini ko‘rish mumkin. Ammo har uchala sifatiy holatda ham islom omili mintaqa xalqlarining kundalik hayoti va turmush tarzida mustahkam mavqega ega bo‘lgani shubhasiz. Bu esa, o‘z navbatida, murakkab tarixiy vaziyatlarda islom omilining ijtimoiy-siyosiy sahnadagi faollashuviga zamin yaratib kelmoqda. Buni turli misollarda ko‘rish mumkin. Masalan, 1960 yillarda neft qazib olish va uni eksport qilish Saudiya Arabistonini boy mamlakatlar qatoriga olib chiqdi. Mamlakatda ta’lim sohasining o‘sib borishi, sanoatning zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlanishi, xo‘jalik va ma’muriy ish yuritishning yangi shakllarining vujudga kelishi, saudiyaliklarning G‘apb mamlakatlariga borib tahsil olishlari, ajnabiy mutaxassislarning mamlakatga kelib ishlashlari, radio, televidenie va kompьyuterlardan foydalanish Saudiya Arabistonida diniy ulamolarning ta’sirini birmuncha kamaytirdi. SHunga karamay, 1960 yillarda hukumat foydadan olinadigan soliqni joriy qilganda ulamolarning e’tirozlari bilan bu soliq faqat ajnabiylardan olinadigan bo‘ldi. Mazkur misolni ham din va ulamolarning jamiyat hayotidagi ta’sir kuchining isboti sifatida qarash mumkin.

SHialik azaldan kuchli mavqega ega bo‘lgan Eronda ham XX asrning so‘nggi choragigacha bo‘lgan davrda bu ta’sir birmuncha susaygan bo‘lsa-da, aslo yo‘qqa chiqmadi. SHialik ruhoniylari davlatda asosiy rahbar kuchga aylanishiga olib kelgan 1978-79 yillardagi inqilob buni isbotlab berdi. 1979 yilning martida o‘tkazilgan umumxalq referendumi esa Eronning Islom respublikasiga aylanishiga olib keldi. SHundan so‘ng qabul qilingan yangi Konstitutsiya ruhoniylarning qonunchilikda yakkahokimligini yana qaytadan tikladi. SHu tariqa ko‘pchilik shia ruhoniylarining diniy va dunyoviy hokimiyatning ajralmas ekani haqidagi g‘oyalari amalda o‘z ifodasini topdi.

XX asrda insoniyat hayotida sodir bo‘lgan keskin ijtimoiy o‘zgarishlar, fan-texnika taraqqiyoti din, uning jamiyat va kishilar hayotidagi o‘rni masalasida ham o‘z ifodasini topdi va ruhoniylar orasida g‘oyaviy jihatdan an’anachilar, fundamentalistlar va modernistlardan iborat uch yo‘nalishning paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Ular orasida muayyan farqlar borligi shubhasiz. SHunga qaramay, masalan, Eron ulamolari ichida bu ayniqsa yaqqol ko‘rinadi, ularning har uchalasiga ham davlatni boshqarishda asosiy mas’uliyat ruhoniylarning elkasida bo‘lishi lozim degan qarash xosligini ta’kidlash zarur. SHunday bo‘lsa-da, zamonaviy ilohiyotchilar orasida diniy va siyosiy xoqimiyat ruhoniylarning qo‘lida jamlanishi shart emas, eng asosiysi, biri ikkinchisiga tazyiq o‘tkazmasligi uchun diniy institutlar va hukumat orasida hokimiyatni qat’iy tarzda taqsimlab berish lozim, degan qarashlarni ham uchratish mumkin.

Mintaqa davlatlari hayotida islomning o‘rni haqida gap ketar ekan, hozirgi davrda uning davr o‘zgarishlariga moslashuv jarayoni davom etayotganini ham ta’kidlash zarur bo‘ladi. Ma’lumki, islom sudxo‘rlikni (foiz olishni) taqiqlaydi. Lekin hozirgi zamon iqtisodiyoti sarmoya bozorisiz faoliyat ko‘rsata olmaydi. CHunki uni foyda olish tizimi boshqaradi. SHunday vaziyatda diniy talabni aylanib o‘tishga xizmat qiladigan va ayni paytda, foiz vazifasini bajaradigan bank xizmati uchun badal (vznos) yig‘ish tartibi zylab topildi.

