tilshunoslikning qiyosiy-tarixiy davri. Bu davrda til sistemalarining kelib chiqishiga asosiy urg‘u berilib, til yaxlit olinib, uning birliklarini lisoniy va nutqiy turlarga ajratish masalasiga e’tibor qaratilmadi;
tilshunoslikning sistem-struktur davri. Bu davrda tillarning sistemaviy xususiyatlariga, til birliklarini lisoniy va nutqiy turlarga ajratishga asosiy urg‘u berilib, lisoniy imkoniyatlarning nutqiy voqelanishiga e’tibor qaratilmadi;
tilshunoslikning antrposentrik davri. Bu davrda til sistemalarining amal qilish xususiyatlariga, lisoniy imkoniyatlardan kishilarning nutqda amaliy foydalanish samaradorligiga e’tibor qaratila boshladi. Har bir davr o‘z fani oldiga muayyan maqsad va aniq talablarni qo‘yadi. “Fanlarning taraqqiyoti shu davrning ilg‘or falsafiy fikri, davr uchun yetakchi bo‘lgan fan sohalarining yutuqlari bilan uzviy bog‘liq. Turli fanlarning manbalari ko‘p qirrali bo‘lganligi sababli, davrning yetakchi falsafiy fikri fanlardan o‘rganish manbaining qaysi tomonlariga alohida e’tibor berish lozimligini, borliqdagi mavjud qonuniyatlarni mantiqiy kategoriyalarda qay usulda aks ettirish yo‘llarini belgilab beradi” (H.Ne’matov). Shu asosda aytish mumkinki, zamonaviy o‘zbek tilshunosligi sistem-struktur davrining ilk bosqichi bo‘lgan formal (an’anaviy) tilshunoslik dialektika nuqtayi nazaridan, tildagi UMIS va AHVOni bir-biridan izchil farqlamay tasnif etish bosqichi hisoblanadi. Chunki bu davr tilshunosligi zimmasiga ularni aniq farqlash vazifasi yuklatilmagan edi.
II. Til, lison va nutq munosabati. Lisoniy va nutqiy birliklar. Lisoniy paradigma va uning turlari. XX asr boshlarida Yevropa ilmiy-falsafiy ta’limotiga Fridrix Hegel dialektik usulining keng kirib borish fizikada to‘ntarish hisoblangan Albert Eynshteyn nisbiylik nazariyasining shakllanishi va rivoji tilshunoslikka ham katta ta’sir ko‘rsatdi – tildagi umumiy va xususiy jihatlarni farqlashga turtki bo‘ldi.
Tilshunoslikda lison va nutqni izchil farqlab o‘rganish avvalo, tilshunoslar Vilhelm fon Humboldt, Boduen de Кurtene va Ferdinand de Sossyur nomi bilan bog‘liq. Lison va nutqning farqlanishi, tilga sistema sifatida yondashuv XX asr jahon tilshunosligida tub burilish sifatida baholanadi. Chunki u til ilmidagi mavjud qarashlarni tubdan o‘zgartirib yubordi.
Tilga, xususan, o‘zbek tiliga sistema sifatida yondashuvning dastlabgi yillarida lisono‘rnida til atamasi qo‘llanib, bu so‘z ko‘p ma’nolilik tabiatiga ega bo‘lganligi sababli ayrim chalkashliklarni keltirib chiqarar edi. Chunonchi, insonning nutq so‘zlash qobiliyati ham, nutqi ham til atamasi bilan yuritilar edi. Shu boisdan tilshunoslar UMISning tildagi ko‘rinishiiga nisbatan lisonatamasini qabul qildilar. Dunyodagi biror tilshunoslikda lison va nutq hamda ularning majmui o‘zbek tilshunosligidagidek terminologik aniqlikda ifodalanmagan.
