1-2. Beruniy hind va yunon mifologiyasi badiiyati haqida.
Abu Rayhon Beruniy «Hindiston» kitobida «Hindlarning aqliy va xissiy mavjudodlar haqidagi tasavvurlari » deb atalgan uchinchi bobida Yunon shoiri Homerning «Iliada» va «Odisseya » asarlari asosida halq poetik-estetik tafakkuri-mifologiyasi bilan diniy e’tiqodlari o’xshash ekanligini ko’rsatadi. «Hindlar tovushni, musiqani samoviy, ilohiy deb e’zozlaydilar. Shuning natijasida Hindistonda necha ming yillar davomida musiqa va raqsga juda katta e’tibor berib keladilar. ( «Baydju Bavra», «Mirzo G’olib», «Daydi», «Ramayana», «Mahabhorat» badiy filmlarida she’rlar va duolar musiqa bilan, kuylanib aytilishi ham Beruniyning mazkur fikrini tasdiqlaydi).
Yana shu o’rinda Beruniy hindlarning musiqani, tovushni samoviy deb e’tiqod qilishining sababini, bundan «Maqsadlari nima ekanini bilmayman. Bu, gumonimcha, yunon shoiri Xomerning «turli kuylar egasi bo’lgan etti zot bir-birlariga chiroyli tovush bilan gapirib, (qushik tarzida) javob beradilar deganiga o’xshaydi». Beruniy qadimgi yunonlarning poetik dahosi timsoli bo’lmish Xomerning bu so’zlarini sharhlab aytadiki, u (Xomer) etti zot deb, etti yulduzni kO’zda tutadi. «Shuningdek, Xomerdan boshqa shoirlardan biri yozishicha turli kuylarda jaranglovchi falaklar ettita bo’lib, ular (samoda doimiy) harakat qilib turadilar va yaratuvchiga sajda qiladilar»8 Abu Rayhon Buruniyning bu fikri «Qur’oni karim»da bayon qilingan islomiy e’tiqodlar, aqidalarga ham yaqin turadi. «Ash-Shamsu va-l-Qamaru yasjudoni» (Quyosh va Oy Yaratganga doimiy sajda qilib, harakatlanur.). Demak, hind musiqasi va raqslarining ko’zni qamashtiruvchi tezligi va shiddati samoviy mavjudotlar –yulduzlar, sayyoralarning Qutb yulduzi (Oltin Qoziq) atrofida harakatlanishi- Tangriga sajda, ibodat qilib, kuylab, raqsga tushishiga o’xshatilar ekan.
Ammo yulduzlarning kuyi, tovushini har kim ham eshita olmaydi. Bu kuylarni eshitish uchun nozik sezgilar egasi bo’lish zarur. Beruniy «Hindiston» kitobida yunon faylasufi Porfiriyning «Fozil faylasuflarning falak tabiati haqidagi qarashlari» kitobidan Pifogorus va Divjonus (Dionisiy) osmon jismlari yoqimli tovushlarda tarannum qilishlari bilan harakat qilganlarida mislsiz va shaklsiz yaratuvchilar borligiga dalolat qiladilar deganligini aytadi. (Hindlar ham, yunonlar ham mushrik bo’lib, yagona yaratuvchidan boshqa farishta maqomidagi yulduzlarni ham Tangrilar deb o’ylashlarini Beruniy yaxshi bilgan) U, Divjonus (Dionisiy) o’z sezgisining nozikligi tufayli falakdagi harakat tovushini eshita olgan, deb tushuntiradi.
Beruniy «Hindiston» asarining yigirma birinchi bobida hind va yunon faylasuflarining qarashlaridagi umumiylik, o’xshashlik haqida fikr yuritib, Homer dostonidan quyidagi baytlarni keltiradi: «Sen (Zevs) osmonni sayyoralar, uchun abadiy makon qilding, uni (efirni) shamollar qo’zg’ata olmaydilar, qorlar uni yo’q qilolmaydi, balki bunda havo ko’mko’k, ochiq bo’lib, uni berkitadigan bulut yo’q».
Beruniy Homerning poetik tasviridan so’ng Aflotunning quyidagi so’zlarini keltiradi: «Tangri (Zevs) etti planeta-sayyoraga qarata, Sizlar ma’budlar ma’budisiz, men hamma amallaringizni bunyod qilguvchiman, sizlarni kamchiliksiz qilib yaratguvchiman. Chunki, har bir bog’langan narsa (bu erda sayyoralarning samoda bir doiraga bog’lanib, bir yo’lda harakatlanishi ko’zda tutilsa kerak) echilsa ham (ya’ni, Xudo yaratib, o’sha makonga joylashtirib, so’ng o’z holiga tashlab qo’ysa ham –N.S.), tartibi yaxshi bo’lsa, hech biri buzilmaydi (ya’ni, sayyoralar hech qachon o’z harakatida belgilangan yo’lidan chetga chiqmaydi).