SHu bilan birga, islomni amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlarga hamoxang talqin qilishga munosabat hamma mamlakatlarda ham bir xil deb bo‘lmaydi. Xususan, shia nazariyotchilari, islomdagi har qanday islohotlar o‘rinsiz, deb hisoblaydilar. CHunki ularning fikricha, islom qonunlari «yuqoridan nozil qilingan», shuning uchun ham, ular isloh qilinishi mumkin emas. Saudiyada 1930 yillarda asos solingan, ulamolar rahbarligida jamiyatda axloq me’yorlarini, odamlarning yurish-turishlarini nazorat qiluvchi «ijtimoiy axloq, komitetlari»ning hanuz faoliyat olib borayotganini ham ana shu qatorga kiritish mumkin.

Tarixiy tajriba iqtisodiyotda muvozanatning buzilishi, ijtimoiy sohada esa kuchli tabaqalanishning yuzaga kelishi, aholining qashshoqlashuvi kabi omillar diniy ekstremistik harakatlar paydo bo‘lishiga zamin yaratishini ko‘rsatadi. SHuning uchun ham, diniy ekstremistik harakatlar o‘z faoliyatining dastlabki davrida ijtimoiy masalalarga alohida e’tibor berish orqali o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga intiladi. Keyinroq, mustahkam oyoqqa turib olgach, ularning asosiy maqsad-muddaolari o‘zini namoyon qila boshlaydi. Bu mulohaza yuritilayotgan mintaqaga ham bevosita daxldordir. Masalan, Misrda tashkil topgan «Musulmon birodarlar» ham ilk davrda kambag‘allarga yordam berish, bepul maktab ochish va tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari bilan shug‘ullangan va bunday tadbirlar tashkilot a’zolarining ko‘payishiga hamda uning omma orasida obro‘sining oshishiga olib kelgan edi.

Bugungi kunda keng ijtimoiy tayanchga va o‘z g‘oyalarini tashviqot qilish uchun katta nashr imkoniyatlariga ega diniy ekstremistik harakatlar Saudiya Arabistoni uchun ham jiddiy tashvishga aylanganini ta’kidlash zarur.

Mintaqa dinning siyosiy omilga aylanishi, diniy ekstremistik harakatlar salbiy oqibatlarining yorqin misolini berish bilan bir qatorda ular bilan murosa qilishga intilish nimalarga olib kelishi mumkinligining ham yaqqol namunasini beradi deyish mumkin. Xususan, Misr Birinchi Prezidenta Anvar Sadat kommunistik g‘oyalar va dahriylikka qarshi kurashda foydalanish uchun 1971 yilning yozida «Musulmon birodarlar» bilan aloqa o‘rnatdi va ushbu tashkilotning asoschisi Hasan al-Banno bilan faxrlanishini e’lon qildi. Berilgan imkoniyatlar ekstremistlar tomonidan yangidan-yangi talablarning qo‘yilishga zamin yaratdi. Bu o‘z navbatida diniy tashkilotlar faoliyatining davlat tomonidan yangidan qat’iy nazorat ostiga olinishiga, diniy ma’ruzalar ustidanssenzura o‘rnatilishiga olib keldi. Oqibatda Anvar Sadat o‘z raqiblariga qarshi kurashda foydalanishga intilgan islomiy guruhlar tomonidan o‘limga mahkum etildi.

Islom omili mintaqa mamlakatlarining tashqi siyosatida ham muhim o‘rinni egallaydi. Xususan, Falastin muammosini hal qilishda davlatlar islom omili bilan hisoblashishga majbur bulmoqda. Anvar Sadatning 1977 yil 20 noyabrda Quddusda bo‘lishi va bu joyni «tinchlik shahri, uch dinning birgalikda mavjudligining yaqqol ramzi» deb ta’kidlashi misrliklar tomonidan kufr deb qabul qilingani, Isroil bilan o‘rnatilgan tinchlik shartnomasi esa islomga xiyonat va arablar ishiga nisbatan sotqinlik deb baholangani ham buni tasdiqlaydi.

Afg‘onistonda sho‘ro qo‘shinlariga qarshi olib borilgan harakatning ushbu mintaqa mamlakatlari tomonidan mujohidlarning islom uchun «ateizm» va «kommunizm»ga qarshi olib borayotgan kurashi deb qaralgani va faol qullab-quvvatlanganini ham islom omilining ushbu mamlakatlar tashqi siyosatiga ta’sirini ko‘rsatuvchi misol sifatida qarash mumkin.

