II BOB. BYUDJET IJROSINI TASHKIL ETISHDA G‘AZNACHILIK FAOLIYATINING ZARURLIGI, XUSUSIYATLARI VA AHAMIYATI
2.1. G‘aznachilikning davlat byudjeti xarajatlari ijrosini tashkil etishdagi faoliyati xususiyatlari va uni takomillashtirish
Mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiyalash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sharoitida davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonning o‘ta muhim qismlaridan biri sifatida umumdavlat moliya tizimining bosh bo‘g‘ini - davlat byudjetini boshqarish, byudjet jarayonini tashkil etishni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, xususan byudjet ijrosida kassali tizimdan jahon amaliyotida sinalgan va o‘zining ijobiy natijalarini bergan davlat byudjetining g‘azna ijrosiga o‘tish amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining ―Davlat byudjetining g‘azna ijrosi to‘g‘risida‖gi Qonunining ishlab chiqilishi davlat mablag‘larini taqsimlash va ulardan foydalanishni tartibga soluvchi navbatdagi qadam bo‘ldi. G‘aznachilikni joriy etish byudjetning daromadlar qismida tushumlarning to‘liq va o‘z vaqtida tushishini va xarajatlar qismida byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishining nazoratini kuchaytirish va pul oqimlarini samarali boshqarish imkonini beradi.
Bunda davlat moliyasini boshqarish shakllari va usullarini takomillashtirish, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlari, elektron hisoblash mashinalari va boshqa texnik vositalar yordamida axborotni jamlash, qayta ishlash, uzatish qoidalari va usullarini o‘zlashtirish asosida axborotlashtirishni yanada rivojlantirish talab etiladi.
G‘aznachilik tizimining avval amal qilgan tizim oldidagi yana bir ustun tomonlaridan biri bu vaqt menejmenti nuqtai nazaridan, insonning eng qimmatli ―resurs‖laridan biri bo‘lmish vaqtning tejalishidir, ya’ni bunda tovar yetkazib beruvchi va byudjet tashkiloti o‘rtasidagi hisob-kitoblar oldingi muddatga nisbatan 2-3 baravar qisqargan. Kelajakda esa barcha operatsiyalar avtomatlashtirilgan tarzda hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirilishi mablag‘larning shartli aylanish tezligining keskin oshishini ta’minlaydi.
G‘aznachilik tizimida amaldagi ko‘p vaqt va mehnatni talab qiluvchi soliq to‘lovchilarning mablag‘larini respublika va mahalliy byudjetlar hisobraqamlariga kelib tushishi oldidan ko‘plab tranzit hisobraqamlaridan o‘tib kelishini talab qiluvchi jarayon o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjetning barcha daromadlari Markaziy bankdagi yagona hisobraqamiga kelib tushishini ta’minlovchi tizim shakllanmoqda.
Mamlakatimizda G‘aznachilik tizimi asta-sekin shakllanib bormoqda. Shunga qaramasdan, o‘tgan qisqa fursat mazkur tizim faoliyatini baholash, uning yutuq va kamchiliklarini aniqlash bo‘yicha muayyan xulosalar qilish imkonini beradi. Negaki, yangi mahkamaning faoliyatida muayyan muammolar ham yuz bermoqdaki, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish G‘aznachilik organlari ishini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 sentyabrda imzolangan ―Byudjet tashkilotlarini mablag‘ bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida‖gi 414-sonli qarorida moliyaviy yil keyingi yilning 15 yanvarida tugashi belgilangan. Lekin shunga qaramasdan, tugayotgan yil dekabr oyining ikkinchi yarmidan byudjet hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazish to‘xtatila boshlanadi. Natijada byudjet mablag‘larining muayyan qismi G‘aznachilik tizimining aybi bilan ishlatilmasdan qolmoqda. Go‘yoki sun’iy ravishda byudjet mablag‘lari iqtisod qilinmoqda.
Byudjet tashkilotlariga ularning hisobvaraqlaridan ko‘chirmalar o‘z vaqtida berilmayapti. Bu esa tashkilotlarda mablag‘lardan qay tarzda ishlatilayotganligi haqida o‘z vaqtida axborot olish va tegishli xulosalar qilish imkoniyatini bermayapti.