Beruniy shundan so’ng Arastuning Iskandarga maktublarida aytilgan quyidagi fikrini keltiradi. Osmon yoritqichlar (Quyosh va boshqa sayyoralar, yulduzlar) Xudo (ruhi va «jismi») bilan to’liqdir. Erni suv o’rab turadi, suvni havo o’rab turadi, havoni olov qurshab turadi, olovni efir o’rab turadi. Demak, efir (Arsh) barcha sayyoralar, jumladan, Quyoshdan ham baland va olisdadir. Arastu fikricha, osmonning eng yuqorisida ma’bud-«tangrilar», eng quyisida suvda yashovchi hayvonlar joylashgan9.
Hindlarning «Boju-Purona» kitobida erni suv (okean, ummon), suvni sof olov, bu olov qavatini shamol, uni osmon, osmonni Tangri qamrab olgan.
Shunisi e’tiborga molikki, Beruniy «Hindiston» asarida «Vasudeva to’g’risida va Bxarata urushlari» deb nomlangan qirq ettinchi bobida halq poetik ijodi maxsullari bo’lgan doston, eposlarida tasvirlangan voqealar va shaxslarni ham tarixiy jihatdan holis-ilmiy metodologiya asosida tekshiradi va tahlil qiladi. Beruniy fikricha, agar er yuzini bir xil (mevasiz) daraxt yoki bir hil (erkak yoki urg’ochi) hayvon butunlay qoplab olsa, bu holda hayvonning ko’payishiga ham, daraxtning o’sishiga ham o’rin (joy) qolmaydi. Shu sababli dehqonlar ekinlarini o’toq qilib, keraksizini yulib tashlaydi. Asalarilar ham o’z jinsidan bo’la turib, ishlamay, kuvadagi asalni bekorga eb yotadiganlarini o’ldirib tashlaydi.10
Beruniy fikricha, dehqon yoki bog’bon kabi, tabiatning o’zi ham xudi mana shunday ish qiladi. Ko’rinib turibdiki, Beruniy ingliz olimi Charlz Darvindan 800 yil avval tabiiy tanlanish qonuniyatini kashf etgan. Beruniy o’z fikrini bunday rivojlantiradi: «Lekin tabiat yaxshini yomondan ayirmasdan, hammasiga bir xilda ta’sir qilishi orqasida daraxtning barglarini to’kib, meva qilishdan qoldirib, quritadi (alloma agar inson vaqtida sug’orib, parvarish qilmasa, demoqchi shekilli-N.S.). Dunyo ham shunga o’xshashdir. Qachon xalqlarning ko’payishi bilan (va axloqiy, ma’naviy tanazzul, inqiroz sababli-N.S.) Dunyo buzilsa, yoki buzilishga yaqin etsa, Dunyo va undagi bor narsalarni saqlaguvchi, uning har bo’lagiga marhamati umumiy (teng) bo’lgan, tadbirkor (Xudo) ko’pchilikni kamaytiradigan, va hamma yomonlik ildizini tagidan qirqadigan bir zotni yuboradi (Islomiy aqidaga ko’ra, Muhammad payg’ambar shunday odam hisoblanadi-N.S.). Hindlarning da’volariga ko’ra , Vasudeva ham shularning jumlasidan bo’lib, Er yuzi jabru zulm bilan to’lib, unda yashovchilarning ko’pligidan, oyoq bosib yurishlaridan Er chayqalib turgan vaqtda eng oxirgi marta Matxura shahri (mamlakat poytaxt-shahar nomi bilan atalsa kerak, yunonlardagi Afina davlati kabi-N.S.) hokimi Kansa (Xansa)ning singlisidan (Vasudeva, hindlar fikri, e’tiqodicha-iloh) inson qiyofasida tug’iladi. … Ammo, singlisining to’yi kunlarida (mamlakat hokimi Kansa): «Sening o’liming singling bolasi tarafidan bo’ladi» degan ovoz-nidoni eshitgan edi. Shuning uchun, singlisi tug’ishi bilan maxsus odam yuborib, u bola o’g’il bo’lsa ham, qiz bo’lsa ham tezdan o’ldirar edi».