Ayni paytda, ushbu mamlakatlarning o‘zaro munosabatida mintaqa, arab dunyosi va musulmon olamida yo‘lboshchilik qilish uchun kurash ham muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlash zarur. Saudiya - Misr, Saudiya - Eron, Saudiya - Liviya munosabatlarida bunday ziddiyatlarni yaqqol ko‘rish mumkin. Bunday ziddiyatlar Eron - Iroq, Iroq - Quvayt urushi davrida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lgan edi. Bu jarayonlarda ham tabiiy ravishda islom omilining taьsirini ko‘rish mumkin. O‘zaro munosabatlarda islom omili vaqti-vaqti bilan jonlanadigan «kim ko‘proq, islomga rioya qilmoqda» degan savol atrofidagi bahslarda ham yorqin ko‘rinadi. Xususan, Liviya va Saudiya rahbarlari bir-birlarini bir necha bor islom qonun-qoidalaridan chekinishda ayblaganliklarini ko‘rsatish mumkin.

Payg‘ambar Muhammad vatani, ikki buyuk muqaddas makon - Makka va Madinaning Saudiya Arabistoni erlarida joylashishi ushbu mamlakat rahbarlarining musulmon olamida o‘z mavqelarini mustahkamlash va Arab SHarqida yo‘lboshchilik vazifasini o‘tashga intilishiga zamin yaratmoqda. Ma’lumki, hozirgi kunda ham Saudiya Arabistonida Qur’on asosiy qonun vazifasini bajarmoqda. SHariat sudlarida islomning barcha yo‘l-yuriqlari va qoidalariga amal qilinadi. SHundan kelib chiqib, Saudiya hukmron doiralari o‘zlarini musulmon olamining barcha mintaqalarida islom asoslarini va muqaddas joylarni qo‘riqlovchilar deb ko‘rsatish hamda «musulmon birdamligi» g‘oyasini targ‘ib qilish yo‘lidagi harakatlarini bir zumga bo‘lsa ham to‘xtatmayotganliklarini ta’kidlash zarur.

Islom omilining o‘rni va unga xos xususiyatlar haqida gap ketar ekan, yana bir jihat, ya’ni ushbu mamlakatlarda turli mazhablarga e’tiqod qiluvchi musulmonlarning mavqei masalasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Buni Iroq va Saudiya Arabistonida shia musulmonlarga bo‘lgan munosabat misolida ham ko‘rish mumkin. YAqingacha Irokda shialar turli darajadagi bosim ostida yashab kelgan bo‘lsalar, saudiyaliklarning shialarni kam maosh to‘lanadigan ishlarda ishlatishlari, hattoki, shariat sudlarida shialar tomonidan beriladigan ma’lumotlar e’tiborga olinmasligi bunday munosabatni yaqqol namoyish etadi.

YUkoridagilar bilan bir qatorda islom omili amaldagi siyosiy partiyalar mafkuraviy dasturlarda ham muhim o‘rin egallaganini qayd etish lozim. Masalan, Misrdagi 12 ta partiyadan 7tasining, jumladan, hokim «Milliy demokratik partiya»ning tamoyillarida «Islom shariati - qonunchilikning asosiy manbai», deb rasman qayd etilgani, qolgan 5 ta partiyaning tamoyillari ham shariatga muvofiq ravishda tuzilgani buning isboti bo‘la oladi.

Islomning jamiyat hayotidagi o‘rnining o‘zgarishi masalasini aholisining ko‘pchiligini musulmonlar tashkil qiladigan Turkiya misolida ham ko‘rish mumkin.

Uz davrida musulmon olamining madaniy-diniy, iqtisodiy-siyosiy markazi bo‘lib kelgan Usmonli turklar imperiyasining vorisi bo‘lgan Turkiya Respublikasi murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. O‘zining G‘arbga moyilligi, demokratiya va dunyoviylik ustuvorligini ta’minlashga harakat qilishini namoyon etayotgan bugungi Turkiyaning shakllanishida XX asr boshlarida amalga oshirilgan jarayonlar muhim ahamiyat kasb etdi.

