tarkibining zaruriy va fakultativ belgilari Qilmish o‘z-o‘zidan jinoyat deb topilmay, qonun chiqaruvchi
tomonidan chiqarilgan jinoyat-huquqiy normalarda, aniqrog‘i, JK Maxsus
qismi aniq moddalarida belgilangan jinoyat belgilari bilan
solishtirilgandan keyingina shunday to‘xtamga kelish mumkin.
Jinoyat tarkibining barcha belgilarini tashkil etuvchi ijtimoiy xavfli
qilmish sodir etish jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli asosdir, ya’ni
jinoyat-huquqiy ta’qibni amalga oshiruvchi organ gumonlanuvchi
(ayblanuvchi)ni jinoiy javobgarlikka tortish uchun uning qilmishida
jinoyat tarkibi mavjudligini aniqlashi lozim.
JK Maxsus qismi moddalari jinoyatning konstruksiyasini, ya’ni
obyektiv va subyekt elementlarini ajratib ko‘rsatadi.
Jinoyat tarkibi elementlari quyidagilar hisoblanadi:
– jinoyat obyekti;
– jinoyatning obyektiv tomoni;
– jinoyatning subyekt tomoni;
– jinoyat subyekti.
Obyektiv elementlarga jinoyat tarkibining obyekti va obyektiv
tomoni kiradi.
Subyekt elementlarga subyekt va subyekt tomon kiradi.
Jinoyat tarkibi elementlari bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Agar sodir
etilgan qilmishda yuqorida ko‘rsatilgan elementlardan birortasi mavjud
bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikka tortishga asos ham bo‘lmaydi.
Boshqa barcha holatlar (aybdorning shaxsini ifodalovchi va boshqa
holatlar) jinoiy javobgarlikka tortishda ahamiyatga ega emas. Ammo bu
holatlar sud tomonidan jazo tayinlashda e’tiborga olinishi mumkin.
Qilmishda jinoyat tarkibining mavjud emasligi jinoyat qidiruv ishlari olib
borilishini taqozo etmaydi. Agar jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, jinoyat
tarkibi yo‘qligi sababli tugatilishi lozim.
Har bir jinoyat tarkibida uning elementlarini va umuman tarkibni
tashkil etadigan va muayyan jinoyat tarkibiga xos bo‘lgan belgilar mavjud.
Obyektiv va subyekt elementlar zaruriy va fakultativ belgilarga ega.
139