Beruniy hindlarning ilohi hisoblanuvchi Vasudeva- Krishnaning sirli tug’ilishini hind poetik ijodi-eposida tasvirlanganiday, badii shaklda, ravshan, obrazli manzaralar orqali tasvirlaydi: «Bu (Vasudevaning tug’ilishi) yomg’irli kechada, xadrapada oyining qorong’u yarmining sakkizinchisida oy Rohine manzilida tulu qilganida bo’ladi. (Hokim) Kansaning poyloqchilari qattiq uyquga ketgan vaqtida otasi bolani o’g’irlab, ya’ni (enaga) Jasuning eri Nandaning qoramol bog’laydigan og’iliga ko’tarib boradi. U joy Matxuraning yaqinida bo’lib, ikkalasi o’rtasida Jamuna daryosi oqar edi»11
Beruniy badiiy til bilan hikoya qilishicha chaqaloq (Vasudeva) keltirgan vaqtda (cho’ponning xotini) Jasu ham qiz farzand tuqqan ekan. Ota chaqaloq Vasudevani Jasuning qiziga almashtirib, ko’tarib, poyloqchilarga olib borib, o’g’lining o’rniga beradi. Hokim Kansa (Xansa) chaqaloq qizni o’ldirmoqchi bo’lganida, u osmonga ko’tarilib, ko’zdan g’oyib bo’ladi (Bu albatta, hind poetik, badiiy tafakkurining mahsulidir-N.S.) Cho’ponning xotini Jasu bo’lsa, chaqalog’i almashtirilganidan bexabar Vasudevaga sut emizadi, tarbiyalab o’stiradi.
Hind xalqi-poetik tafakkurining durdona asrlaridan hisoblanmish «Bxagavadgita» eposida Vasudevaning bolaligi, o’sib ulg’ayishi, qahramonliklari batafsil tasvirlangan. Beruniy «Hindiston» asarida bu tavsilotlardan yaxshi xabardor ekanligi ko’rinadi: «(O’smir Vasudeva) bir kuni yo’lda ketaturib, hokim Kansaning g’azabini qo’zg’aydigan bir muncha ishlarni qilib qo’yadi: Kansaning (xovuzdagi) nilufarini qo’riqlab yotgan ilonni engib, tumshug’idan bog’lab, (etaklab yuradi). Bolani o’ldirish uchun qo’yib yuborilgan mast filni o’ldiradi. Kansa yosh Vasudevani yo’qotish uchun juda ko’p makr-xiylalar ishlatadi, lekin hammasi o’ziga zarar bo’lib qaytadi. Nihoyat, Kansa Vasudevani o’ziga xizmat qiluvchi paxlovonlardan biri bo’lishini istaydi. Xizmat vaqtida ham Vasudeva ko’p qahramonliklar ko’rsatadi.
Ko’rinib turibdiki, Vasudevaning bu qahramonliklari Yunon mifologiyasidagi Geraklning qahramonliklarini eslatadi. Beruniy bu o’rinda Geraklni eslatmaydi. U, «Hindiston» kitobining boshqa boblarida Geraklni tilga oladi. Atoqli sharqshunos olim Najmiddin Komilovning «Beruniy va Gomer» maqolasida xorazmlik allomaning «Iliada» dostonida tasvirlangan voqealar va qahramonlar haqidagi fikrlariga e’tiborimizni qaratadi.12
Abu Rayhon Beruniy jahon madaniyati tarixida birinchi marta hindlar va yunonlarning estetik tafakkuri maxsullari bo’lgan asotirlar, mifologik tasavvurlarni va u tasavvurlar asosida vujudga kelgan badiiy asarlarni qiyosiy o’rganib, ilmiy tadqiq etgan yagona olimdir.
Hindistonda ham, Yunonistonda ham xalq og’zaki poetik ijodi yuksak darajada rivojlangan. Beruniy asarlarida haqqoniy tadqiq etilgan hindlar va yunonlarning estetik tafakkuri, estetik faoliyati benihoya yuksak rivojlangan. Mana shu yuksak estetik faoliyat sababli xalq poetik ijodi asarlarida tasvirlangan voqealar, bu voqealarning qahramonlari, ular bilan bog’liq tabiat hodisalari diniy e’tiqodga aylanib ketgan.
Beruniy hindlarning tanosuh (ruhlarning turli zamonlarga va turli odamlarga ko’chib yurishi) haqidagi ta’limotiga ko’ra, Vasudevaning bu dunyoga oxirgi marta qanday sabab bilan kelishini tushuntiradi.
Dostları ilə paylaş: |