Mustafo Kamol Otaturk va uning safdoshlari islomni dunyoviy davlat qurishdek maqsadlariga erishishda asosiy tusiq bo‘ladi deb hisoblab, uni ijtimoiy-siyosiy minbardan siqib chiqarish va mamlakatda din ustidan tuliq nazorat o‘rnatishga harakat kildilar. 1922 yil 1 noyabrda Otaturk va uning do‘stlari sultonlikni yo‘q kildilar. 1923 yil 29 oktyabrda davlat tuzumi Respublika deb e’lon qilindi. SHariat va vaqf ishlari boshqarmasi o‘rniga Din ishlari buyicha vazirlik tashkil etildi. Barcha maktablar maorif vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. 1926 yil 1 yanvardan boshlab Turkiya Grigorian kalendariga o‘tdi. 1928 yil 10 aprelda mamlakat Konstitutsiyasidan «Turkiya Respublikasi dini - islomdir» degan ibora olib tashlandi. 1934 yilga kelib, an’anaviy ismlar va titullar ham bekor qilindi.

Ayni shunday harakatlar natijasida Turkiya dunyoviy davlat tizimini qabul kildi. Bu islomning siyosiy jarayonlarga ta’sirini birmuncha susaytirdi. SHunday bo‘lsa-da, saylovchilarning ishonchini qozonish maqsadida ba’zi konservativ partiyalar Otaturkning din borasidagi siyosatidan uzoklasha boshladilar. Otaturkning o‘limidan so‘ng esa, Respublika xalq partiyasining ko‘zga ko‘ringan a’zolari ham islomni keragidan ortiq siqib chikaribmiz, degan fikrni ayta boshladilar. Biroz vaqt o‘tib, imomlar tayyorlaydigan oliy diniy maktab tashkil qilindi.

SHundan keyin, asta-sekin islomiy tashkilotlar soni ham ko‘paya bordi. Ular kam ta’minlangan talabalarga moddiy va moliyaviy yordam ko‘rsatib, o‘z ta’sirlarini maorif sohasiga ham o‘tkaza boshladilar. Pirovard natijada bugungi kunda Turkiyada dunyoviy tizimni qo‘llab-quvvatlaydigan, an’anaviy islomiy qadriyatlar ustuvorligini ta’minlash tarafdori bo‘lganlar va radikal oqimdagi musulmonlardan iborat uch toifa shakllandi. Bu uch toifaning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’siri turlicha bo‘lsa-da, ularning har birining jamiyatda o‘z o‘rni va mavqei borligini va o‘z tarafdorlariga ega ekanini qayd qilish zarur.

Islomning jamiyat hayotidagi o‘rni va mavqeini Afg‘oniston misolida ham ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining 50 foizini pushtunlar, 25 foizini tojiklar, qariyb 20 foizini o‘zbeklar tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarni hazoriylar, jamshidlar, feruzkuxi, taymoni va temuri kabi qabilalarni o‘z ichiga oladigan chor-aymoqlar hamda turkmanlar, Pomir guruhiga kiruvchi niristoniy, lag‘mon, vaxaniy, shug‘nonlar kabi elatlar egallaydi. Mamlakatda juda kam sonli bo‘lsa-da, beluj, hind va kirg‘iz millatlari vakillari ham yashaydi.

Juda oz mikdordagi hindlar, sikhlar va yahudiylarni inobatga olmaganda, mamlakat aholisi to‘laligicha islomga e’tiqod qiladi. Ularning ko‘pchiligini sunniy-hanafiylar, taxminan 13 foizini ja’fariy va 2 foizini ismoiliy shialar tashkil etadi.

Afg‘onistonda islom dini jamiyat hayotida doimo yuqori va mustahkam mavqega ega bo‘lib kelgan. Hatto Omonulloh Xon o‘tkazgan islohotlar, Savr inhilobi davrida ham uning ta’sir darajasi nisbatan barqaror bo‘lib keldi.

SHuro qo‘shinlarining mamlakatga kiritilishi esa islomiy harakatlarning kuchayishiga sabab bo‘ldi. «Afg‘oniston islom harakati», «Ittihodu islomiy», «Hizb islomiy xolis», «Harakatul inqilobil islomiy», «Maxozi milliy islomiy», «Jabhayi najoti milliy» kabi diniy-siyosiy harakatlar va partiyalar yuzaga keldi.

SHo‘ro qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etganidan so‘ng, mamlakat istiqbolini belgilashga turlicha yondashuvlar, etnik va diniy mazhabchilikdagi kelishmovchiliklar o‘zaro nizo va to‘qnashuvlar kelib chiqishiga zamin yaratdi.

