Oddiy transkripsiya faktori DNKga maʼlum bir nishon ketma-ketligi orqali bogʻlanadi. Shundan soʻng transkripsiya faktori RNK polimerazaning gen promoteri bilan bogʻlanishini qiyinlashtiradi yoki osonlashtiradi.
Baʼzi transkripsiya faktorlari transkripsiyani aktivlaydi. Masalan, ular quyidagi rasmda koʻrsatilgandek, transkripsiya umumiy faktorlari va/yoki RNK polimerazaning promoterga bogʻlanishiga yordam berishi mumkin.
5 - rasm
Rasmda aktivatorning maxsus DNK ketma-ketligiga birikkani tasvirlangan. Transkripsiya aktivatorining boshqa (DNKga bogʻlanmagan) uchi esa umumiy transkripsiya faktorlari bilan taʼsirlashadi, bu esa unga promoter yaqinidagi umumiy transkripsiya faktorlari va polimerazani yigʻishga yordam beradi.
Repressorlar
Boshqa bir transkripsiya faktorlari transkripsiyani repressiyalaydi. Repressiya turli usullarda amalga oshiriladi. Misol uchun, repressor bazal transkripsiya faktori yoki polimeraza yoʻlini toʻsadi, shunda ular promoterga bogʻlanmaydi yoki transkripsiyani boshlay olmaydi.
6 - rasm
Rasmda repressorning DNK maxsus ketma-ketligi, yaʼni bogʻlovchi saytiga birikkanligi keltirilgan. Repressor saytga birikkach, yaqinidagi gen promoterida transkripsiya initsiatsiya kompleksi hosil boʻlishini bloklaydi.
Bogʻlovchi saytlar
Transkripsiya faktorlarining bogʻlovchi saytlari genning promoter qismiga yaqin joylashgan. Lekin DNKning boshqa qismlarida joylashishi ham mumkin, ayrim hollarda esa promoterdan ancha uzoqda joylashsa-da, genning transkripsiyasiga taʼsir qiladi.
7 – rasm
Aktivator oqsil qismlari quyidagilardan iborat: DNKga bogʻlanuvchi (DNKdagi oʻzi taniydigan saytga bogʻlanadi) va aktivlovchi domen. Bular ishining “yakuniy natijasi” transkripsiyani ragʻbatlantirish (aktivlash)dan iborat. Masalan, transkripsiya initsiatsiya kompleksini hosil qilishga yordam beradi.
DNKning egiluvchanligi transkripsiya faktorlari uchun masofadan turib ham oʻz vazifasini bajarishga imkon yaratadi. DNK halqalari xuddi pishirilgan spagetti kabi egilib, bogʻlovchi saytlarni va transkripsiya faktorlarini uzoqda joylashgan umumiy transkripsiya faktorlari yoki “mediator” oqsillarga yaqinlashtirishi mumkin.
Yuqoridagi animatsion filmda uzoq masofada joylashgan aktivlovchi transkripsiya faktori RNK polimerazani promoterga bogʻlashga va transkripsiya boshlanishiga yordam berishi koʻrsatilgan.