G‘aznachilik organiga topshirilgan shartnomalar uch ish kunida ko‘rib chiqishi belgilangan. Amalda esa bu muddat ko‘p hollarda 10-15 kunga cho‘zilib ketmoqda. G‘aznachilik tizimining ayrim xodimlari byudjet tashkilotlaridan turli-tuman qo‘shimcha ma’lumotnomalar talab qilish yo‘li bilan shartnomalarni o‘z vaqtida rasmiylashtirmayaptilar. Natijada byudjet tashkiloti turli hamkorlari oldida o‘ziga olgan majburiyatlarini bajarish imkoniyatini yo‘qotmoqda.
G‘aznachilik tizimi xodimlari moddiy-texnik resurslar va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tuzilayotgan shartnomalarni ko‘rib chiqishda asosan narxi past bo‘lgan takliflarni o‘tkazishga harakat qilishadi. Lekin bahoning past bo‘lishi sotib olinayotgan tovar va xizmatning sifatli bo‘lishini kafolatlay olmaydi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va byudjet tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar tuzish tartibini qayta ko‘rib chiqish taqozo etiladi.
Byudjet tashkiloti bilan tovar yetkazib beruvchi o‘rtasida tuziladigan shartnomada huquqshunos imzosi yoki xulosasining g‘azna organi xodimi tomonidan qonuniy talab etilishini ijobiy holat deb baholash mumkin. Negaki, bu holatda G‘aznachilik organi xodimi keyinroq yuzaga chiqishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarning oldini oladi, biroq ko‘pgina byudjet tashkilotlari yuridik ma’lumotli xodimga ega emas, ular pullik yuridik xizmatdan foydalanishga majbur bo‘ladilar, ushbu xizmatga ketadigan xarajat ayrim hollarda tuziladigan shartnoma qiymatidan oshib ketmokda. Shuning uchun ham ma’lum me’yorni belgilab, uni huquqiy asoslab qo‘yish maqsadga muvofiq. Demak, kelajakda davlat byudjeti g‘azna ijrosining xuquqiyme’yoriy asoslarini yanada takomillashtirish lozim ekanligi ko‘rinib turibdi.
Byudjet ijrosi hisobotini olib borish bo‘yicha g‘aznachilik organlari mas’uliyatini oshirish ham hal qilinishi talab etilayotgan kamchiliklardan biridir. Negaki, G‘aznachilik organi xodimlarining huquq va burchlari qatiy ravishda belgilanib, ular barcha byudjet tashkilotlariga yetkazilsa, ish sifati o‘z-o‘zidan oshishi ma’lum. Ayni paytda byudjet tashkilotlari mazkur tizim xodimining har bir talabini bajarishga majbur bo‘lishmoqda.
Yagona g‘azna hisobvarag‘ini amaliyotga joriy etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Byudjet tashkilotlari xarajatlarini ijro etishda tijorat banki hisobvarag‘idan foydalanish davom etmoqda. Konsepsiyaga muvofiq, davlat byudjeti mablag‘larini samarali boshqarish, byudjet mablag‘larining oluvchilariga bo‘lgan muddatlarni qisqartirish, turli darajadagi byudjet tizimidagi tushumning markazlashtirilgan hisob-kitobini yuritishni ta’minlash, davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risida tezkor axborot olish, byudjet mablag‘lari oqimlarining harakatini optimallashtirish maqsadida davlat byudjeti mablag‘lari Yagona g‘azna hisobvarag‘ida jamlanishi kerak. Lekin uni joriy etish ishlari sust kechmoqda. Tijorat banklarida ayrim hollarda ba’zi sabablarga ko‘ra moliyaviy resursning bo‘lmasligi xarajatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish ishi muddatini kechiktirmoqda, ya’ni kassali uzilishlar kuzatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida Yagona g‘azna hisobvarag‘ini amaliyotga joriy etish ishini jadallashtirishni talab etmoqda.
Dostları ilə paylaş: |