Islomiy guruhlar o‘rtasidagi ko‘p yillik to‘qnashuvlarga barham berilib, 1992 yilda o‘zaro kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, ziddiyatlarning saqlanib qolishi va ayrim davlatlar o‘zlarining g‘arazli maqsadlaridan kelib chiqib qo‘llab-quvvatlashlari natijasida 1996 - 2001 yillarda mamlakatda «Tolibon» radikal harakatining ustuvor bo‘lishiga hamda mutaassiblik qarashlari va amaliyotining joriy etilishiga olib keldi. Mamlakatda ilm-fan, madaniyat, ma’rifat, teatr, kino, musiqa, radio va televidenie tanazzulga yuz tutdi. Ma’naviy va ma’rifiy hayotning qashshoqlashuvi, diniy ekstremistik kuchlarning faollashuvi va jangarilar tayyorlaydigan markazlarning ko‘payishi sodir bo‘ldi. 2001 yil 11 sentyabrь voqealaridan so‘ng boshlangan aksilterror operatsiyasi «Tolibon» harakatining yo‘q, qilinishiga yo‘l ochdi.

Bugungi kunda Homed Karzay boshchiligidagi hukumat tomonidan olib borilayotgan siyosatda ham islom omilining kuchli ta’sirini ko‘rish mumkin. SHunday bo‘lsa-da, diniy ekstremistik harakatlar tomonidan sodir etilayotgan terrorchilik xurujlari mamlakatda barqarorlik yuzaga kelishini ta’minlash uchun uzoq kurash olib borish zarurligini ko‘rsatadi.

Mamlakat aholisining asosiy qismini (56%) panjobliklar, qolgan qismini patani, balaki, muvojari, pushtun, belujlar hamda boshqa millat va elat vakillari tashkil qiladigan Pokiston ham ko‘p millatli va ayni paytda, eng yirik musulmon mamlakatlaridan biridir. Mamlakat aholisining 97% islomga e’tiqod kalgan holda, mutlaq ko‘pchilik sunniylikning hanafiy mazhabida, 1,1% ja’fariy va 1,1% ismoiliy shialar hisoblanadi.

Pokiston diniy ekstremistik qarashlar va harakatlar kuchli mavqega ega bo‘lgan mamlakatlardan biri deyish mumkin. Ularning ichida 1941 yilda tashkil etilgan «Jamoati islomiya» eng kattasi va kuchlisi hisoblanadi. Partiya o‘zining g‘oyalari va faoliyati jihatidan «Musulmon birodarlar» harakatiga yaqindir. «Jamoati islomiya»ning asosiy maqsadi mamlakatda islom tartibini o‘rnatishdir. Bu tashkilotning ta’siri talabalar orasida ayniqsa kuchlidir.

Ayni paytda, mamlakatda xalq va ayniqsa, yoshlar orasida ta’sir doirasi kuchli bo‘lgan «Tablig‘» harakati bilan bir qatorda «Jaysh-e Muhammad», «Harakatul mujohidin», «Sipoh-e sahoba», «Jamoat-e ulamo-e islomiy» kabi guruhlar ham mavjudligini qayd etish lozim. Bunday harakatlar tabiiy ravishda nafaqat mamlakat, balki mintaqa davlatlari xavfsizligi va barqarorligiga ham jiddiy tahdid solayotganini ta’kidlash zarur.

Buni islom rasmiy din hisoblanadigan va aholisining 88,3% hanafiy mazhabiga e’tiqod qiladigan Bangladeshda ham Pokistondagi «Jamoati islomiya»ning sho‘‘basi hisoblangan Bangladesh «Jamoati islomiya» tashkiloti keng faoliyat yuritayotganida ham ko‘rish mumkin.

Hozirgi paytda a’zolar sonining ko‘payishi va mamlakatning barcha hududlariga tarqalishi natijasida bu tashkilot hukumat boshqaruv organlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Mazkur tashkilot oxirgi paytlarda mamlakat siyosiy partiyalari tarkibidan o‘rin oldi. Hukumat hamda parlamentning boshqa a’zolari bu tashkilotning ta’sir doirasining kengayishiga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqish yo‘lida har xil qonunlar qabul qilmoqdalar. Birok tashkilot nafaqat siyosatda, balki ta’lim, madaniyat, sport, ommaviy axborot vositalari, din va boshqa sohalarda ham sezilarli darajada ta’sir kuchiga egaligi tufayli bunday chora-tadbirlar deyarli samarasiz qolmoqda.




Yüklə 1,09 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   177




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin