Industrlashtirish. XX asr 20-yillari o’rtalaridan e’tiboran sovetlarning butun diqqat-e’tibori mamlakatni industrlashtirishga qaratildi. Buning asosiy sababi shundaki, industrlashtirish SSSRda sotsializm qurish dasturiy rejasining eng asosiy vazifalaridan biri hisoblanardi. VKP (b) XIV syezdida (1925) mamalakatni industrlashtirish sotsializmni barpo etishning bosh strategik vazifasi, deb belgilandi. Hukmron Markaz bu asosiy vazifani bajarishga xalqni safarbar etar ekan, bunda bu ishni mamlakatning barcha mintaqalarida, jumladan, O`zbekistonda ham tezkor sur’atlarda amalga oshirishga qarata qat’iyan yo’l tutdi.
O`zbekistonda industrlashtirish ishini amalga oshirish orqali sovetlar ko’p narsaga umid bog’lagandilar. Eng asosiysi, ular bu o’lkada ko’plab sanoat korxonalari va tarmoqlarini yaratish yo’li bilan uning boy tabiiy va mineral resurslarini ishga solish, arzon ishchi kuchidan foydalanish va oxir-oqibatda Markaz uchun ko’proq foyda undirib olishni ko’zlaganlar. Industrlashtirish jarayoni O`zbekistonni Markaz ta’siriga olish, uning hukmiga yanada bo’ysundirish uchun qulay imkoniyatlar yaratardi. Gap shundaki, zamonaviy sanoat tarmoqlarini vujudga keltirish, ishga tushirish respublikaning iqtisodiy taraqqiyoti uchun g’oyatda katta ahamiyat kasb etardi. Biroq bu jarayon juda ko’p miqdordagi moliyaviy resurslar, pul mablag’lari, xilma-xil texnika jihozlari, ilmiy-texnika salohiyati, ko’p sonli yuqori ma’lumotli muhandis-texnik xodimlar, malakali ishchi kadrlar va hokazo omillar bilan bog’liq edi. Bunday salohiyatga O`zbekiston mutlaqo ega emas edi. Negaki, respublika bu davrga kelib, xalq xo’jaligi tarmoqlarini qaytadan tiklashga arang erishib borayotgan edi. Shu bois bu mintaqada industrlashtirish jarayonining tashabbuskori va tashkilotchisi bevosita Markaz va Kommunistik partiya bo’ldi. Bu o’rinda aytish joizki, ittifoq hukumatining rejasida O`zbekistonda zamonaviy yirik industrial tarmoqlarni emas, balki ko’proq xomashyoni qayta ishlaydigan sanoat korxonalari, tog’-kon sanoatini rivojlantirishga asosiy urg’u berilgandi. Negaki, bu hudud Markaz uchun ko’proq xomashyo mahsulotlari yetkazib berishga ixtisoslashtirilishi kerak edi. Shu bois ham muhim e’tibor paxtachilik va u bilan bevosita bog’liq tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgandi. O`zbekistonda 1925-yilda atigi 21 sanoat tarmog’iga taalluqli 149 ta korxona mavjud edi, xolos. Ular ham asosan qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlashga moslashgan edi. Industrlashtirish davrida respublikada 17 ta paxta tozalash zavodlari barpo etildi. Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Marg’ilon va Shahrisabzda pillakashlik fabrikalari, Farg’ona va Toshkent to’qimachilik, Chirchiq elektrokimyo kombinatlari, Toshkent mashinasozlik zavodi va shu singari korxonalar qurildi. O’sha davr rasmiy ma’lumotlariga ko’ra O`zbekistonda birinchi besh yillik (1928-1932-y.y)da 289 ta va ikkinchi besh yillik (1933-1937-y.y) davrida 189 ta sanoat korxonalari barpo etilgan. Ularning mahsulot ishlab chiqarish hajmi ham yil sayin ortib bordi. Chirchiq, Olmaliq, Bekobod, Angren, Yangiyo’l, Quvasoy kabi sanoat shaharlari vujudga keldi. 1925-1940-yillar davomida respublikada qurilgan GESlar soni 49 taga yetdi. Toshkent-Angren temir yo’li, Toshkent-Termiz katta avtomobil yo’li qurildi.
Ikkinchi jahon urushiga qadar O`zbekistonning sanoat salohiyati 1445 ta yirik va o’rtacha sanoat korxonalari va 19 mingga yaqin-mayda korxonalarni o’z ichiga olardi. Garchand sanoat qurilishi ancha ko’zga ko’rinarli tarzda rivojlanib, muayyan yutuqlarga erishgan bo’lsa-da, biroq bu sohada ko’plab jiddiy muammolar, nuqsonlar mavjud edi. Avvalo, yuqoridan tazyiq qilish amaliyoti, rahbarlikning ma’muriy-buyruqbozlik usullari O`zbekiston sanoati tarmoqlarida chuqur ildiz otgan edi. Jumladan, respublika metropoliyaning rangli va nodir metallar, oltingugurt, volfram, molibden, paxta tolasi, xom ipak bilan ta’minlovchi mintaqasiga aylantirildi.
Markaz amri bilan respublikaning xomashyo, tabiiy resurslari ayovsiz ekspluatatsiya qilingan holda uning o’ziga xos iqtisodiy manfaatdorligi hech qanday nazar-pisand qilinmasdi. O`zbekistonda qurilgan sanoat korxonalarining talay qismi to’lig’icha ittifoq ixtiyoriga bo’ysunardi. Binobarin, ularning ishlab chiqargan mahsulotlari va undan keladigan tushumlar ham Markaz xazinasini boyitishga xizmat qilardi. Respublikada industrlashtirishning muhim bir xaraktyerli tomoni shundaki, bu jarayon davomida malakali ishchi kuchi yetishmaganligidan, xususan RSFSR hududidan bu yerga juda ko’plab odamlar oqimi kirib keldi. Ular hisobiga respublikaning ishchilar sinfi saflari to’ldirilib borildi. Jumladan, 1926-yildan to 1940-yilga qadar O`zbekiston aholisi yangi kelganlar hisobiga 750 ming kishiga yoki 10%dan ortiqroqqa ko’paydi. SSSRning markaziy tumanlaridan aholini sun’iy tarzda ommaviy ko’chirib kelinishi ko’p jihatdan xalq xo’jalik mulohazalari bilan emas, balki ko’proq siyosiy mulohazalar taqozosi bilan, respublika ishchi va xizmatchilariga g’oyaviy, ma’muriy bosim o’tkazish maqsadida amalga oshirilgan edi. Agar joylarda o’zining malakali ishchi kadrlarini keng miqyosda tayyorlash tashkil etilganda edi, ko’plab mahalliy yoshlarni foydali ishga jalb etish hamda ularni malakali ishchi kadrlar qilib tarbiyalashga sezilarli ta’sir ko’rsatishi shubhasiz edi. Shunday qilib, industrlashtirish yillarida partiya va sovet hukumatining so’zi bilan amaliy ishi o’rtasida yakdillik va uyg’unlik bo’lmadi. Sotsializmning kapitalizmdan afzalligi, mehnatkashlar turmush farovonligini tubdan yaxshilash, ularning hayoti mazmunini chuqur o’zgartirish to’g’risidagi g’oyalar amaliyotda puch bo’lib chiqdi. Xalq ommasining o’n yillar davomida to’kkan peshona teri, amalga oshirgan tinimsiz mehnati, chekkan zahmati, fidokorligi unga farovonlik keltirmadi.