Fanimizda til, lison, nutqva ularni tutashtiruvchi me’yor munosabati quyidagicha tushunildi (2-jadval):
2-jadval
TIL
LISON
ME’YOR
NUTQ
Yuqorida UMIS va AHVOning tildagi tajallisi (aksi) misolida lison va nutqning o‘zaro munosabati haqida kirish mazmunida so‘z yuritildi. Quyida unga batafsil to‘xtalinadi.
Til – tafakkurni shakllantirish va rivojlantirishga, borliq haqidagi bilimlarni xotirada qat’iy sistema sifatida saqlashga, axborot uzatish va qabul qilishga xizmat qiluvchi muhim (birlamchi) ijtimoiy-ruhiy kommunikatsiya vositasi bo‘lib, u o‘z ichiga UMIS va AHVOlarni ham, UMISning AHVOga aylanish qonuniyatlarini ham qamrab oladi. Til lison va nutqdan iborat bo‘lganligi sababli lisoniy va nutqiy sath birliklarini umumlashtirib, til birliklari deyish mumkin. Fonema, tovush, morfema, qo‘shimcha, leksema, so‘z, qolip, hosila til birliklaridir.
“Lison” tushunchasi haqida ma’lumot. Lison– ma’lum bir til jamiyatning barcha a’zolari uchun ajdodlar tomonidan tayyor holga keltirib qo‘yilgan, umumiy va majburiy, fikrni shakllantirish, ifodalash, uzatish va boshqa maqsadlar uchun xizmat qiladigan vosita (birlik) lar hamda ularning o‘zaro birikish qonuniyatlarining ongdagi sistemasi. Ajdodlar tomonidan bizga tegishli fonemalar, leksemalar, iboralar, morfemalar hamda ularning o‘zaro birikish qoidalari qoldirilgan. Ular bizning ongimizda nutqda qo‘llanish uchun shay holatda turadi. Lisonga xos birliklar lisoniy birlik deyiladi. Lison va nutq tilshunoslikda sath atamasi bilan yuritiladi. Demak, til lisoniy sath va nutqiy sathdan iborat.
Har qanday lisoniy birlik virtual xususiyatga, ya’ni ongga mansub mavjudlik tabiatiga ega. Shu bilan birga, ular quyidagi ikki tomonning bir butunligidan iborat:
a) shakliy jihat;
b) mazmuniy jihat.
Lisoniy birlik UMIS sifatida mavjud ekan, u moddiylikdan xoli bo‘lmog‘i lozim. Bunda “lisoniy birlikning shakliy jihati” moddiylikka ishora qilmaydimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. To‘g‘ri, lisoniy birlik moddiylikdan xoli. Biroq ular ongda qandaydir ramz sifatida saqlanadi. Masalan, [a] fonemasining talaffuz xususiyati haqida umumlashma tasavvur o‘zbek tilida so‘zlashuvchi barcha jamiyat a’zolari ongida мавжуд. Bu [a] fonemasining shakli, tashqi tomoni hisoblanadi, uning ma’no farqlash tomoni ichki, mazmuniy jihati sanaladi. [a] fonemasi ana shu nisbiy shakl hamda mazmunning yaxlitligi sifatida ongda mavjud.
Har qanday UMIS ongda ma’lum bir mavjudlik sifatida yashaydi. Mavjudlik shaklsiz bo‘lmaydi.
Har bir fonemaning ma’no farqlash (mazmuniy) va talaffuz (shakliy) xususiyatlarining ongdagi umumlashmasi o‘ziga xos, biriniki ikkinchisinikidan farqlanadi.
Lisoniy birliklarning tashqi va ichki tomonini bir-biridan ajratish mumkin emas. Ular et bilan tirnoq kabi yaxlit bo‘lganligi sababli “dialektik birlikda” deyiladi. Boshqacha aytganda, lisoniy birlikdagi ichki va tashqi jihatlar bir varaqning ikki tomoniga o‘xshaydi, ularni ajratish mumkin emas.