Foydali faoliyat va maxsus tashkil qilinadigan vazifalar jarayonida ijobiy xulq-atvor va xarakterlarga oʻrgatib boriladi. Oʻrgatish – bu ijtimoiy xulq-atvorni odatiy shakliga aylantirish maqsadida oʻquvchilar tomonidan rejali va tizimli tarzda tashkil etiladigan turli harakatlar, tashkil etiladigan amaliy ishlarga undovchi faoliyatdir. Oʻrgatish oʻquvchilarni tarbiyalash va rivojlantirishning barcha bosqichlarida samarali vosita sanaladi. Faoliyatda mashqlar mehnat, ijtimoiy faoliyat, jamoa faoliyati hamda oʻzaro munosabat odatlarini tarbiyalashga qaratilganligidir. Mashq qilish oʻrgatish bilan yaqin aloqada boʻladi. Agar oʻrgatib borish negizida bolaning faoliyat jarayonini egallashi yotsa, u holda mashq qilish faoliyati shaxs uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Mashqlantirish oʻrgatib borishga suyangan holda koʻp bora takrorlashni, mustahkamlashni va takomillashtirib borishni nazorat qiladi, bular esa bora-bora ijtimoiy xulq-atvorning asosi boʻlib qoladi. Tarbiyaviy amaliyotda koʻpincha maxsus pedagogik vaziyatlarni yuzaga keltirish zaruriyati tugʻiladi, bunda mustaqil tanlash uchun imkon boʻladi. Pedagogik vaziyatlarda oʻquvchilar oʻz fikri va xulq-atvorini qayta oʻzgartirishi lozim boʻlgan sharoit yaratiladi. Ikkinchi guruh metodlari orasida musobaqa oʻquvchilar amaliy faoliyatlarini tashkil qilish metodlari samaradorligini oshirishning zarur va muhim sifati hisoblanadi. Musobaqa faoliyatining barcha sohalarida oʻquvchilarning faolligi va ijodkorligini rivojlantirishga, oʻquvchilar jamoasi faoliyatini muayyan maqsadga yoʻnaltirishga koʻmaklashadi. Musobaqa toʻgʻri tashkil qilinganda jamoa hissi muvaffaqiyatli shakllanadi, intizom va oʻquvchilarning uyushqoqligi mustahkamlanadi. Musobaqaning alohida turi boʻyicha, shuningdek, tizimli tarzda ham uyushtiriladi: chunonchi, eng yaxshi sinf, eng yaxshi guruh, eng yaxshi jamoa, eng yaxshi maktab va h.k. Tarbiya jarayonida oʻquvchilarning oʻzlari tashabbus va gʻayrat koʻrsatishi asosida musobaqani tashkil etishlariga, uning sharti va koʻrsatkichlarini ishlab chiqishlariga erishish muhimdir. Shuningdek, jamoaning umumiy muvaffaqiyati, qabul qilingan majburiyatning bajarilishi, musobaqa natijalarini stendlarda aks etishini ta’minlash toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish zarur. Musobaqani rasmiy axborotlar uchun tashkil etish maqsadga muvofiq emas. Jamoatchilik fikri musobaqa faoliyatining muhim asosi boʻlib qoladi. Birinchi va ikkinchi guruh metodlarini oʻzaro bogʻliq holda qoʻllanishi orqali ong va xulq birligi yuzaga keladi, ammo bu oʻz-oʻzidan vujudga kelmaydi, balki oʻqituvchining tashkilotchilik mahorati hamda uning oʻquvchi ongi, xulqiga ta’sir etadigan vositalar xususiyatlari, ahamiyatini koʻra olishiga bogʻliq. Bir soʻz bilan aytganda bugungi oʻquvchi tarbiya natijasida ertagni komil inson, ya’ni jamiyatning barkamol a’zosiga aylanadi. Buning uchun uning ongi va tafakkuri rivojlanib, ijobiy fazilatlarni oʻzida shakllantirib borishi lozim.