t.me/e_kutubxona otlarning ham, odamlarning ham o‘ngi tushga aylangan. Ular butun
dunyoni unutgan, go‘yo yolg‘iz o‘limgina ularga hordiq olish uchun
imkon beradigandek. Tuni bilan sovutlar va dubulg‘alar aks etgan oy
nuri so‘nib, quyoshdan tushgan shuur qip-qizarib oqayotgan daryoda
tovlana boshladi. Uning suviga qon qo‘shildi. U qal’a turgan qoyadan
oqib tushib, olis tog‘lar tarafdan dalalarni yashnatish, odamlar,
gullar, bulbullar chanqog‘ini qondirish uchun oqib tushayotgan
daryoga borib quyilar, ko‘m-ko‘k daryo bir-ikki farsang davomida bu
qonni hazm etolmay qiynalar… va oxiri qon rangini ichiga yutib, yana
o‘zining azaliy yo‘lidan olg‘a talpinardi.
O‘lim topgan jangchilar qiynalmay jon berishar, o‘lim ularga farog‘atli
uyqu bo‘lib tuyular, ular «o‘layapman»deb emas, «uyqu bosyapti»,
— degan xayolda ko‘z yumishardi. Ochiq qolgan ko‘zlarda tip-tiniq
osmon bilan bab-baravar ko‘pik sochayotgan otlar, qilich peshlagan
suvoriylar, har ikki tomondan uchib kelayotgan novaklaru nayzalar
aks etardi. Bu urush chizgan surat edi.
Tongdan o‘tib qal’adagilarning zaiflashgani sezildi. Zero, ular o‘zlari
uchun o‘limdan boshqa yo‘l yo‘qligini anglab, matonat bilan jang
qilishar, biroq, erigan temur tog‘i oqimi shiddat bilan to‘xtashni
bilmay, qal’a devorlariga urilar, har urilganda yana ham
balandlashardi. Oxiri bu oqim devorlardan oshib, qal’a ichini to‘ldirdi.
Amir Temurga qal’adagilar butunlay tor-mor qilinganini aytishdi.
Sohibqiron bu xabarni eshitar ekan, boshqa narsani o‘ylardi. U
betoqat edi. U o‘zi kutgan gapni eshitishni intiq kutar, ammo o‘zi
ochiqdan-ochiq so‘rashga yuragi betlamasdi. “Demak, o‘g‘lim…”
Amir Temur ko‘ksi zirqirab og‘ridi. U qurchilar boshlig‘iga tikilib:
“O‘g‘limni toping!” deb buyurdi. Ammo qidirishlar bekor ketdi.
O‘g‘lining na tirigi, na o‘ligi topildi. Amir Temur bu haqda xabar
bergan yaqinlariga darg‘azab tikilar, ularni qayta-qayta qidirishga
majbur qilardi.
Jahongir o‘g‘lini jasur va o‘ktam qilib tarbiyalagan edi. Qilich tutgan
qo‘li baquvvat bo‘lsin deb kecha-kunduz mashq qildirdi, yuragi