Qirg‘inbarot janjalda chopilganu chopgan qo‘shnilarning har ikkalasi ham o‘lib
ketishdi-yu, o‘sha yili ko‘klam kelishi bilan na’matak o‘z ildizidan qayta nish urib
chiqdi. Oradan yillar o‘tib esa, yuqoriga ancha bo‘y cho‘zib, ko‘zga ko‘rinib qoldi.
Endi yana atrof-javonibda uyg‘onish fasli! Qushlar chug‘ur-chug‘ur qo‘shiq aytadi,
arilar g‘o‘ng‘illaydi, shaboda ham yana o‘z tilida olamlar o‘tmishidan,
odamlar
kechmishidan shivirlab nimalarnidir zamzama qiladi. Xullas,
ushbu ajib
manzaraning shohidi bo‘lgan najib kishining bahri dili xuddi mavsumning o‘zidek
qulf urib ochiladi-ketadi... Ammo shabodaning tilini tushungan qayda?.. Yaproqlar
shiviridan tuproqlar sirini uqadiganlar hali ham tug‘ilyaptimikan o‘zi dunyoda?!..
Tuproqlar
bag‘riga
yashirilgan
Yaratganning
imlosini-chi!?..
Birinchi kun
Ana, olam go‘zalligini kuylash uchun bani odam ham go‘shasini tark etdi: yoshgina
qiz shitob bilan ayvondan tashqariga otilib chiqdi-da, negadir boqqa qarab chopdi
va na’matakning yonidan o‘tayotib qo‘qqisdan oyoq ildi. Shu ko‘yi butaning gulga
kirgan yoshgina novdasiga qiziqsinib tikilib qoldi. Ayni damda deng, narigi hovli
tarafdan ham taxminan shu qizchaga tengdosh, – balki bir-ikki yosh kattaroqdir, –
mo‘ylabi endi sabza ura boshlagan o‘spirin paydo bo‘lib, to‘g‘ri shu yoqqa odimladi.
Kelib,
qizchadan:
“Nimani
tamosha
qilyapsan?”
deb
so‘radi.
– Otini bilmayman. Ammo guli chiroyli ekan, qara! Sen bilasanmi buning ismini? –
savolga savol bilan javob berdi qizcha. Yigitcha “Yo‘q” degandek bosh chayqadi.
“Lekin chindanam chiroyli ekan” degancha egilib gulni hidladi...
– Chiroylilikka chiroyli, ammo uning dastidan... uning dastidan!.. – Qizcha davom
etolmadi, gapi bo‘g‘ziga tiqildi, turgan o‘rnida tebrandi, qalqindi, so‘ng
birdan
keskin
burildi-da, ho‘ngrab yig‘lagancha uyi tomon yugurgilab ketdi...
Dostları ilə paylaş: